Jahon | 21:20 / 10.09.2021
8501
2 daqiqa o‘qiladi

Olimlar 15 milliard yilda 1 soniyaga adashuvchi soat uchun 3 million dollar mukofot olishdi

Tokio va Kolorado universitetlari olimlari Xidetoshi Yatori va Jun Ye 15 mlrd yilda 1 soniyaga adashuvchi soatni yaratishdagi rollari uchun fundamental fizika bo‘yicha 3 mln dollarlik mukofotni yutib olishdi. Bu haqda mukofot saytida ma'lum qilindi.

Foto: C. Henze/NASA Ames Research Center

Mukofot hay'atining ta'kidlashicha, olimlar “tabiat qonunlarini yuqori aniqlik bilan tekshirishga imkon beruvchi optik panjarali soatlarni yaratishda muhim rol o‘ynashgan”. Ularning ushbu ixtirosi vaqtni mavjud usullardan ming marta aniqroq o‘lchash imkonini beradi.

Optik panjarali soatlar vaqt atomlar holatini o‘lchash yordamida o‘lchanadigan an'anaviy atom soatlarining evolyutsion ishlanmasi hisoblanadi. Atom soatlarda bir soniya 2ta seziy-133 atomi holati o‘rtasidagi o‘tishda hosil bo‘luvchi elektr magnit nurlanishning 9 192 631 770 davriga teng.

Dastlab atom soatlarda ushbu o‘tishlarni hosil qilish uchun mikroto‘lqinli nurlanish qo‘llangan. Agar bunda optik diapazondagi yuqoriroq chastotali nurlanish qo‘llansa, vaqt o‘lchovi aniqligi ortadi. Bu holatda chastota generatori sifatida stronsiy atomlari xizmat qiladi. Yatori va Ye o‘lchov aniqligini oshirish uchun ushbu atomlarni bir nuqtada ushlab turish usulini topishdi. Ular buning uchun lazer nurlari atomlarni qopqonda ushlab turuvchi “optik panjara”ni qo‘llashgan.

Bunday texnologiya qo‘llangan soatlar shunchalik aniq bo‘ladiki, ular 15 mlrd yil ishlagandan keyin vaqtni o‘lchashdagi xatolik 1 soniyadan oshmaydi. Taqqoslash uchun shuni keltirish mumkinki, olimlarning baholashicha, koinot yoshi 14 mlrd yilni, Quyoshniki esa 5 mlrd yilni tashkil qiladi.

Yangi ixtiro ko‘plab sohalarda – GPS aniqligini oshirishdan to vaqtni gravitatsion sekinlashtirishni aniq o‘lchash va gravitatsion to‘lqinlarni aniqlashgacha qo‘llanishi mumkin.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid