O‘zbekiston | 20:00 / 24.08.2021
28710
7 daqiqa o‘qiladi

Shaxtyorlar, "pojarniklar" va aholi uchun kutilmagan taklif - navoiylik tadbirkor noyob mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi

O‘zbekiston yiliga qariyb 200 milliard so‘mlik o‘zini o‘zi qutqaruvchi himoya vositalarini import qiladi. Asosan konchilar uchun mo‘ljallangan ushbu himoya vositalari dunyoning sanoqli davlatlarida ishlab chiqariladi. Navoiylik tadbirkor innovatsion yangiliklar asosida import o‘rnini bosuvchi shu turdagi mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi.

Navoiy shahridagi “New Trust World” MChJ O‘zbekistonda turli kasb egalari uchun bir necha turdagi himoya vositalari ishlab chiqarayotgan yagona yirik korxona hisoblanadi. Bu yerda hozirgi kunda import o‘rnini bosuvchi 30 turga yaqin mahsulot ishlab chiqarilmoqda. 

 O‘zbekistonda tog‘-kon va metallurgiya sanoati eng yirik tarmoqlardan biri hisoblanadi. Sohadagi ish jarayonining katta qismi asosan konlarda amalga oshiriladi. Konchilarning xavfsizligini ta'minlash esa inson hayoti bilan bog‘liq muhim vazifalardan biridir. “New Trust World” MChJ ishlab chiqarayotgan asosiy mahsulot – o‘zini o‘zi qutqaruvchi SSK-30 himoya vositasi ayni shu maqsadga xizmat qiladi.

 “New Trust World” MChJ direktori Baxtiyor Begaliyevning ma'lum qilishicha, o‘zini o‘zi qutqaruvchi SSK-30 himoya vositasi kimyoviy izolyatsiyalash funksiyasiga ega. Ushbu vosita favqulodda holatlardainsonga 30-40 daqiqa mobaynida kislorod yetkazib berishga mo‘ljallangan. Mahsulot Navoiy kon-metallurgiya kombinati, Dehqonobod kaliy zavodi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Harbiylashtirilgan kon qutqaruv qismi kon va shaxtalarida hamkorlikda sinovdan o‘tkazilib, ijobiy xulosalar olingan. Korxonada himoya vositasining 15 daqiqadan 1 soatgacha muddatga moslashtirilgan turlari tayyorlanyapti. 

“SSK-30 himoya vositasi umuman havo yo‘q yoki noma'lum gaz chiqqan vaziyatlarda o‘zidan kislorod ishlab chiqaradi. Konda avariya holati yuzaga kelganida konchi mazkur himoya vositasini kiyadi va ishga tushiradi. SSK-30 ichiga maxsus kimyoviy moddalar joylashtirilgan. Ishga tushirish jarayonida mazkur moddalar kimyoviy reaksiyaga kirishib, kislorod hosil qiladi. Konchi ushbu kisloroddan nafas olgan holda 30-40 daqiqa davomida xavfsiz hududga chiqib, o‘z hayotini saqlab qolishi mumkin. Biz ishlab chiqarayotgan mahsulotning import mahsulotlaridan farqli tomonlari bor. Masalan, import qilinuvchi ushbu turdagi mahsulotlarda nafas olish burunni to‘liq yopgan holda faqatgina og‘izdan amalga oshiriladi. Korxonamiz muhandislari bevosita konchilar bilan amaliy tajribalar olib borib, SSK-30ning tabiiy holdagi kabi gapirish va nafas olish imkonini beruvchi qismini ixtiro qilishdi. Bu esa konchilarning bir-biri bilan gaplashish, maxsus telefon orqali kon tashqarisiga avariya holati yuzasidan tezkor axborot berishida qulayliklarga ega. Mahsulotimizning yana bir ustunlik tomoni shundaki, biz import mahsulotlarida ishlatiluvchi inson salomatligi uchun zararli bo‘lgan ba'zi bir kimyoviy moddalardan foydalanmaymiz. Shuningdek, biz ishlab chiqarayotgan mahsulotning nafas olish qopi qulay shaklga keltirilib, korpusi mustahkam metall bilan qoplandi”, — deydi Baxtiyor Begaliyev.

Ta'kidlanishicha, himoya vositasini ishlab chiqarishda MChJ xodimlari tomonidan laboratoriya sharoitida izlanishlar olib borilib, inson salomatligiga salbiy ta'sir ko‘rsatuvchi kimyoviy moddalar o‘rniga xavfsiz elementlardan foydalanish yo‘lga qo‘yilgan. Korxona oyiga 2 000 dona o‘zini o‘zi qutqaruvchi himoya vositasi ishlab chiqarish quvvatiga ega.

Bundan tashqari, MChJ kichik hajmdagi, filtrlovchi xususiyatga ega o‘zini o‘zi qutqaruvchi himoya vositasini ham ishlab chiqarmoqda. Korxona xodimlariga ko‘ra, bu himoya vositasi ko‘p qavatli uylarda yashovchi aholiga tavsiya qilinyapti.

 “Yong‘in sodir bo‘lgan holatlarda insonlar ko‘proq kuyishdan emas, chiqindi gazdan va tutundan zaharlanish oqibatida halok bo‘lishi aniqlangan. Muhandislarimiz yong‘in holatlarida inson hayoti uchun xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan omillarni tahlil qilib, ushbu filtrlovchi himoya vositasini o‘ylab topishdi. Ko‘p qavatli uylarda yong‘in sodir bo‘lsa, fuqarolar ushbu himoya vositasidan foydalangan holda 30-40 daqiqa mobaynida xavfsiz hududga chiqib olishlari yoki yong‘in xavfsizligi xodimlari yetib kelishini kutishlari mumkin. Aholi uchun oyiga 10 000 dona himoya vositasi ishlab chiqarish quvvatiga egamiz ”, — deya ta'kidlaydi MChJ direktori.

 Korxonada tayyorlanayotgan yana bir mahsulot hozirgi kungacha chet davlatlardan import qilinayotgan 800 daraja issiqlikka chidamli maxsus kiyim hisoblanadi. Ushbu maxsus kiyim asosan yong‘in xavfsizligi xodimlari uchun mo‘ljallangan. Uning matosi olovni qaytarish xususiyatiga ega. Korxonaning mazkur mahsulotni ishlab chiqarish quvvati oyiga 500 dona. 

Shuningdek, korxonada mudofaa uchun maxsus harbiy kiyimlar, kimyoviy moddalar va kislotaga qarshi hamda tibbiy laboratoriya kiyimlari, bir necha turdagi niqoblar, respirator va protivogazlar, po‘lat va titan simdan to‘qiladigan kon metallurgiya sohasi uchun maxsus g‘alvirlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. 

Ushbu mahsulotlarning aynan Navoiy viloyatida ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yilgani bejiz emas. “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” davlat korxonasining salohiyati va ishlab chiqarish quvvati yildan yilga oshib bormoqda. Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 28 dekabrdagi 1047-sonli qarori ijrosi yuzasidan “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” davlat korxonasi bosh direktori Quvondiq Sanaqulov topshirig‘i asosida yo‘l xaritasi tuzilib, korxona bilan hamkorlik ishlari olib borilmoqda hamda shartnoma tuzilishi kutilyapti. 

  

 “New Trust World” MChJ tomonidan ishlab chiqarilayotgan ushbu mahsulotlar sifati va qulayligi, narxi borasida import o‘rnini bosishi mumkin. Hozirda MChJ o‘z mahsulotlari bilan mamlakat ichki ehtiyojini to‘liq ta'minlash quvvatiga ega. Bu borada tegishli mas'ullarning yirik sanoat korxonalari bilan hamkorlik va hujjatlashtirish ishlarida ko‘mak berishi korxona rivojiga xizmat qiladi. Chunki korxona rahbariyati innovatsion yangilik va foydali ixtirolar bilan ham tashqi, ham ichki bozorni sifatli mahsulotlar bilan ta'minlashda muhim qadamlarni tashlamoqda.

“New Trust World” MChJ Ⓣ 

Ruslan Saburov,
Kun.uzmuxbiri. 
Montaj ustasi – Jahongir Aliboyev.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish