O‘zbekiston | 11:40 / 18.08.2021
12035
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Afg‘oniston bilan savdo aloqalari qayta tiklanishini kutmoqda

Ilgari «Termiz-Hayraton» ko‘prigidagi nazorat-o‘tkazish punkti orqali yiliga 5 million tonnagacha turli yuklar olib o‘tilgan, ularning qariyb 70 foizi Afg‘oniston orqali Pokiston portlariga olib borilgan, dedi O‘zbekistonning eng yirik logistika terminali - «Termiz Kargo Markazi» direktori.

Toshkent va Kobul o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar, Afg‘onistondagi vaziyat hokimiyat o‘zgarishi tufayli keskinlashganiga qaramay, tez orada tiklanishi kerak. Bu haqda seshanba kuni O‘zbekiston janubidagi eng yirik logistika terminali - «Termiz Kargo Markazi» direktori Nodirbek Jalilov TASS muxbiriga bergan intervyusida aytib o‘tdi. 

«Ishonchim komilki, yaqin haftalarda O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi nafaqat tiklanadi, balki ortishi mumkin», dedi Jalilov. Uning fikricha, Afg‘oniston bilan savdo-sotiqqa bu mamlakat rasmiylarining korrupsiyasi katta ta'sir ko‘rsatgan.

«Ashraf G‘ani davrida korrupsiya barcha sohalarga, xususan, xalqaro yuk tashish sohasiga kirib keldi. Odatda, bu yerda, «Termiz-Hayraton» nazorat-o‘tkazish punktida eksportchilar va tranzitchilar barcha bojxona to‘lovlarini to‘lagan, lekin keyin, Afg‘oniston orqali o‘tayotganda, ulardan yana uch-to‘rt marta pul undirishgan», deya tushuntirdi Jalilov. Uning so‘zlariga ko‘ra, toliblar oldingi hukmronlik davrida bunday korrupsiya holatlariga qattiq chora ko‘rgan.
 
Jalilovning ma'lumotiga ko‘ra, bundan oldin «Termiz-Hayraton» ko‘prigidagi nazorat-o‘tkazish punkti orqali har yili 5 million tonnagacha turli yuklar tashilgan, ularning qariyb 70 foizi Afg‘oniston orqali Pokiston portlariga olib o‘tilgan. O‘zbekiston Afg‘onistonga asosan yonilg‘i-moylash materiallarini yetkazib bergan, Afg‘oniston esa quritilgan mevalarini O‘zbekiston orqali tranzit qilib Yevropaga olib chiqqan.

Iyul oyi oxirida Surxondaryo viloyati hokimining o‘rinbosari Jo‘rabek To‘rayev TASSga Afg‘oniston chegaradosh mintaqaning jiddiy savdo-iqtisodiy sherigi ekanini aytgan. Hozir hududda 180dan ortiq O‘zbekiston-Afg‘oniston qo‘shma korxonasi faoliyat ko‘rsatmoqda. 

Toliblar 15 avgust kuni Kobulga jangsiz kirdi va bir necha soat ichida Afg‘oniston poytaxti ustidan to‘liq nazorat o‘rnatdi. Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani qon to‘kilmasligi uchun iste'foga chiqqanini va mamlakatni tark etganini ma'lum qildi. G‘arb davlatlari o‘z fuqarolari va elchixona xodimlarini evakuatsiya qilmoqda. Toliblar vakillariga ko‘ra, mamlakatda urush tugadi. Biroq, ekspertlarning fikricha, qandaydir barqarorlik va iqtisodiy tiklanish haqida gapirishga hali erta, bunga Afg‘onistondan doimiy qochqinlar oqimi isbot bo‘la oladi.

Mavzuga oid