Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Zomin tog‘larida yana yong‘in sodir bo‘ldi
Zomin milliy tabiat bog‘i hududida yong‘in sodir bo‘ldi. Uni o‘chirishga FVVning 55 nafar yong‘in-qutqaruvchilari jalb etildi. Hodisa natijasida 10 sotix maydon zarar ko‘rdi.
8 avgust kuni Jizzax viloyatining Zomin tumanidagi tog‘ hududida yana yong‘in sodir bo‘ldi. Ijtimoiy tarmoqlarda hodisa aks etgan videolar tarqaldi.
FVV matbuot xizmati Zomin milliy tabiat bog‘i hududida yong‘in sodir bo‘layotgani to‘g‘risida Jizzax viloyati FVBga 8 avgust kuni soat 16:37da xabar kelib tushgani, zudlik bilan FVV yong‘in-qutqaruv guruhlari voqea joyiga yetib borgani haqida ma'lum qildi.
Soat 18:20da yong‘in o‘chirilgan. Yong‘inni o‘chirishda FVVning 55 nafar yong‘in-qutqaruvchilari ishtirok etgan. Yong‘in natijasida 10 sotix maydon yonib zararlangan. Mazkur hodisa oqibatida jabrlangan va halok bo‘lganlar yo‘q.
Eslatib o‘tamiz, 1 avgust kuni ham Zomin tumani O‘riklisoy qishlog‘i yaqinidagi o‘rmon hududlarida yirik yong‘in yuz bergandi. FVV ma'lumotlariga ko‘ra, 80 gektar maydonda quruq o‘t va daraxtlar yongan, olovni o‘chirishga 1600 nafarga yaqin kishi jalb etilgandi.
2 avgust kuni ushbu hududda yana yong‘in sodir bo‘lgani haqida xabarlar tarqaldi. Ammo Jizzax viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi buni rad etib, hududda yong‘indan keyingi tozalash ishlari amalga oshirilayotgani, vaziyat to‘liq nazorat ostida ekanligini ma'lum qildi.