O‘zbekiston | 11:37 / 20.08.2021
19760
2 daqiqa o‘qiladi

«Pensionerlarga plastik karta berdik, lekin qishloqda bankomat yo‘q edi» – Prezident

Prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan uchrashuv chog‘ida yaqin o‘tmishda naqd pul bilan bo‘lgan muammolarga ham to‘xtaldi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

“Yaqin o‘tmishni qaranglar, pensionerlarga plastik karta berdik. Lekin birorta qishloqda bankomat yo‘q edi. Bechora qariyalarimiz o‘z pulidan 30 foizgacha yo‘qotishdi. Mana shu muammolarni bartaraf qildik.

Men yaxshi tushunaman, hamma arzon kredit olishni xohlaydi. Lekin, kredit foiz stavkalarini sun'iy pasaytirsak, pul bozoridagi muvozanat buziladi. Bu borada, foiz stavkalariga bevosita ta'sir etadigan inflatsiyani va yana takror aytaman, inflatsiyani pasaytirish hamda bank orqali kreditlash jarayonini to‘liq bozor mexanizmlariga o‘tkazishga qaratilgan ishlarni izchil davom ettiramiz. Aynan qog‘ozda emas, amalda!

Zamonaviy bozor tamoyillarida ishlash uchun hududlarda banklar loyiha fabrikalari va tadbirkorlikka o‘qitish markazlarini tashkil etib, xorijiy mutaxassislarni jalb qilmoqda. Ushbu markazlar tadbirkorlarga, ayniqsa yoshlarga o‘z g‘oyalarini amaliyotga tatbiq etish, biznes rejalarni ishlab chiqish, mablag‘lar jalb qilishga yordamlashadi hamda ularga biznes jarayonining barcha zanjirida ko‘makdosh bo‘ladi.

Umuman, inflatsiya darajasini joriy yilda 10 foizga, kelgusi ikki yilda 5 foizga tushirishni reja qilganmiz. Bu esa, tabiiy ravishda kredit stavkalarini ham maqbul darajaga tushirish va muddatini uzaytirish imkonini beradi. 

Islohotlarimiz uchun o‘ta muhim bo‘lgan oilaviy tadbirkorlik yo‘nalishida ham 2 mingga yaqin murojaatlar kelib tushgan. Endi, bu yangi tizimda odamlarimiz tadbirkorlik uchun kredit olaman deb hokimiyatga, bankka yoki boshqa idoraga borib yurmaydi, asbob-uskunalarni sotib olish uchun ta'minotchini qayerdan topaman deb, bosh qotirishga zarurat qolmaydi. 

Kreditni rasmiylashtirishdan tortib, mahsulotni olish-sotishgacha bo‘lgan barcha jarayonlar, elektron tarzda, onlayn hal etiladi. O‘z navbatida, ushbu platforma ta'minotchi korxonalar uchun ham, kamida 10 trillion so‘mlik bozor yaratadi”, dedi davlat rahbari.

Mavzuga oid