O‘zbekiston | 19:00 / 20.08.2021
12039
7 daqiqa o‘qiladi

Bojxona qoidalari: tovarlar nomenklaturasi nima?

Bojxona tizimida butun dunyoda ishlab chiqariladigan tovarlar ma'lum bir qoidalar asosida tartibga solinib, maxsus ro‘yxat shakllantiriladi. Bu ro‘yxat tovarlar nomenklaturasi deb ataladi.

Davlat bojxona qo‘mitasi bilan hamkorlikda tayyorlanayotgan “Bojxona qoidalari” ko‘rsatuvining bugungi sonida tovarlar nomenklaturasi, uning paydo bo‘lish tarixi, bugungi kundagi holati haqida DBQ bo‘lim boshlig‘i Husan Karimov so‘zlab beradi.

Husan Karimov DBQ bo‘lim boshlig‘i

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasi – O‘zbekiston Respublikasi davlat idoralarining, yuridik va jismoniy shaxslarining xorijiy davlatlar, ularning yuridik va jismoniy shaxslari, xalqaro tashkilotlar bilan o‘zaro foydali hamkorlik o‘rnatishga, bunday hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan jami amaliy harakatlari jarayonida qo‘llaniladigan, tovarlarning ma'lum bir qonuniyatlar asosida tartibga solingan raqamlar va matnlarda ifodalangan ro‘yxatidir.

Eksport-import operatsiyalari jarayonida qo‘llanilgan dastlabki tizimlar juda sodda tuzilgan bo‘lib, ma'lum miqdordagi boj va to‘lovlar undirilishi zarur bo‘lgan tovarlarning ro‘yxatidan tashkil topgan.

Biroq, tovar turlarining ko‘payishi va o‘zgarishi ulardan undiriladigan boj miqdorlarini belgilovchi aniq klassifikator ishlab chiqish zaruratini yuzaga keltirdi. Xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan tovar nomenklaturasi bir asr davomida ishlab chiqildi. Dastlabki xalqaro nomenklatura 1853 yilda Bryusselda imzolandi. U xalqaro statistika nomenklaturasining ishlab chiqilishiga zamin yaratdi.

DBQ bo‘lim boshlig‘i Husan Karimov

1885 yilda xalqaro statistika instituti tashkil etildi. Dastlabki yagona statistika nomenklaturasi 1913 yilda Bryussel shahrida 2-xalkaro savdo statistikasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan Konferensiyada qabul qilindi. Unga faqat 29 davlat rahbarlari imzo chekkan bo‘lib, atigi 5 ta guruhda (tirik xayvonlar, oziq-ovqat mahsulotlari, qayta ishlanadigan materiallar,  ishlab  chiqarilgan mahsulotlar, oltin va kumush) 186 ta tovar o‘rni belgilangan edi.

Keyinroq 1927-37 yillarda Yagona bojxona nomenklaturasi (Jyeneva nomenklaturasi)ga asos solindi. U 21ta bo‘lim, 86ta guruhlarga joylashtirilgan 991ta pozitsiyadan iborat edi.

Ikkinchi jahon urushidan keyin davlatlar iqtisodiyotini tiklash va savdo-sotiqni rivojlantirish uchun yangi nomenklaturaga ehtiyoj sezildi. Yevropa bojxona ittifoqining ishchi guruhi tomonidan Jyeneva nomenklaturasi asosida 1950 yilning 15 dekabrida Bryussel shahrida tovarlarni bojxona tarifi bo‘yicha klassifikatsiyalash maqsadida nomenklatura qabul qilindi.

1960 yillar oxirida nomenklaturaga o‘zgartirishlar kiritish talab etildi. O‘zgartirish ishlari 1970 yillardan boshlanib, 1981 yilda tugallandi. Mazkur 1981 yilda ishlab chiqilgan nomenklaturani xalqaro amaliyotga tatbiq etish uchun xalqaro me'yoriy hujjat qabul qilish zarur bo‘ldi.

1983 yilning iyunida Bryussel shahrida tovarlarni klassifikatsiyalash va kodlashning Uyg‘unlashgan tizimi bo‘yicha xalqaro Konvensiya qabul qilindi. U 20 modda va asosiy qoidalardan iborat bo‘lib, ingliz va fransuz tilidagi asl nusxalari Bryussel shahrida saqlanadi. Konvensiyaga asosan, 1988 yilning 1 yanvaridan boshlab tovarlar nomenklaturasidan (tovarlarni klassifikatsiyalash va kodlashning Uyg‘unlashgan tizimi) xalqaro miqyosda foydalanishi joriy etildi. Uni tuzishda 59ta davlatdan ekspertlar va ko‘plab davlatlararo hamda nodavlat iqtisodiy tashkilotlar, shu jumladan Xalqaro savdo palatasi, “Tarif va savdo bo‘yicha oliy kengash", Standartlash bo‘yicha xalqaro tashkilot, BMTning statistik byurosi qatnashdi.

O‘zbekiston ushbu Konvensiyaga qachon a'zo bo‘lgan?

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1998 yil 29 avgustda ushbu Konvensiyaga qo‘shilgan. Respublika 2000 yilning 1 yanvaridan ushbu konvensiyaning teng huquqli a'zosi hisoblanadi.

Nomenklatura mukammalligi qanday ta'minlanadi?

Jahondagi barcha buyumlar, mavjudotlar, ashyolarning tovarlar ro‘yxati tuzilib, raqamlar bilan kodlab chiqilgan taqdirda nomenklatura mukammal bo‘ladi. Bunday holatda har bir tovar uchun 1 dona kod raqami, ya'ni 1 dona kod raqami faqat 1 dona tovar turiga tegishli bo‘ladi. Ammo, tovar turlarining bir necha 100 mln ekanligi sababli nomenklatura bunday tarzda tuzilsa, uni ifoda etadigan kitob ham o‘z navbatida bir necha ming tomlarni tashkil etadi. Bu holat nomenklaturadan foydalanishda katta qiyinchiliklarni tug‘diradi.

Tovarlar nomenklaturasi qanday taqsimlangan?

Shu bois, nomenklaturani ishchi holatga keltirish uchun tovarlar bo‘limlarga, guruhlarga, kichik guruhlarga ajratilgan holda tasniflanadi. Uning strukturasi 21 bo‘lim, 97 guruh, 1265ta tovar pozitsiyasi, 5212 tovar subpozitsiyasi va 10709ta tovar podsubpozitsiyasidan tashkil topgan.

Tovarlarni klassifikatsiyalash va kodlashning Uyg‘unlashgan tizimini imkon qadar qiska, lekin shu bilan birga to‘liq bo‘lishini ta'minlash uchun jahon tovar aylanuvidagi tovarlarning aylanuv hajmidan kelib chiqildi. Ya'ni, jahon tovar aylanuvida intensiv ishtirok etgan tovarlarga alohida tovar pozitsiyalar, kam hajmda tovar aylanuvida bo‘lgan tovarlarga esa umumiy tovar pozitsiyalari belgilandi.

Tovarlar Uyg‘unlashgan tizimi haqida

Qisqa hajmli, shu bilan birga, barcha tovarlarni qamrab olgan Uyg‘unlashgan tizim bo‘yicha tovarlarni barcha davlatlar tomonidan bir xil talqin qilinib, klassifikatsiyalanishi uchun ma'lum bir qoidalar bo‘lishi kerak. Shu sababli, tovarlarni klassifikatsiyalash va kodlashning Uyg‘unlashgan tizimi 6ta asosiy interpretatsiya qoidasiga binoan talqin qilinishi joriy qilindi hamda mazkur norma tovarlarni klassifikatsiyalash va kodlashning Uyg‘unlashgan tizimi bo‘yicha xalqaro Konvensiyada belgilab qo‘yildi.

Texnika va texnologiyalarning jadal takomillashishi tufayli jahon tovar aylanuvida yangi tovar turlari paydo bo‘lmoqda. Shu sababli intensiv tovar aylanuvida bo‘lgan tovarlarga yangi tovar pozitsiyalarini belgilash, tovar aylanuvidan chiqayotgan tovarlarni esa umumiy tovar pozitsiyalarga o‘tkazish ehtiyoji tug‘iladi. Bu holatni inobatga olib tovarlarni klassifikatsiyalash va kodlashning Uyg‘unlashgan tizimi har 5 yil ichida yangilanib boradi.     

Tovarlar tavsiflanishi borasida dastlabki qaror qay hollarda qabul qilinadi va uning yig‘imi qancha?

Bojxona organlari tovarlarning tasniflanishiga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyatining tovar nomenklaturasiga muvofiq tovar bojxona organiga taqdim etilgunga qadar dastlabki qaror qabul qilishi mumkin. Dastlabki qarorni qabul qilganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining 75 foizi miqdorida bojxona yig‘imlari undirib olinadi.

Mavzuga oid