Jahon | 22:55 / 17.08.2021
104386
4 daqiqa o‘qiladi

«Tolibon» ilk matbuot anjumanini o‘tkazdi. Katta va'dalar berildi

«Afg‘onistonda qonun va tartib hukmron bo‘ladi», deya e'lon qildi mamlakat boshqaruviga kelgan «Tolibon» harakati. Toliblar hech kimdan qasos olishga urinmasliklari, ayollarning shariatdagi huquqlari himoya qilinishini aytmoqda.

Foto: AP Photo/Rahmat Gul

Afg‘onistonda hokimiyatni egallagan «Tolibon» harakati ilk matbuot anjumanini o‘tkazdi. «Al-Jazira» matbuot anjumanini translatsiya qildi.

Harakatning rasmiy vakili Zabihulla Mujohid toliblar jahon sahnasida hech kim bilan dushmanlik munosabatida bo‘lishni xohlamasligini aytdi.

U toliblar Afg‘onistonning «to‘qnashuvlar maydoni» bo‘lib qolishiga yo‘l qo‘ymasliklarini ta'kidladi.

«20 yillik kurashdan so‘ng biz chet elliklarni quvdik va butun millat uchun g‘ururlanish onlari keldi», – dedi Mujohid.

Uning so‘zlariga ko‘ra, «Tolibon» harakati avvalgi ishlar uchun hech kimdan «qasos olishga urinmaydi», harakat «hammani kechirdi».

Bu xususda gapirgan harakat mulozimi Afg‘onistonning sobiq hukumati harbiylari, xalqaro kuchlar bilan hamkorlik qilganlar va tarjimonlar ta'qib qilinmasligini qayd etdi.

«Hech kim sizga ziyon yetkazmaydi, hech kim eshigingizni taqillatib bormaydi», – dedi u.

Zabihulla Mujohid / Foto: AP Photo/Rahmat Gul

Mujohid toliblar boshqa mamlakatlar bilan bevosita muloqotga tayyorligini yana bir bor ta'kidladi. Uning aytishicha, mamlakatdagi barcha elchixonalar va nohukumat tashkilotlar to‘liq xavfsizlikda. «Tolibon», shuningdek, mamlakat hududidan boshqa davlatlarga hujum qilish uchun foydalanilishiga yo‘l qo‘ymaslik majburiyatini oladi.

Harakat vakili mamlakatda ayollar huquqlari himoya qilinishini, ularga shariatga rioya qilgan holda faol turmush tarzini olib borishga imkon berilishini aytdi. U shuningdek, ayollardan butun tana va yuzni yopib turuvchi burqa emas, hijob taqish talab qilinishini bildirdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Afg‘onistondagi «minglab maktablar ishlashda davom etadi».

Zabihulla Mujohid yangi hukumat mamlakat iqtisodiyotini tiklashga e'tibor qaratishini aytdi.

«Iqtisodiy vaziyat yaxshilanadi. Bunga erishish, odamlarning yashash sharoitlarini yaxshilash uchun jiddiy choralar ko‘ramiz», – dedi u.

«Tolibon» shakllantirayotgan hukumat avvalgi hukumatdan yaxshiroq ishlaydi, dedi Mujohid.

«Biz mamlakatni boshqaramiz, keyin esa bizning natijalarimizni bu yerdan qochib ketganlarning natijasi bilan solishtirib ko‘rasizlar», – dedi u.

Shuningdek, toliblar yangi hukumatni shakllantirish ustida faol ishlayotgani aytildi.

«Bu kuchli islomiy hukumat bo‘ladi, bunga va'da beraman. U qadriyatlarimizni himoya qiladi va xalqqa xizmat qiladi», – dedi Mujohid.

Uning qo‘shimcha qilishicha, hukumat bir necha kundan so‘ng o‘z ishini boshlaydi.

«Shundan so‘ng mamlakatda qonun va tartib hukmronlik qiladi. Ozgina sabr qilinglar», – dedi «Tolibon» so‘zlovchisi.

Toliblar vakili harakat «urush va janglarni emas, tinchlik va barqarorlikni» istashini aytdi. Shu bilan birga, «jang qilish kerak bo‘lsa, bu qo‘limizdan keladi, o‘zingiz ko‘rdingiz», deb qo‘shimcha qildi u.

Toliblar Kobulni 15 avgust kuni to‘la egalladi. Mamlakat prezidenti Ashraf G‘ani va qator yuqori martabali amaldorlar Afg‘onistonni tark etdi.

Mavzuga oid