Tadbirkorlar uchun qanday yengilliklar e'lon qilindi?
Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston tadbirkorlari bilan muloqot o‘tkazdi. Kun.uz mazkur tadbirda e'lon qilingan va biznes egalariga qulaylik yaratishga qaratilgan qator yangiliklarni sanab o‘tadi.

Foto: Prezident matbuot xizmati
— Tadbirkorlarning uzoq muddatli resurs bazasini shakllantirish uchun banklarga “Tiklanish va taraqqiyot” jamg‘armasidan bozor tamoyillari asosida qo‘shimcha 600 mln dollar ajratiladi.
— Joriy yil 1 oktyabrdan mikromoliya tashkilotlarini litsenziyalash tartibi to‘liq bekor qilinadi. Endi ular faoliyatini boshlashi uchun, faqatgina Markaziy bank reyestriga kirishlari kifoya.
— Ichki bozorda teng raqobat bo‘lishi uchun, eksport mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun olib kelingan xomashyo import bojidan ozod etiladi.
— Chetdan olib kelingan tovarlar uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ini 120 kun davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lashda, tadbirkorlarga foiz hisoblanmaydi va garov talab etilmaydi.
— Noruda qazilmalarga (qum-shag‘al, ohaktosh, gips, dolomit kabi) yer qa'ridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi 2 barobarga kamaytiriladi.
— “Maxsus iqtisodiy zonalar to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingunga qadar iqtisodiy zonalarda ro‘yxatdan o‘tgan tadbirkorlarga berilgan imtiyozlar saqlanib qoladi.
— Jami 13 mingta umumiy ovqatlanish korxonasi yil yakuniga qadar yer va mulk solig‘idan ozod qilinadi.
— Turizm kompaniyalari va mehmonxonalar turistik yig‘imlardan 2 yil muddatga ozod qilinadi.
— Tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha debitor qarzdorligi mavjud bo‘lgan 5 mingga yaqin tadbirkorlik sub'yektlariga jarima solish va bugungi kungacha qo‘llangan 6 trillion so‘mlik jarimalarni undirish, joriy yil yakuniga qadar to‘xtatiladi.
— 2022 yil 1 yanvardan boshlab, soliq idoralari o‘z elektron dasturlari orqali biznes sub'yektlariga hisobotlarini shakllantirish xizmatini yo‘lga qo‘yadi. Hisobotlarni kechiktirib topshirish bilan bog‘liq moliyaviy sanksiyalarni qo‘llash tartibi esa to‘liq bekor qilinadi.
— Qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisobga olishda soliq va bojxona idoralarining elektron bazalari o‘zaro bog‘lanadi.
— Tadbirkorlarning korxonalari joylashgan, hozirda egalik qilish, foydalanish yoki ijara huquqi asosida, egallab turgan yer maydonlari ularga mulk qilib rasmiylashtirib beriladi. Ya'ni bu yerni boshqa odam sotib ololmaydi, uni xususiylashtirishga faqat yer egasining o‘zi haqli bo‘ladi.
— Yer maydonlarini sotishdan tushgan mablag‘, to‘liq tuman va shaharlar ixtiyorida qoldirilib, tadbirkorlar uchun infratuzilma yaratish va rivojlantirishga yo‘naltiriladi.
— Kelgusi yil 1 yanvardan boshlab, qiymati 200 milliard so‘mga teng loyihalar bo‘yicha elektr, tabiiy gaz, suv tarmoqlari va yo‘l infratuzilmasini yetkazib berish, to‘liq davlatning zimmasida bo‘ladi.
— Tadbirkorlarni elektr tarmog‘iga ulash muddati, 20 kilovattgacha bo‘lgan quvvatlar uchun – 10 kun, 50 kilovattli quvvatlar uchun esa 20 kun etib belgilanadi. Agar elektr ta'minoti korxonasi ishlarni muddatida yakunlamasa, ular tadbirkorlarga kompensatsiya to‘laydi.
— Aylanma mablag‘ yetishmasligining oldini olish uchun «Eksportni qo‘llab-quvvatlash» jamg‘armasi tashkil etilib, eksport uchun 1 million dollargacha moliyalashtirish mexanizmlari yo‘lga qo‘yildi.
— Yuqori sifat va nazorat tizimiga ega mamlakatlar ro‘yxati shakllantirilib, ularda sertifikat berilgan asbob-uskuna va xomashyolarga O‘zbekistonda milliy sertifikat olish amaliyoti bekor qilinadi.
— Yaqin bir oy muddatda xomashyo va yarimtayyor mahsulotlar uchun import boji stavkalarini pasaytirish bo‘yicha qaror loyihasi ishlab chiqiladi.
— Xususiy tadbirkorlarga temir yo‘l vagonlarini olib kelishga berilgan imtiyozlar 2025 yil 1 yanvargacha uzaytiriladi.
— Kelgusi yil 1 yanvardan, subsidiyalarni ajratish bo‘yicha murojaatlar “yagona darcha” tamoyili asosida qabul qilinadi, jarayonda ishtirok etadigan davlat idoralari soni 2-3 baravarga qisqartiriladi.
— Kelgusi yildan boshlab, tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun barcha ruxsat etuvchi hujjatlar, «onlayn» tarzda rasmiylashtiriladi. Joriy yil yakuniga qadar litsenziya yoki ruxsatnomalar soni, yana kamida 30 foizga qisqartiriladi.
— 1 noyabrdan barcha texnik talablarga to‘la javob beradigan, zamonaviy induksion pechlardan foydalanishga qo‘yilgan cheklovlar bekor qilinadi.
— Bugungi kunda mahalliy hokimliklar bino va inshootlarning buzilishi bo‘yicha 349 nafar tadbirkordan 123 milliard so‘m qarzdor. Prezident 1 sentyabrga qadar tadbirkorlar bilan barcha hisob-kitoblarni yakunlash va bir so‘m ham qarzdorlik qolmasligi yuzasidan viloyat hokimlarini ogohlantirdi.
Mavzuga oid

14:35 / 18.02.2025
“Yosh tadbirkorlar” raqamli platformasi joriy etiladi

11:50 / 18.02.2025
Namanganda gazdan o‘g‘rincha foydalanib kelgan tadbirkor aniqlandi

18:54 / 17.02.2025
«Qat’iy belgilangan AOS korrupsiyaning oyog‘iga bolta urgandi, endi uni bekor qilishmoqchi» – soliq maslahatchisi

22:20 / 11.02.2025