Jahon | 19:16 / 25.08.2021
69077
9 daqiqa o‘qiladi

«Tolibon»ga qarshi turgan yagona hudud – Panjsher vodiysi haqida nimalar ma'lum?

Afg‘oniston poytaxti Kobuldan 150 km shimoli-sharqda joylashgan Panjsher vodiysi «Tolibon»ga qarshilik ko‘rsatishning «so‘nggi tayanchi» bo‘lib turibdi.

Foto: Getty Images

Tik qoyali tog‘lar orasida joylashgan bu vodiyda 1979-89-yillarda sovetlar bosqiniga qarshi, 1996-2001 yillarda esa toliblarga qarshi kurash olib borilgan.

«So‘nggi 20 yil ichida bu yer Afg‘onistondagi eng xavfsiz hudud sifatida ko‘rilgan», deydi BBC afg‘on xizmati xodimi Maryam Omon.

Panjsher bugun ham mamlakatning 34 viloyati orasida «Tolibon» qo‘lga kirita olmagan yagona hududdir.

Ammo toliblar bu yerni olish uchun o‘z kuchini safarbar qilmoqda.

«Biz ikkinchi marta «Tolibon»ga qarshilik ko‘rsatishga tayyormiz», deydi Panjsher iqtisodiyot bo‘limi boshlig‘i Abdul Rahmon.

«Tolibon» Kobulga kirmasdan oldin Afg‘onistonni tark etgan sobiq prezident Ashraf G‘ani hukumatining vitse-prezidenti bo‘lgan Amrulla Solih ham shunday xabarni bermoqda.

Muqaddam razvedka xizmati boshlig‘i vazifasida ham ishlagan Amrulla Solih Ashraf G‘ani mamlakatni tark etgach, o‘zini «Afg‘onistonning vaqtinchalik qonuniy prezidenti» sifatida e'lon qildi.

Solih Panjsher boshqa mintaqalarga namuna ekanini aytib, xalqni qarshilik harakatiga qo‘shilishga chorlamoqda.

«Men hech qachon «Tolibon» bilan bir tom ostida bo‘lmayman. ASLO», deb yozdi u tvitterida.

BBC muxbiri Maryam Omonga ko‘ra, «Tolibon»ga qarshi qarata aytilgan bu xabar ko‘plab afg‘onlarga yoqishi mumkin.

Taxminlarga ko‘ra, Solih Panjsherda Ahmad Mas'ud bilan birga. Mas'ud vodiyda Afg‘oniston milliy qarshilik fronti (NRF) nomi bilan «Tolibon»ga qarshi front tuzgan. Mas'ud – «Panjsher arsloni» laqabi bilan esga olinadigan, 1990-yillarda «Shimoliy alyans» rahbari sifatida «Tolibon»ga qarshilik ko‘rsatgan Ahmad Shoh Mas'udning o‘g‘li.

Mas'ud o‘tgan hafta Washington Post gazetasi uchun maqolasida «Panjsherni Afg‘oniston ozodligining so‘nggi tayanchi sifatida himoya qilishga ont ichgani»ni ma'lum qildi va G‘arb davlatlarini «ozodlik yo‘lida yordam berish»ga chaqirdi.

Panjsher va uni himoya qiluvchi kuchlar haqida nimalar ma'lum?

1980-yillarda Panjsherda vayron qilingan sovet tankining qoldiqlarini hali ham shu joyda ko‘rish mumkin. 
REZA/GETTY IMAGES

Tabiiy qal'a

Afg‘oniston milliy qarshilik frontining tashqi ishlar bo‘yicha xodimi Ali Nazariyning BBC’ga aytishicha, qarshilik tarafdorlari tinchlik va markazlashtirilmagan boshqaruvga asoslangan yechim istashsa-da, minglab askarlar bilan Panjsherni himoya qilishga tayyor.

Ali Nazariyning ta'kidlashicha, vodiyda o‘qitilgan mahalliy kuchlar mamlakatning turli nuqtalaridan kelgan sobiq mudofaa qo‘shinlari va «Tolibon»ga qarshi bo‘lgan kuchlarning qo‘shilishi bilan kuchaytirilgan.

Har qanday mojaroda vodiy geografiyasi qarshilik kuchlariga ustunlik beradi.

Panjsherning baland qoyalari va daralari bu hududni mustahkam qal'aga aylantirgan. Vodiyga esa ulug‘vor tog‘lar orasidagi bo‘g‘oz orqali kiriladi.

O‘rtasidan daryo oquvchi vodiy Afg‘oniston va shimoli-g‘arbiy Pokiston orasidagi Hindukush tog‘ tizmalariga juda yaqin.

Mintaqada zumrad ma'danlari, gidroelektrik to‘g‘onlar va shamol stansiyasi kabi tabiiy manbalar mavjud. AQSh yordamida mintaqada yo‘llar va poytaxtdan signal oladigan radio minorasi qurilgan.

Biroq Panjsher iqtisodiy jihatdan mamlakatning eng muhim hududlaridan biri emas.

1990-yillarda Ahmad Shoh Mas'udning «Mujohid» qo‘shinlari.

BBC jahon xizmati muxbiri Xorun Shafiqiyning aytishicha, vodiy «partizanlar urushi uchun juda mos», lekin strategik ahamiyatga ega emas.

«U biror muhim portga yaqin emas, sanoati yo‘q, mamlakat yalpi ichki mahsulotiga ham hissa qo‘shmaydi», deydi u.

150dan 200 minggacha bo‘lgan aholisining deyarli barchasi etnik  tojik bo‘lib, fors tilida so‘zlashadi. Tojiklar Afg‘onistondagi 38 millionlik aholining chorak qismini tashkil qiladi.

Bu jamoa tarixan hamisha toliblarga qarshi bo‘lgan.

Panjsher vodiysida Ahmad Mas'ud va uning otasi tasvirlangan afisha. 2019 yil

«Qarshilik ramzi»

Afg‘onistonlik «mujohid» Ahmad Shoh Mas'ud Panjsherning «Tolibon»ga qarshilik ko‘rsatish tarixida muhim shaxs bo‘lgan. U 1980-1990-yillarda mintaqada muxtoriyat uchun olib borilgan kurashni boshqargan. 2001 yil 9 sentabr kuni, AQShda sodir etilgan teraktlardan ikki kun oldin «Al-Qoida» tomonidan o‘ldirilgan.

«Panjsher arsloni» (Panjsher – «beshta sher» degan ma'noni anglatadi) laqabli Mas'ud afishalarini Afg‘onistonning ko‘p  joylarida uchratish mumkin.

«Panjsher afg‘on-sovet urushi paytida (1980-yillarda) Ahmad Shoh Mas'ud tomonidan qal'a sifatida ishlatilgan», deydi BBC muxbiri Maryam Omon.

2001 yil 9 sentyabrda «Al-Qoida»ning suiqasdi natijasida vafot etgan Ahmad Shoh Mas'udni dafn etish marosimi.

Maryam Omonning aytishicha, «Tolibon» hokimiyat tepasida bo‘lgan 1996-2001 yillarda ham toliblar va turli mujohid guruhlari o‘rtasida kechgan urushlarda ham ushbu mintaqa muhim o‘rin tutgan.

«2001 yil Mas'ud vafotidan keyin ham mintaqa «Tolibon»ga qarshilik merosini davom ettirdi», deydi u.

Ahmad Shoh Mas'ud – ko‘plab afg‘onlar uchun hurmatli shaxs.

Hamid Karzay prezidentlik davrida Mas'udni milliy qahramon, deb e'lon qiladi. 2012 yildan e'tiboran, u vafot etgan 9 sentabr Shahidlar kuni va Ahmad Shoh Mas'ud kuni sifatida nishonlanadi.

Ahmad Shoh Mas'udning «mujohidlari», Panjsher vodiysi va Kobul orasidagi hududda. 1996 yil

Vitse-prezident Amrulla Solih Mas'udga sodiqligini ochiq e'lon qilgan edi.

«Men afsonaviy qo‘mondonim va yo‘l ko‘rsatuvchi qahramonim Ahmad Shoh Mas'udning ruhi va merosiga hech qachon xiyonat qilmayman. Men har qanday holatda tolib terrorchilariga bo‘yin egmayman», deb yozadi u tvitterida.

Panjsherlik va asli tojik millatiga mansub bo‘lgan Solih 1990-yillarda «Tolibon»ga qarshi kurashgan «Shimoliy alyans» a'zosi edi.

Mas'udni harbiy jinoyatlar qilgan, deyuvchilar ham bor.

Human Righs Watch tashkilotining 2005 yildagi tadqiqotiga ko‘ra, Afg‘onistondagi urushlar paytida uning qo‘mondonligi ostidagi harbiy kuchlar tomonidan qilingan «ko‘plab suiiste'mol holatlari Ahmad Shoh Mas'udga ishora qiladi».

Panjsherda afg‘on xavfsizlik kuchlari patrullik qilmoqda

«Biz bu kun kelishini bilardik»

Endi vodiydagi qarshilikka uning 32 yoshli o‘g‘li Ahmad Mas'ud boshchilik qilmoqda.

16 avgust sanasida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan tasvirlarda Solih va Mas'udning birga ko‘rinishi ular o‘rtasida ittifoq borligini ko‘rsatdi.

O‘tgan hafta Washington Post gazetasida e'lon qilingan maqolada Mas'ud o‘z jangchilari Afg‘oniston armiyasi va maxsus kuchlaridan harbiy yordam olganini ma'lum qildi.

Ahmad Mas'ud – «Panjsher arsloni» nomi bilan tanilgan, 1990-yillarda «Tolibon»ga qarshi jang qilgan Ahmad Shohning o‘g‘li. (2019 yil sentabr)

«Bizda otam davridan beri sabr-toqat bilan to‘plangan o‘q-dori va qurollar bor, chunki biz bu kun kelishini bilardik. «Tolibon»ga qarshi mujohidlar kurashi endi boshlandi, ammo yordamga ehtiyojimiz bor. Agar «Tolibon» qo‘mondonlari hujum uyushtirishsa, ular, albatta, bizning qattiq qarshiligimizga duch kelishadi... Harbiy kuchlarimiz va moddiy-texnik bazamiz yetarli bo‘lmasligini bilamiz. G‘arblik do‘stlarimiz tezda ularni bizga yetkazib berish yo‘lini topishmasa, tez orada tugaydi», deydi Mas'ud. 

Mavzuga oid