O‘zbekiston | 19:32 / 29.09.2021
4424
2 daqiqa o‘qiladi

Vazir o‘rinbosari qotilliklar oila doirasida bo‘layotgani bois profilaktika inspektorlari ularning oldini ololmayotganini aytdi

Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Yahyojon Abdulhaqovning aytishicha, qotilliklar va og‘ir tan jarohati yetkazish bilan bog‘liq jinoyatlar oila doirasida sodir etilayotgani sababli profilaktika inspektorlari ushbu jinoyatlarning oldini ololmayapti. U bu haqda 29 sentabr kuni bo‘lib o‘tgan Senat yalpi majlisidagi chiqishida ma'lum qildi.

“Qotillik jinoyatlari oila, turmush darajasida sodir etilyapti. To‘g‘ri, buning oldini olish kerak, lekin aksariyat hollarda og‘ir tan jarohati yetkazish yoki qotillik jinoyatlari xonadonda yoki qo‘ni-qo‘shnilar yoki tungi vaqtlarda er-xotin o‘rtasida yuz bermoqda. Ko‘pincha profilaktika inspektorining jismoniy jihatdan buning oldini olishga imkoniyati ham bo‘lmayapti.

Aksariyat hollarda bunday hodisalar xonadon ichida ro‘y bergani uchun ham ularning oldini olishda ayrim muammolar mavjud. Buni endi real olib qarashimiz kerak. Profilaktika imkoniyati ham yo‘q, jinoyat sodir etilgan hududdan 1-2 km olisda bo‘lsa, jinoyatning oldini olishga umuman vaqti ham bo‘lmaydi”, deya ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Yahyojon Abdulhaqovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Senat raisi Tanzila Norboyeva vazir o‘rinbosarining ushbu so‘zlariga nisbatan e'tiroz bildirdi.

“To‘rtta devorning ichida er-xotin urishishi yoki qarindosh-urug‘larning bir-biri bilan mojaroga borishi baribir ishsizlikdan yoxud qandaydir muammolari borligidan, to‘g‘rimi? “Temir daftar”, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan masalalar bo‘yicha mahalla, profilaktika inspektori – hamma individual ishlasa, o‘sha mojarolarga ham o‘rin qolmasdi, sizlarga ham ish qolmasdi. Shuning uchun birgalikda hamkorlikni kuchaytirish kerak”, deydi Tanzila Norboyeva.

Mavzuga oid