Amerikalik milliarder 2000 yilgi qotillikda aybdor deb topildi. U bunga o‘zi haqidagi film s'yomkasida iqror bo‘lib qo‘ygan
AQShda HBO kanalining «Milliarder sirlari» (The Jinx) nomli hujjatli seriali qahramoni, ko‘chmas mulk biznesi imperiyasi merosxo‘ri Robert Dyorst o‘zining yaqin do‘sti Syuzen Bermanning o‘limida aybdor deb topildi. U bu jinoyatiga s'yomka vaqtida mikrofon yoqilganidan bexabarligi uchun iqror bo‘lib qo‘ygan.
Sud a'zolari Dyorst 2000 yilda o‘z rafiqasining bedarak yo‘qolgani bo‘yicha ishda ko‘rsatma berishiga qarshilik ko‘rsatish maqsadida Bermanni o‘ldirgan degan xulosaga kelishgan.
Ayni vaqtda 78 yoshda bo‘lgan Dyorstning o‘zi sud majlisida qatnashmadi, u koronavirus bilan kasallangan odam bilan muloqot qilgach, qamoqxonada izolyatsiyaga olingan.
Unga hukm 18 oktabr kuni e'lon qilinadi. U muddatidan oldin ozod qilish huquqisiz umrbod qamoq jazosiga mahkum qilinishi mumkin. Hukm qanday bo‘lishi va sudlanuvchining yoshi hisobga olinishidan qat'i nazar, u endi qamoqdan chiqa olishi dargumon.
55 yoshida o‘ldirilgan jurnalist va yozuvchi Syuzen Berman mafioz otasi bilan o‘tgan bolaligi haqidagi kitobidan keyin mashhurlikka erishgandi. 1982 yilda Dyorstning rafiqasi Ketlin bedarak yo‘qolganida, Berman milliarderning vakili vazifasini bajargandi.
O‘shanda Dyorstga ayblov e'lon qilinmagan, ammo 1999 yilda bu ish yana tiklangandi. Millioner shoshilinch ravishda Nyu-Yorkdan Texas shtatidagi Galveston shaharchasiga jo‘nab ketgan, Amerika nashrlari xabariga ko‘ra, u bu yerda bir muddat davomida gung ayol qiyofasida yashagan.
Dyorstning yaqin do‘sti bo‘lgan Berman unga politsiyadan so‘roq uchun chaqiruv bo‘layotganini aytgan. Ko‘p o‘tmay bu ayol Kaliforniyada jonsiz holda topilgan.
Ayblovchilar versiyasiga ko‘ra, Dyorst jami bo‘lib uch kishini o‘ldirgan - uchinchi qurbon Galvestonda yashiringan millionerni tanib qolgan Morris Blek ism-sharifli keksa kishi bo‘lgan.
2001 yilda Dyorstni Blekni o‘ldirish ayblovi bilan qo‘lga olishganida, milliarder o‘zaro janjal vaqtida qo‘shnisini tasodifan otib qo‘yganini va keyin uning tanasini bo‘laklaganini ma'lum qilgan. Yakunda sud a'zolari Dyorst o‘zini himoyalash uchun harakat qilgan degan xulosaga kelishgan.
15 daqiqalik shon-shuhrat
2010 yilda rejissyor Endryu Jareki Ketlin Dyorstning yo‘qolishi voqeasi asosida «Barcha yaxshi narsalar» (All Good Things) nomli badiiy filmni ishlaydi, unda bosh qahramonlarni Rayan Gosling va Kirsten Danst ijro etgan.
Premera arafasida Dyorst rejissyor bilan bog‘langan va unga kartinani ko‘rsatishgan. Biznesmenga film yoqqan va u o‘zi haqidagi «Milliarderning sirlari» nomli kichik hujjatli film s'yomkasida ishtirok etishga rozilik bildirgan.
Serial uchun intervyu berish vaqtida Dyorst rafiqasi bilan janjallashib qolgani va uning yo‘qolishi bo‘yicha tergovda politsiyachilarni aldaganini tan olgan, ammo uni yoki Syuzen Bermanni o‘ldirganini inkor etgan.
Bir yarim yil vaqt o‘tib serial ijodkorlari Dyorstni yana intervyuga chaqirishgan, intervyu vaqtida unga Bermanning o‘ldirilishi haqidagi anonim xabar va biznesmenning o‘zi tomonidan imzolangan konvertni ko‘rsatishadi. Ikki dastxat ham o‘xshash va ikkisida ham bir xildagi orfografik xatolar bor edi.
Dyorst hamon qotilliklarga aloqadorligini rad etar, ammo juda asabiylashardi. S'yomkadan keyin u hojatxonaga chiqqan, u bu yerda bir necha daqiqa davomida o‘zi bilan gaplashib turgan, ammo u mikrofonni yechishni unutgandi.
«Milliarder sirlari» serialining so‘nggi epizodi efirga chiqishiga bir necha soat qolganida hukumat Yangi Orleanda Bermanning qotilligida gumondor sifatida Dyorstni hibsga olgan.
Sud majlisi vaqtida vannadan olingan o‘sha klip namoyish etiladi.
Unda Dyorst shunday pichirlaydi: «Mana. Qo‘lga tushding. Men nima qilgandimmi? Albatta, ularning barini o‘ldirdim».
«Badiiy montaj»
Dyorstning advokatlari sudda bu yozuvdan foydalanilishiga e'tiroz bildirib, iboralar Dyorstning tilidan turli vaqtlarda chiqqan so‘zlardan yasalganini iddao qilishadi.
Chindan ham, montaj bo‘lgandi - xususan, «Men nima qilgandimmi?» va «Albatta, ularning barini o‘ldirdim» iboralari orasida 10 soniyalik farq bor, original yozuvda ikkinchi ibora birinchisidan oldin keladi.
Serial mualliflari montajdan maqsad manipulyatsiya bo‘lmagani, bu ishga badiiy zarurat tufayli qo‘l urilganini aytishadi. Ularning fikricha, iboralarning joyi almashtirilishidan maqsad serialni qotillikning tan olishi bilan yakunlash bo‘lgan va bu filmda dramatizmni kuchaytirgan.
Ammo bunday badiiy yondashuv yozuvdan dalil sifatida foydalanishda murakkablik keltirib chiqaradi.
Natijada sud Dyorstning vannadagi g‘o‘ldirashi yozuvini ko‘rib chiqish uchun qabul qiladi.
Jorjtaun universiteti huquq professori Saylas Vasserstromning izohlashicha, odatda bunday yozuvni sudda taqdim etish qiyinroq bo‘ladi, chunki bu Dyorstni xabardor qilmagan holda tayyorlangan.
Ammo shunday bo‘lsa-da, uning bu so‘zlari tashqi ta'sirsiz (spontanlik) chiqqani uchun sud uni dalil o‘rnida qabul qilishi mumkin edi.
Chikago universiteti huquq professori Erik Zunkelning fikricha, odatda sud politsiya tomonidan tayyorlangan yoki politsiyachi bosimi ostida qilingan iqrorlarni qabul qilmaydi, chunki bunday vaziyatda iqror bo‘luvchining samimiyligi shubha ostida bo‘ladi. Dyorst bilan bog‘liq vaziyat ancha murakkabroq: u serial mualliflariga bir yarim yil farq bilan ikki marta intervyu bergan (Zunkel buni oqlovchi tomon uchun «haqiqiy dahshatning o‘zginasi» deya ta'riflaydi) va u mikrofonni o‘z ixtiyori bilan taqqan.
Endilikda Ketlin Dyorstning oilasi bayonot bilan chiqib, Nyu-Yorkdagi Vestchester okrugi prokuraturasini Dyorstni rafiqasining qotilligi bo‘yicha jinoiy javobgarlikka tortishga chaqirmoqda.
«Los-Anjyelesdagi sud tizimi nihoyat Bermanlar oilasi foydasiga qaror chiqardi. Endi Vestchester ham Makkormaklar uchun shu ishni qilishi kerak», deyiladi bayonotda.