Jahon | 15:24 / 24.08.2021
45956
18 daqiqa o‘qiladi

Afg‘onistondagi siyosiy vaziyat va kutilmalar. «Tolibon»ning qo‘shnilarga ta'siri haqida ekspert bilan suhbat

Kun.uz «Tolibon»ning hokimiyatga kelishi omillari, Afg‘onistondagi siyosiy vaziyat va oxirgi o‘zgarishlar yuzasidan siyosiy fanlar buyicha falsafa doktori, afg‘onshunos Akram Umarov bilan intervyu uyushtirdi.

AQSh va boshqa G‘arb davlatlari «Tolibon»ning hokimiyatga kelishiga deyarli qarshilik ko‘rsatmadi? Buni qanday izohlash mumkin?

— Umumiy tahlil qilib ko‘radigan bo‘lsak, «Tolibon» qisqa muddatda, bir necha hafta ichida deyarli butun Afg‘onistonda o‘z hokimiyatini o‘rnatdi. Qiziq jihatlaridan biri shuki, AQSh va G‘arb davlatlari bu jarayonga deyarli aralashmadi. To‘g‘ri, ushbu masala bo‘yicha BMT Xavfsizlik kengashi yig‘ilishi o‘tkazildi, G‘arb mamlakatlarining ba'zilari o‘z tashqi ishlar mahkamalari orqali muammo tinch yo‘l bilan hal qilinishi bo‘yicha chaqiriqlarini e'lon qilishdi. Lekin real ishlaydigan mexanizmlardan foydalanilmadi. Masalan, AQSh bu jarayonni to‘xtatish niyatida bo‘lganida «Tolibon»ga nisbatan keskin pozitsiyasini e'lon qilishi va turli sanksiyalar yoki «Tolibon»ni qo‘llab-quvvatlashi gumon qilinadigan mamlakatlarga qarshi iqtisodiy va siyosiy choralar belgilashi ham mumkin edi. Bu esa jarayonni to‘liq to‘xtata olmasa ham, sekinlashtirgan bo‘lardi.

Boshqa tomondan, AQSh o‘z harbiylari chiqib ketishini oldindan e'lon qilgandi va bu aynan Jo Bayden administratsiyasining keskin qarori emas, balki federal darajada kelishilgan masala edi. Bu jarayon respublikachi prezident Donald Tramp davrida boshlangandi va Jo Bayden kelganidan keyin bu siyosat o‘zgarish-o‘zgarmasligi bo‘yicha savol bor edi. Lekin hukumatga kelgan paytdayoq, yangi prezident Afg‘onistondan AQSh harbiylari olib chiqilishi bo‘yicha qaror o‘zgarmasligini ta'kidladi. Balki, shu sababli ham «Tolibon» hokimiyatni egallashiga keskin qarshilik ko‘rsatishmadi.

siyosiy fanlar buyicha falsafa doktori, afg‘onshunos Akram Umarov

Qo‘shma Shtatlarda ham baribir «Tolibon» Afg‘oniston hududining katta qismini egallashi bo‘yicha kutilmalar bor edi va bu jarayon 4-5 oy ichida amalga oshirilishini taxmin qilishgandi, ammo o‘zlari uchun ham bu hodisa bir necha hafta ichida ro‘y berishi kutilmagan holat bo‘ldi.

Boshqa tomondan, vaziyatga baho beradigan bo‘lsak, kurash dastlab Afg‘oniston janubida ro‘y berdi. Qandahor, Lashkargoh, Hirot shaharlari uchun kurashda Afg‘oniston kuchlari jonbozlik ko‘rsatishdi. Ammo Afg‘oniston shimoli va markaziy qismi deyarli urushsiz olindi. Shu sabab savol paydo bo‘lishi mumkin, bu jarayon qanchalik tabiiy ro‘y berdi? Balki, biz hali ilg‘amayotgan, ko‘rmayotgan kelishuvlar bo‘lishi mumkin va bular yaqin orada asta-sekin ma'lum bo‘la boshlaydi.

Ko‘pchilik ekspertlar «Tolibon»ning hokimiyatga kelishini bevosita Pokistonning g‘alabasi sifatida e'tirof etishmoqda. Afg‘onistondagi so‘nggi voqealarga Pokiston qanchalik ta'sir o‘tkazdi?

— O‘zi bu juda keng tarqalgan qarash – Pokistonni ko‘p marta «Tolibon»ni qo‘llab-quvvatlashda ayblashadi. Nafaqat ayblashadi, balki Pokistonni «Tolibon»ni tuzgan va boshqarib kelayotgan kuch deb ham bilishadi.

Menimcha, bu biroz bo‘rttirilgan tushuncha. Albatta, Pokiston 90-yillarda «Tolibon» shakllanishida katta rol o‘ynagan, uning rahbariyatini tayinlash, mafkurasini ishlab chiqishda bevosita ta'sir ko‘rsatgan. «Tolibon» paydo bo‘lgan davrdan beri 27 yil o‘tib ketdi. Hozirgi «Tolibon» o‘sha 90-yillardagi kuch emas, ma'lum transformatsiya jarayonlari ro‘y berdi. Ular oxirgi paytlarda ko‘plab davlatlar bilan rasmiy uchrashuvlar ham o‘tkazdi. Shu sabab «Tolibon»ni Pokistonga to‘liq bog‘lanib qolgan kuch sifatida e'tirof etish biroz bo‘rttirish, deb o‘ylayman.

Ikkinchidan, «Tolibon»ning ichida ham bo‘linishlar mavjud. Harakat tarkibida ta'sirga ega bo‘lgan rahbariyatdagilar ma'lum hududlarda o‘z ta'siri va ofislariga ega. Hozirda ularning tasdiqlanganlari 3ta: Peshavor shu'basi, Kvetta shu'basi (bular Pokistonda) va Mashhad shu'basi (2010 yilda Eron hududida ochilgan).

Bulardan tashqari «Tolibon» ichida harbiy operatsiyalarga javob beradigan, bu ishlarga jalb qilinadigan, Haqqoniy boshchiligidagi guruh mavjud. Bu guruh ham harakat doirasida o‘z avtonomiga va so‘ziga ega. Ko‘pchilik manbalarga ko‘ra, aynan Kvetta shu'basi va Haqqoniy boshchiligidagi guruh bevosita Pokiston bilan aloqalar o‘rnatgan. Shuni unutmaslik kerakki, «Tolibon» harakati shakllanishidan bugungi kundagi faoliyatigacha Pokiston juda katta ta'sirga ega, lekin uni to‘liq nazorat qiladi, degan qarashlarga qo‘shilmayman. Sababi, «Tolibon»ning ichida ham bo‘linishlar bor, harakat vertikal iyerarxiya emas, balki gorizontal iyerarxiya. Bu shuni anglatadiki, ma'lum bir rahbariyat bor, lekin ular markazlashtirilgan boshqarish qobiliyatiga ega emas. Umumiy mafkura va strategiya ishlab chiqiladi, hududlarda uni amalga oshirish bilan joylardagi mahalliy qo‘mondonlar shug‘ullanadi. 

90-yillarda hokimiyatda bo‘lgan va hozirgi «Tolibon» hukumati o‘rtasida qandaydir farqlar bormi? O‘tgan davr mobaynida qanday o‘zgarishlar bo‘ldi?

— Bunga to‘laqonli baho berishga hali biroz vaqtli deb o‘ylayman, chunki «Tolibon» hali rasmiy ravishda hokimiyatni to‘liq olgani ham yo‘q. Kobulni egallashdi va de-fakto Afg‘oniston hududining 95 foizi «Tolibon» nazoratida. Yuridik jihatdan esa hali ularning hukumati tasdiqlanmadi, ya'ni oldingi hukumatdan boshqaruv vakolatlari o‘tkazilmagan. Legitimizatsiya jarayoni to‘liq tugamadi.

Lekin o‘tgan bir necha kunda «Tolibon»ning harakatlaridan kelib chiqib bir qancha xulosalar chiqarishgan. Ular o‘z faoliyati davomida maqsadlariga erishishda fundamental g‘oyalarni ilgari suradigan, ekstremistik kuch sifatida terroristik mexanizm va vositalardan ham foydalanishgan. Ularga ko‘plab ayblovlar qo‘yilardi: inson huquqlarini poymol qilish, ayollar huquqlari va erkinliklarini cheklash, ta'lim cheklovlarini o‘rnatish, dushman deb hisoblanadigan tomonga radikal choralar ko‘rish. Lekin «Tolibon» bu e'tiroz va kutilmalarni e'tiborga olganga ham o‘xshayapti. O‘tgan bir necha kunda ular shuni namoyish etishga harakat qilishyaptiki, ayollar huquqi islom shariati qoidalari doirasida ta'minlanadi. Ularning ta'lim olish, ishlash huquqlarini cheklamaslik, faqatgina diniy talablarga rioya qilishsa, yetarli bo‘lishi aytilmoqda.

Shuningdek, hukumatdan ketgan afg‘on rasmiylari va davlat xizmatchilariga zarar yetkazmaslikka va'da berilyapti.

Avvallari, Afg‘onistondagi pushtunlardan boshqa etnik birliklar, o‘zbeklar, tojiklar, hazoralarga nisbatan keskin harakatlar qilinishi haqidagi ayblovlar qo‘yilardi. Hozir ushbu etnosdagi odamlarga tazyiq o‘tkazishni to‘xtatib, ularni o‘z tomonlariga og‘dirishga harakat qilishyapti. Imkon qadar ular bilan ham konstruktiv aloqalar o‘rnatish yo‘llari izlanyapti.

AQShning chiqib ketishi natijasida katta vakuum vujudga keldi. Bu vakuum mintaqada katta ta'sirga ega bo‘lgan Xitoy yoki Rossiya tomonidan to‘ldirilishi mumkinmi?

— Bu hozirda juda ko‘pchilik tomonidan muhokama qilinayotgan masalalardan biri. Xo‘sh, G‘arb davlatlari chiqib ketishdi, ularning o‘rnini kim egallaydi? «Tolibon»ning o‘zi ham oxirgi chiqishlarida ta'kidlayaptiki, ular Pokiston, Rossiya va Xitoy bilan hamkorlik o‘rnatgan va yaxshi aloqalarga ega. Rossiyada hali ham «Tolibon» taqiqlangan guruh bo‘lishiga qaramay, bu ikki tomonlama aloqalarning rivojlanishini cheklamayapti.

Yuqoridagi savolga javob berishda ikkita jihatga e'tibor berish kerak. Birinchidan, AQSh va uning ittifoqchilari bu hududdan qo‘shinlarini olib chiqqani bilan ta'sirini va imkoniyatlarini yo‘qotadi, deya olmayman. Ya'ni ular endi bu hududga umuman qiziqish bildirmaydi degani emas. Hozirgi jarayon bugungi kunda AQSh olib borayotgan keng qamrovli global siyosatga borib taqaladi. Bayden administratsiyasi Rossiya va Xitoy bilan harbiy raqobatda yutqazmaslik uchun o‘z resurslarini tiyishga harakat qilmoqda. Shu sababli Iroqdan ham yil so‘ngigacha harbiylarni qisqartirish va chiqib ketish siyosatini e'lon qilishgan. Bu o‘zgarishlar AQShning yangi global siyosati prinsiplari doirasida amalga oshirilmoqda. Aytib o‘tganimdek, harbiylarni olib chiqib ketish bu hududga nisbatan siyosiy, iqtisodiy va xavfsizlik nuqtayi nazaridan ularning qiziqishlarini kamaytirmaydi. Bunda ular Yaqin Sharqdagi imkoniyatlarini ishga solishi mumkin.

Ikkinchidan, Rossiya va Xitoy nuqtayi nazaridan qarasak, ushbu davlatlarda bu vakuumni to‘ldirish uchun qanchalik xohish bor? Afg‘oniston hududiga kirmoqchi bo‘lgan davlat bu yerdagi ko‘plab muammolarni hal qilishga tayyor bo‘lishi kerak. Bu, albatta, faqatgina ma'naviy va ruhiy dalda bo‘lmaydi, siyosiy va moliyaviy muammolarni hal qilishga yordam berishlari ham kerak. Bu narsalarga Rossiya yoki Xitoy tomoni qanchalik tayyorligi ham o‘ziga yarasha noaniq holat.

AQSh o‘z harbiylarini saqlab turishning o‘zigagina 4-5 mlrd dollardan ziyod pul sarflagan. Bu faqatgina shu yo‘nalishning o‘ziga. Bundan tashqari, sog‘liqni saqlash, ta'lim sohalarini rivojlantirishga ham anchagina mablag‘ yo‘naltirilgan. Agar kimdir Afg‘onistonda dominant kuch bo‘laman desa, shu jihatlarni ham hisobga olishiga to‘g‘ri keladi. Menimcha, ayni paytda Rossiya ham, Xitoy ham bundan to‘liq manfaatdor emas.

Rossiya ham, Xitoy ham o‘z manfaatlarini hal qilish uchun ko‘proq «Tolibon» bilan kelishib, muzokaralar yordamida bunga erishishga harakat qilsa kerak.

Afg‘onistondagi ayni vaziyat Markaziy Osiyo davlatlariga qanday ta'sir ko‘rsatadi? Xavfsizlikka yangi tahdidlar yuzaga kelish ehtimoli qay darajada? Chunki mintaqadagi uchta davlat Afg‘oniston bilan bevosita chegaradosh.

— Bu ham aslida «Tolibon»ning qanchalik o‘zgargan yoki o‘zgarmaganiga ham borib taqaladi.

Birinchidan, «Tolibon» hokimiyatga kelishida chuqur o‘ylangan taktikani ishlatdi. Ular 90-yillardagi tajribasidan to‘g‘ri xulosa qilishgan. O‘sha paytda ular janubdan harakat qilib, qisqa muddatda Kobulni egallashgandi. Lekin keyinchalik shimolga qarab harakat qilishganda ko‘plab muammolarga duch kelishgan. Bu hududda shakllangan Shimoliy Alyans qarshilik ko‘rsatgan, natijada, ular Afg‘onistonni to‘liq o‘z nazoratiga ololmagan. Shu sababli, ular bu safar shimolni egallashga katta urg‘u berishdi. Dastlab Badaxshon va Qunduz viloyatlarini tezda egallashdi. Keyinchalik esa marshal Abdulrashid Do‘stumning ta'siri katta bo‘lgan Juzjon viloyatini va oxirda O‘zbekiston bilan chegara yaqinidagi Mozori Sharifni egallashdi. Shundan keyingina asosiy e'tibor poytaxt Kobulga va boshqa hududlarga qaratildi. Ular o‘zlariga potensial xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan kuchlarni bartaraf etishdan boshlashdi.

Bundan tashqari, «Tolibon» taktikasining muhim jihatlaridan yana biri shundaki, ular qo‘shni davlatlar bilan chegara hududlarini ham to‘liq o‘z nazoratiga olishdi. Chegara hududlarini nazorat qilish bojxonadan keladigan katta mablag‘ni o‘zlashtirishga yordam bersa, boshqa tomondan bu hukumat qo‘shinlarining ta'minotiga zarba berishda ham katta hissa qo‘shgan. O‘z-o‘zidan chegara nazorati ketganidan keyin hukumatda ta'minot bo‘yicha jiddiy muammolar paydo bo‘lardi.

«Tolibon»ning hokimiyatga kelishi natijasida biz uchun qanday masalalar ko‘tarilyapti?

— Oxirgi 20 yil davomida Afg‘onistonda o‘ziga xos status-kvo shakllandi. Ya'ni ma'lum kuchlar bor, ular o‘z qurol-yarog‘iga, ta'sir doiralari va moliyaviy manbalariga ega. Lekin ularning hech qaysi biri bu hududni to‘liq nazorat qilish imkoniyatiga ega emas. Doimiy ziddiyat, doimiy mojaro. Balki, «Tolibon» butun Afg‘oniston hududini egallashi (faqat Panjsher viloyatidan tashqari) natijasida yagona markaziy kuchning paydo bo‘lishi biz uchun rejalashtirilayotgan infrastruktura loyihalarini amalga oshirishni osonlashtirishi mumkin. Lekin bu qisqa muddatda ro‘y bermaydi.

To‘g‘ri, ayni vaziyatda «Tolibon» hokimiyatga kelib, o‘z g‘oyalarini amaliy siyosatga yo‘naltirishi kerak. Biroq o‘rta va uzoq muddatda bu foydali bo‘lishi ham mumkin. Ko‘plab loyihalar: elektr liniyasi, temir yo‘l qurish, internet tarmoqlarini o‘tkazish ishlari to‘xtab qoldi. Birgina temir yo‘l qurilishi haqida gapiradigan bo‘lsak, bunda eng katta muammo uning turli hududlardan o‘tishida edi. Bir hudud hukumat qo‘shinlari nazoratida bo‘lsa, yana bir hudud «Tolibon» nazoratida, boshqa bir hududda esa mahalliy bir qo‘mondon borki, u rasman markaziy hukumatni tan olsa-da, unga bo‘ysunmaydi. Bu esa temir yo‘lni qurishni ham, loyihalashtirishni ham qiyinlashtirardi va sarflanadigan mablag‘ miqdorini ko‘paytirardi. Albatta, risklar ko‘paygan sari, uning qiymati ham oshib boraveradi.

Balki yagona kuchning bo‘lishi ular bilan kelishishni, shunaqa loyihalar xavfsizligini ta'minlashni ham osonlashtirar. Bu qanaqadir ijobiy kutilma. Lekin hozirgacha bizda juda ko‘p noaniqliklar bor. «Tolibon»ning hukumatga kelganiga ko‘p bo‘lmagani bois ular qanaqa siyosat olib borishi, qaysi yo‘ldan borishini aniq bilmaymiz.

Biz uchun salbiy chaqiriq va tahdidlarga to‘xtalib o‘tadigan bo‘lsam, «Tolibon» hozirgi kungacha ham tashkiliy va g‘oyaviy jihatdan fundamentalist diniy tashkilot. O‘z rejalariga erishish va siyosatini amalga oshirishda terroristik aktlarni amalga oshirishdan ham tap tortmagan. Diniy ekstremizm va radikalizm muammolari mavjud bo‘lgan Markaziy Osiyo mintaqasida bunday kuchning hokimiyatga kelishi ma'lum bir darajada bu hududda o‘z radikal harakatlarini amalga oshirayotgan boshqa guruhlarning ruhlanishiga va intilish modelini yaratishiga imkon berishi mumkin. Bu o‘z navbatida salbiy chaqiriq.

Ikkinchi masala, Afg‘onistonda 300 mingga yaqin armiya va politsiya kuchlari shakllantirilgan, ular G‘arb davlatlari tomonidan to‘liq qurollantirilgandi. Endi bunday katta miqdordagi qurol-yarog‘ning taqdiri noma'lum bo‘lib qolmoqda. Bu aslahalarni «Tolibon» to‘liq nazorat qila oladimi? Bu qurol-yarog‘lar qora bozorga chiqib ketsa yoki boshqa ekstremistik guruhlar qo‘liga o‘tib qolsa, mintaqa uchun tahdidlarni ko‘paytirishi mumkin. «Tolibon» bilan muzokara jarayonlarida shu jihatga ham katta e'tibor berish kerak.

Uchinchi masala, shu paytgacha Afg‘onistondagi narkotrafik savdosi bizning mintaqa uchun juda katta muammo bo‘lib kelgan. 90-yillarning oxirida, birinchi marta «Tolibon» hokimiyatda bo‘lgan paytda narkotrafik savdosi effektiv tarzda cheklangan. Ko‘p miqdordagi narkotrafik miqdorini keskin kamaytirishga erishishgan. Hozirgi paytda ular Afg‘onistondagi vaziyatni tezlik bilan nazorat qilishga erishishsa, narkotrafik savdosi kamayar. Lekin Panjsherga o‘xshagan «Tolibon»ga qarshi chiqayotgan kuchlar soni ko‘paysa va mojaro davom eta boshlasa, beqaror vaziyat narkotrafik savdosi bilan shug‘ullanayotgan guruhlarga yaxshi imkoniyat yaratib beradi. Hukumat va nazorat bo‘lmagan joyda narkotrafik moddalarni yetishtirish va tranzit qilish osonlashadi.

Shuningdek, bu noaniqlik bizning Afg‘oniston bilan bo‘ladigan savdo aloqalarimizni ham cheklab qo‘ymoqda. So‘nggi yillarda Afg‘oniston O‘zbekiston uchun juda muhim savdo hamkorlaridan biriga aylangandi. Bu savdo aloqalarining 90 foizidan ortig‘ini bizning eksport mahsulotlar tashkil qilgan. Buncha miqdordagi tovarlar va xizmatlar uchun yangi bozorni topish biz uchun ham qiyin bo‘ladi.

Doston Ahrorov suhbatlashdi
Tasvirchi – Nuriddin Nursaidov

Mavzuga oid