Ko‘p qavatli uylar orasiga yangi ko‘p qavatli uy. Navbatdagi nizo Chilonzorda
“Turar joy mavzelarida toza havoda dam oladigan ochiq joyning o‘zi qolmayapti”, degandi prezident Shavkat Mirziyoyev yaqinda bergan intervyusida. Davlat rahbari bu muammoga “ba'zi rahbarlarning beparvoligi yoki manfaatparastligi”ni sabab sifatida ko‘rsatgandi. Ayni muammo shu kunlarda poytaxtdagi Katta Chilonzor mahallasida dolzarb bo‘lib turibdi.
Toshkentda ko‘p qavatli uylar orasiga aholining xohish va istaklariga qarshi o‘laroq yangidan yangi turar joylar qurish amaliyoti davom etyapti.
Kun.uz'ga Chilonzor tumani Katta Chilonzor-1 mahallasi 3-, 5- va 11- uylarda yashayotgan bir guruh fuqarolar murojaat qilishdi. Ular uylarining oralig‘idagi avtoturargoh yeri tadbirkorga ko‘p qavatli turar joy majmuasi qurish uchun berib yuborilayotganidan xavotirda.
“Biz shu hududda yashaymiz. Dastlab uylarimiz oralig‘idagi hududda avtoturargoh tashkil etilishi haqida aytishdi. Tadbirkor pullik avtoturargoh qurdi.
Oradan vaqt o‘tib, tadbirkor kelib bu yerga ko‘p qavatli uy qurmoqchi ekanini ma'lum qildi. Qanday qilib bu yerga ko‘p qavatli uy qurishi mumkin? Qaysi qonunlarga to‘g‘ri keladi?
Uylarimiz eski. Bu yerda qurilish boshlansa, uylarimizning fundamentiga ta'sir qiladi. Bundan tashqari, ko‘pchilikning yotoqxonasi aynan shu tomonga qaragan. Ko‘p qavatli uylar quriladigan bo‘lsa, bir-biriga ko‘rinib qoladi.
Chilonzor tumani kommunal tizimi, kommunikatsiya va trubalari shundoq ham ayanchli ahvolda ekanini hisobga olsak, bu yerga qo‘shimcha 9 qavatli turar joy binosi qurilishi kommunal tizimga ortiqcha yuklama bo‘ladi va kommunal tizim ishdan chiqish holatlarini yanada ko‘paytiradi. Undan tashqari, odamlar avtomobillarini saqlashi uchun mahallada boshqa joy yo‘q.
Fuqarolarimiz bilan yig‘ilib, bu joyda avtoturargoh o‘rniga ko‘p qavatli turar joy qurilishiga qarshi ekanimizni bildirdik va bayonnomalar rasmiylashtirdik. Ko‘plab joylarga murojaat qildik, ammo natija bo‘lmayapti”.
Mahalla ahlining umumiy e'tirozi shulardan iborat.
Chilonzor tumani hokimligining Arxitektura, kapital qurilish va kommunikatsiyalarni rivojlantirish majmuasi bosh mutaxassisi Mirsaid Mirsobirovning ma'lum qilishicha, Toshkent shahar hokimining 2020 yil 19 maydagi 435-sonli qarori va 2021 yil 21 maydagi 595-sonli qarorlari bilan tegishli yer maydoni “Ishonch-imon” MChJga ajratib berilgan.
“Bu borada Chilonzor tumani hokimligi qaror qabul qilmagan. 2017 yil 24 yanvardagi tuman hokimining farmoyishida esa belgilangan manzil “Ishonch-imon” MChJga obodonlashtirish maqsadida biriktirib berilgan”, – dedi Mirsaid Mirsobirov.
Ma'lum bo‘lishicha, “Ishonch-Imon” MChJ 2021 yil 1 aprelgacha yuqoridagi uylarda yashovchi fuqarolar bilan shartnoma tuzish orqali pullik avtoturargoh xizmatlarini ko‘rsatib kelgan.
Oradan 3 yil o‘tib, Toshkent shahar hokimining 2020 yil 19 maydagi qarori asosida “Ishonch-imon” MChJga yer uchastkasini zaxiralash va investitsiya shartnomasida ko‘rsatilgan talablarni bajarish sharti bilan ushbu yerga ko‘p qavatli turar joy binolarini qurish uchun 0,19 gektarli yer uchastkasini zaxiralash hamda loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqishga ruxsat beriladi.
Fuqarolar e'tirozlariga sabab bo‘layotgan holat bo‘yicha tadbirkorga yerni ajratib bergan Toshkent shahar hokimligining munosabati bilan qiziqdik. Hokimlik vakili “bu masaladagi qaror qonuniy chiqqani”ni bildirdi.
“Avvaliga tadbirkorga zaxiralash bo‘yicha hujjat chiqqan, ijtimoiy majburiyatni bajarganidan keyin unga doimiy foydalanishga deb shu qaror chiqarilgan”, deyiladi Toshkent shahar hokimligi izohida.
Kuni kecha prezident Shavkat Mirziyoyev “Yangi O‘zbekiston” gazetasiga bergan intervyusida mazkur masalaga alohida to‘xtalgan edi.
“Turar joy mavzelarida toza havoda dam oladigan ochiq joyning o‘zi qolmayapti. Ko‘pqavatli uylar oralig‘idagi bo‘sh joylarda qurilishlar qilish, moratoriy e'lon qilinganiga qaramasdan, daraxtlarni kesish, yashil hududlarni kamaytirish holatlari ko‘pchilikni ranjitmoqda.
Ba'zi rahbarlarning beparvoligi yoki manfaatparastligi tufayli turarjoy mavzelarida odamlar sayr qiladigan, sport bilan shug‘ullanadigan, farzandlari bilan birga toza havoda dam oladigan ochiq joyning o‘zi qolmayapti.
Toshkentda va boshqa yirik shaharlarda yangi qurilishlarni shahar tashqarisidagi hududlarda amalga oshirish choralari belgilanmoqda”, degandi prezident.
Aholining xohish-istaklariga qarshi borayotgan mahalliy amaldorlar jillaqursa davlat rahbarining gaplariga quloq solishar, deb umid qilamiz.
Voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz.
Rahmatilla Isroilov,
Kun.uz muxbiri.
Mavzuga oid
14:40 / 22.12.2024
Eskrou tizimi: u joriy etilsa, mijozlar quruvchilarga aldanmaydimi?
10:11 / 18.12.2024
Uy-joy qurilishida yangi tizim joriy etilishi mumkin
19:53 / 11.12.2024
Toshkentda Yunusobod dehqon bozori o‘rnida uch qavatli ekobozor quriladi
17:03 / 04.12.2024