25 avgust kuni Rossiya Mudofaa vazirligiga aloqador saytda Rossiya tomonidan Afg‘oniston hududidan Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXShT)ga a'zo davlatlar hamda Ukrainaning 500dan ortiq fuqarolari evakuatsiya qilinishi haqida e'lon berildi. Xabarda KXShTga a'zo davlatlar sifatida Belarus, Qirg‘iziston va Tojikiston qatorida O‘zbekiston ham sanab o‘tilgan.
Xabarning ikki joyida O‘zbekiston KXShT a'zosi sifatida ko‘rsatilgan. Rus nashrlari, xususan, TASS agentligi ham bu xatoni to‘g‘rilamasdan e'lon qilgan.
O‘zbekiston Respublikasi 2012 yildan buyon ushbu tashkilot a'zosi hisoblanmaydi.
Mazkur holat KXShT O‘zbekiston bilan hamkorlikka tayyorligi haqida bayonot berishi, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashkilotning Afg‘onistondagi vaziyatga bag‘ishlab videoanjuman shaklida o‘tkazilgan navbatdan tashqari sessiyasida taklif etilgan mehmon sifatida ishtirok etishi ortidan ro‘y bermoqda.
Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti — Rossiya rahnamoligidagi harbiy blok hisoblanadi.

Kun.uz holatga izoh olish uchun Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati bilan bog‘landi. TIV rasmiylari qat'iy ravishda O‘zbekiston Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga a'zo emasligini ta'kidladi. Vazirlik vakili Rossiya nashrlarida tarqatilgan ushbu xabarlardan bexabar ekanligini bildirdi.
Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti – harbiylashtirilgan mintaqaviy xalqaro tashkilot hisoblanib, 1992 yil 15 may kuni Toshkentda imzolangan xalqaro bitim doirasida tuzilgan. Unga sobiq sovet ittifoqining to‘qqiz respublikasi a'zo bo‘lib kirgandi. Hozirda bu tashkilotga faqat Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya va Tojikiston a'zo hisoblanadi.
O‘zbekiston birinchi marta 1999 yil 2 aprelida ushbu tashkilotdan chiqib ketgan. Keyinchalik, AQSh va G‘arb davlatlari bilan munosabatlar sovuqlashishi ortidan 2006 yil 16 avgustda O‘zbekistonning KXShTga a'zoligi to‘liq tiklanadi.















