O‘zbekiston | 19:22 / 22.09.2021
16196
5 daqiqa o‘qiladi

«Grippga qarshi vaksina qabul qilish har qachongidan ham muhimroq» - SSV grippga qarshi emlanishga chaqirdi

Koronavirusga qarshi emlangan odam 14 kun o‘tib grippga qarshi ham emlanishi mumkin. Grippga qarshi vaksina odamlarni COVID-19dan himoya qilmaydi, lekin u grippning rivojlanish xavfini kamaytiradi.

Kuz mavsumi boshlanib, iqlim salqinlashgan sari aholi orasida gripp va O‘RVIga chalinish ehtimoli oshib boradi. Milliy emlash kalendariga asosan, grippga qarshi emlanish jarayonlari sentabr-oktabr oylaridan boshlanib, mart oyigacha davom etadi. 

Koronavirus pandemiyasi sharoitida bu kabi kasalliklardan himoyalanish, ayniqsa, muhim hisoblanadi. SSV Matbuot xizmati shularni inobatga olib, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati bo‘lim boshlig‘i Rustam Ikromovga gripp va unga qarshi emlanish jarayonlari haqidagi savollar bilan murojaat qildi.

— Grippga qarshi emlanish kasallikdan qanchalik himoya qila oladi?

— Gripp o‘z vaqtida samarali davolanmasa, organizmda asoratlar qoldirishi mumkin. Hech qaysi vaksina kasallikdan butkul himoya qila olmaydi. Vaksina olganlar grippga 100 foiz chalinmaydi, deb hech kim kafolat bermaydi. 

Ammo grippga qarshi vaksina yo‘riqnomasida 98 foiz himoya qilishi ko‘rsatilgan. Shu sababli har yili minglab yurtdoshlarimiz bu vaksinalarni qabul qilmoqda.

— Yurtimizda grippga qarshi vaksinalarning qanday turlaridan foydalanilmoqda?

— Chetdan olib kirilayotgan har bir vaksina sifati va samaradorligi  Sog‘liqni saqlash vazirligining tegishli muassasasi tomonidan tekshirilib, amaliyotga joriy qilishga ruxsat beriladi. 

Yurtimizga turli davlatlarda ishlab chiqilgan vaksinalar olib kelinadi. Samaradorligi eng yuqori bo‘lgan vaksinalar Niderlandiya, Germaniya, Xitoy, Hindiston, Rossiya Federatsiyasi tomonidan ishlab chiqariladi. 

Grippga qarshi vaksina qabul qilayotganda har bir fuqaro o‘z xohishiga ko‘ra turli davlatlarda ishlab chiqilgan vaksinadan birini tanlashi mumkin.

— Vaksinaning ta'sir kuchi qanchaga yetadi?

— Hamma vaksinalar kabi mavsumiy grippga qarshi vaksina ham organizmda 15 kun ichida mikroblarga qarshi immunitet ishlab chiqadi. Ta'sir kuchi 1 yilga yetadi. 

— Bilamizki, hozirda koronavirusga qarshi vaksina olishga qarshi ko‘rsatmalari bo‘lgan fuqarolar emlash jarayonlariga jalb etilmayapti. Grippga qarshi vaksina olishda ham shunday cheklovlar bormi?

— Emlashdan oldin shifokor tomonidan albatta emlanuvchi shaxsning umumiy salomatligi tekshirilib, shunga ko‘ra vaksinatsiya qilish-qilmaslik belgilanadi. Ya'ni emlanadigan kishi shamollash, nafas olish yo‘llari yallig‘lanishi kabi kasalliklardan tamoman sog‘lom bo‘lishi kerak. 

Shuningdek, vaksina tarkibidagi komponentlarga nisbatan allergik ta'sirchanlik darajasi ham tekshiriladi.

Shuni unutmasligimiz kerakki, COVID-19 gripp mavsumida xavfliroq bo‘ladi, shuning uchun grippga qarshi vaksina qabul qilish har qachongidan ham muhimroq. Koronavirus va gripp o‘zaro o‘xshash belgilarga ega bo‘lib, yoshi katta insonlarga hamda yurak va o‘pka xastaliklari kabi surunkali kasalliklarga chalinganlar uchun qattiq ta'sir qilishi mumkin.

— Grippga qarshi vaksinalar COVID-19dan himoya qila oladimi?

— Grippga qarshi emlash darajasini ko‘payishi aholi orasida nafas yo‘li kasalliklarini kamaytirishi mumkin.

Grippga qarshi vaksina odamlarni COVID-19dan himoya qilmaydi, u grippning rivojlanish xavfini kamaytiradi, shuningdek, gripp bilan bog‘liq asoratlar, jumladan kasalxonaga joylashtirilish va hatto o‘lim xavfini kamaytiradi.

— Koronavirusga qarshi emlangan odam grippga qarshi ham emlanmoqchi bo‘lsa, unda qanday yo‘l tutish kerak?

— Bu juda to‘g‘ri qaror bo‘ladi. Bilamizki, gripp — mavsumiy kasallik. Undan o‘tib olish uchun vaksina katta yordam beradi. Koronavirus va gripp bir paytning o‘zida xuruj qilsa, organizm ancha qiynaladi. Shuning uchun ikkala kasallikka qarshi ham emlanish eng maqbul yo‘ldir.

Koronavirusga qarshi vaksina olgan fuqarolar emlanishdan 14 kun o‘tib grippga qarshi vaksina olishlari mumkin.

Mavzuga oid