Prezidentlikka nomzod Alisher Qodirov qanday va'dalar berdi?
“Milliy tiklanish” yetakchisi agar saylovda g‘alaba qozonsa, Oliy ta'lim vazirligini tugatishi, islom o‘quv yurtlariga kvotalarni oshirishi, Qur'on kurslarini ommalashtirishi, islom moliyasini joriy qilishi va iqtisodiyotda davlat ishtirokini keskin kamaytirishini aytdi.
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan O‘zbekiston prezidentligiga nomzod, amalda Qonunchilik palatasi vitse-spikeri Alisher Qodirov 26 avgust kuni partiya sezdida so‘zga chiqib, o‘zining saylovoldi dasturini taqdim etdi.
Dastur uchun “Qadriyatlarga tayangan taraqqiyot” shiori tanlangan. Kun.uz Alisher Qodirovning asosiy g‘oyalarini keltirib o‘tadi.
“Oliy ta'lim vazirligini tugatish kerak”
“Milliy tiklanish” yetakchisi saylovda g‘alaba qozonsa, eng avvalo “Yangi avlod” nomli davlat dasturini qabul qilishini aytdi. Bu dastur bola tug‘ilganidan maktabni tugatgungacha bo‘lgan davrga oid ko‘plab masalalarni qamrab oladi.
“Oila, bog‘cha va maktab. Bu uchta institut yagona tizimga birlashtirilishi kerak”, – dedi Qodirov.
Uning fikricha, ta'lim-tarbiya tizimi islohoti uchun oilada ayollarga sharoit yaratish, bolali ayollarning oyliklarini kamaytirmagan holda ularning ish vaqtlarini qisqartirish zarur.
Alisher Qodirov Oliy ta'lim vazirligini tugatib, OTMlarni xususiylashtirish niyatida ekanini bildirdi. Vazirlik o‘rniga esa prezident huzurida Rektorlar kengashi tuzishni taklif qildi.
“Agar OTMlar xususiylashtirilsa, ular orasidagi raqobat bizdagidek oliy ta'limga o‘ch, ma'rifat istaydigan yoshlar uchun juda katta imkoniyat bo‘ladi. Raqobat biz kutgan kadrlar dunyoga kelishiga sabab bo‘ladi”, – dedi u.
“Islom dini – ma'rifat manbayi”
Alisher Qodirov shu nomli dastur qabul qilishga va'da berdi. Bu dasturda islomiy ta'lim muassasalariga qabul kvotalarini oshirish, Qur'on kurslarini ommalashtirish, dinshunoslikka oid ilmiy ishlarni rag‘batlantirish choralari ko‘zda tutiladi.
Bundan tashqari, Qodirov islom moliyasini joriy etish vaqti keldi, deb hisoblaydi.
“Biz ikki yildan beri bu masalani ko‘taryapmiz, lekin bank idoralari go‘yo bu raqobatga tayyor emasdek harakat qilishyapti. Islom moliyalash tizimi – bugungi O‘zbekiston uchun juda ham muhim va zarur institut. U kreditlashning yangicha usulini taklif qiladi. Bu – tadbirkor uchun katta imkoniyat.
Qolaversa, dunyodagi islomiy moliya bilan bog‘liq juda ko‘p moliyaviy institutlar O‘zbekistonga kiritishga tayyor, lekin biz bu narsani qo‘llab-quvvatlamayapmiz. Fuqarolik kodeksi va banklar faoliyati bilan bog‘liq qonunchiligimizda islom moliyasi tizimini ishlatishga taqiqlar bor. Bu qonunchilikni o‘zgartirish bo‘yicha banklar bilan hanuzgacha bir to‘xtamga kela olmayapmiz. Biz islom moliyasini joriy etish bo‘yicha aniq harakatlarni amalga oshirmoqchimiz”, – dedi Qonunchilik palatasi spikerining o‘rinbosari.
“Monopoliyalarni 5 yil ichida...”
Qodirov, prezident etib saylansa, O‘zbekiston iqtisodiyotida davlatning ishtirokini keskin qisqartirish bo‘yicha dastur qabul qilishini aytdi.
“Biz 5 yil ichida eng muhim monopoliyalarni... Ya'ni elektr energiyasini sotish, gaz sotish, aholiga kommunal xizmatlar ko‘rsatish kabilarda monopoliya bor. Davlatning o‘zi ko‘rsatyapti bu xizmatlarni. Bu monopoliyalardan na odamlar rozi, na davlat daromad ko‘ryapti, na mahsulot o‘z tannarxini qoplayapti.
Bu uzoq davom etishi kerak emas. Ko‘rilgan zararlarning hammasi budjetdan qoplanayotganini hisobga olsak, bu – nega odamlarning oyligi kam, nega yo‘llarimiz yomon degan savollarga javoblardan biri. Albatta, korrupsion qismni rad etmagan holda”, – ta'kidladi “Milliy tiklanish” raisi.
“Imtiyoz berish modaga aylanib ketdi”
Deputat o‘z so‘zida imtiyoz va preferensiyalar masalasida amaldagi hukumatni tanqid qildi.
“Imtiyozlar va preferensiyalarni faqat qonun bilan berish kerak. Boshqa birorta idora, boshqa birorta institut, hatto prezidentlik instituti ham imtiyoz yoki preferensiya berish vakolatiga ega bo‘lmasligi kerak. Faqatgina qonun, qonun, qonun.
Har qanday imtiyoz, unutmasligimiz kerak, chiroyli ko‘ringani bilan, lekin buzg‘unchi omil. Imtiyozga ega bo‘lgan odamning qarshisida imtiyozga ega bo‘lmagan norozi qatlam shakllanib boraveradi.
Afsuski, bugungi kunda bizda imtiyoz berish modaga aylanib ketdi. Bugun qaysi sohaga qarasangiz ham, imtiyoz va preferensiyalar bor. Bunday bo‘lmasligi kerak. Bu – sog‘lom raqobatni o‘ldiradi”, – dedi Alisher Qodirov.
“Mahalliy kengashlarni hokimlar boshqarmasligi kerak”
Alisher Qodirov hokimlarning mahalliy kengashlar raisi maqomini bekor qilish, sud-huquq tizimida islohotlar olib borish, jazoni ijro etish muassasalarini Ichki ishlar vazirligidan Adliya vazirligi tizimiga o‘tkazish kerak deb hisoblashini bildirdi.
U saylovda g‘olib chiqsa, so‘z erkinligini qat'iy qo‘llab-quvvatlashi, OAV qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etilishini ta'kidladi.
Shuningdek, 50 ming ovoz jamlagan murojaat bo‘yicha prezidentning OAVda shaxsan munosabat bildirishiga oid tizim yaratishga va'da berdi.
“Ko‘p qarshiliklarni yengishga to‘g‘ri keladi”
Prezidentlikka nomzod OAVga bergan intervyusida “har qanday qiyinchilikka tayyor”ligini aytdi.
“Oldimizga qo‘yilgan maqsadlarga besh yillik muddat ichida erishamiz. Bu oson bo‘lmaydi, chunki eski muammolar bor. Ko‘p qarshiliklarni yengishga to‘g‘ri keladi va shuning o‘zi ham katta kuch talab qiladi. Har qanday qiyinchiliklarga tayyormiz.
So‘z erkinligi rivojlanishning muhim qismi. So‘z erkinligi – inson erkinligi mahsuli. Muammolar gapirilmasa, xatolar gapirilmasa, ko‘zbo‘yamachilik bilan ma'lumotlarni shakllantirib o‘zimizni xursand qilib yuraversak taraqqiyot bo‘lmaydi. Lekin shu bilan birga mas'uliyatli so‘z erkinligi va mas'uliyatli erkinlik jamiyat uchun muhim”, – dedi Alisher Qodirov.
Tavsiya etamiz
Bojlarni muzlatgan Tramp, urushdan sillasi qurigan Sudan – hafta dayjesti
Jahon | 12:50 / 13.04.2025
Sirli eshiklar va yashirin yo‘laklar: Toshkent metrosi xavfsiz boshpana bo‘la oladimi?
O‘zbekiston | 10:00 / 12.04.2025
Leapmotor avtomobillarining O‘zbekistonga importi cheklangani yuzasidan izoh berdi
O‘zbekiston | 15:52 / 11.04.2025
“Yaqin kunlarda rekord issiqlik to‘lqini kutilmoqda” – iqlimshunos Erkin Abdulahatov
O‘zbekiston | 13:00 / 10.04.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Shavkat Mirziyoyev Chorvoqdagi xalqaro turizm markazi taqdimoti bilan tanishdi
O‘zbekiston | 18:09
-
YouTube qisqa videolarni o‘z o‘ziga taqiqlash funksiyasini sinovdan o‘tkazadi
Jahon | 17:41
-
Britaniyaning gumanitar yordamni qisqartirishi butun dunyo bo‘ylab 55,5 mln kishiga ta’sir qiladi
Jahon | 17:40
-
“Bemor 12 soat qarovsiz qolgan” – telejurnalist Ramina Yagafarova o‘limi bo‘yicha ikki shifokor jinoiy jazoga tortildi
O‘zbekiston | 17:29
Mavzuga oid

18:01 / 11.04.2025
“Oqibatlari og‘ir bo‘ladi” - Alisher Qodirov internetdagi “axborot loyihalari” haqida

11:18 / 23.03.2025
«Chunki puli tugaydi» - Alisher Qodirov saylovdan keyin partiyalar jim bo‘lib qolishi haqida

10:38 / 24.02.2025
Germaniyada parlament saylovlari. Konservativlar birinchi o‘rinni egalladi

16:14 / 31.01.2025