O‘zbekiston | 21:05 / 22.09.2021
25439
3 daqiqa o‘qiladi

“Legioner-muallim”. Vagonda yashaydigan Akmaljon Mamatvaliyev hikoyasi

Akmaljon Mamatvaliyev erta tongda mo‘’jazgina vagonda nonushtaga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Vagon Pop tumanidagi 21-maktab hovlisida joylashgan. Qahramonimiz ham shu maktabda matematika va informatika fanidan dars beradi. Muallim nima sababdan vagonda yashamoqda deyotgan bo‘lsangiz kerak? Chunki uning uyi maktabdan 60 km uzoqlikda. Uydan qatnasa, har kuni olti marta mashina almashishiga majbur bo‘ladi.

O‘qituvchi tog‘ yonbag‘ridagi Guliston mahallasiga ishga kelganiga 5 yil bo‘ldi. U maktabga mehnat yarmarkasi orqali ishga joylashgan. Akmaljon aka birinchi yili qatnab ishlaydi, bir oy mahalladagi xonadonlarda ham tunab qoladi. So‘ngra maktab hovlisida joylashgan vagonda yashashga qaror qildi. Aslida vagon bu yerda o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib qolmagan. Avvallari o‘quvchilar dars o‘tishi uchun xona yetishmagan. Shu sababli ushbu vagondan ham dars xonasi sifatida foydalanilgan.

Hozirda o‘quvchilarga xonalar yetarli. Maktab filiali uchun alohida bino ham qurilgan. Shu sabab vagon ustozga boshpana bo‘lib xizmat qilmoqda. Akmaljon aka oilali, 3 nafar farzandi bor. Qatnab ishlash ham moddiy, ham jismoniy tarafdan oson bo‘lmagani uchun yaqinlari qolib ishlashiga e’tiroz bildirmagan.

Muallim bolajonlarga mehr bilan dars beradi. Akmaljon Mamatvaliyev qishloqda ta’limga qiziqish kuchli ekanini ta’kidlaydi. Darsdan tashqari to‘garaklarga ham o‘quvchilar katta ishtiyoq bilan qatnashadi. Akmaljon akaning aytishicha, shu yerda tunagani uchun ko‘p o‘quvchilar bajarolmagan misollari, kompyuterda tushunmagan amallarini chiqib so‘rab ketishadi.

U maktabga va sharoitga o‘rganib qolganini aytadi. Kechga borib o‘zi taom tayyorlaydi, nonushtaga ham o‘zi harakatda. Gohida mahalla ahli ham ovqat chiqarib turadi, qo‘shnilari ham tez-tez yo‘qlashadi. Qahramonimiz o‘z ishidan zavq oladi. Shunday sharoitda bo‘lsa ham bolalarga bilim berayotganidan xursand. O‘quvchilari orasidan ko‘plab ziyoli, ilmli, o‘z kasbining egasi bo‘lgan insonlar yetishib chiqishidan umidvor.

Ko‘plab sohalarda, xususan, ta’lim sohasida ham ko‘p miqdordagi talon-torojlar haqida xabarlarni o‘qib qolamiz. Mana bu vagonda yashayotgan o‘qituvchini ko‘rib bir narsa xayolga keladi: dang‘illama uy solish, qimmat mashina minishni emas, uyidan uzoqda, vagonda yashayotgan bo‘lsa-da, maktab bolalariga nimanidir o‘rgatishga intilayotgan bu ustoz ta’lim uchun tizimdagi juda ko‘p lavozimlilardan ko‘proq foydasi tegyapti, ishoning. Kamida o‘sha talon-toroj qiladiganlardan. Akmaljon akani zamonaning chinakam qahramonlaridan desak bo‘ladi.

Tohirjon Tursunov, Kun.uz muxbiri,

Tasvirchi va montaj ustasi – Boymirza Xalilov.

Mavzuga oid