Jamiyat | 20:10 / 30.09.2021
34094
8 daqiqa o‘qiladi

Sho‘rchida haydovchi 2-sinf o‘quvchisini urib yuborib, hodisa joyidan yashiringan. Uning “rahnamosi” kim?

Maktabdan uyiga qaytayotgan 8 yashar qizchani urib ketgan haydovchi hodisa joyidan qochib ketgan bo‘lishiga qaramay, tergovga tortilmayapti. Jabrlanuvchining qarindoshlariga ko‘ra, haydovchining tuman IIB Jinoyat-qidiruv bo‘limida ishlaydigan akasi ishni bosdi-bosdi qilmoqda.

Kun.uz'ga murojaat qilgan fuqaroning aytishicha, Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumanidagi 36-maktabning 2-sinfida tahsil oladigan nevarasi darslardan chiqib uyiga qaytayotganda, yo‘lni kesib o‘tayotgan vaqtida katta tezlikda kelayotgan Gentra rusumli mashina urib yuborgan. Hodisa sodir bo‘lgan joy 3.24 yo‘l belgisining ta'sir doirasidagi hudud bo‘lgan. Haydovchi tezlik cheklangan joyda yuqori tezlikda harakatlangani yetmaganday, bolani urib yuborgandan so‘ng unga birinchi yordam ko‘rsatmay, hodisa joyidan qochib ketgan.

“2021 yilning 22 sentabr kuni soat 16:00 lar chamasi 2-sinfda o‘qiydigan nevaram Munisa O‘rolovani “Shaydo” restorani yonida, yo‘lni kesib o‘tayotgan vaqtida Denovdan Sho‘rchi shahriga kelayotgan avtomashina urib yuborgan. Hodisa guvohlari mashina katta tezlikda harakatlanib kelganini aytishmoqda. Holbuki, yo‘l chetiga o‘rnatilgan yo‘l belgilari talabiga binoan, yo‘lning bu qismida transport vositalari soatiga 50 km tezlikkacha harakatlanishi kerak.

Lekin haydovchi yo‘l belgisiga amal qilmasdan yuqori tezlikda kelib nevaramni urib yuborgan va unga og‘ir tan jarohati yetkazib, qochib ketgan. YTH oqibatida olgan og‘ir jarohatlari ta'sirida hushini yo‘qotgan nevaramni boshqa mashinadagilar tez yordam bo‘limiga olib borishgan”, – deydi jabrlanuvchining buvisi.

Ayni paytda Gentra rusumli, kumush rangli, davlat raqami 75 G 887 KA bo‘lgan avtomashina YTH sodir etgani uchun jarima maydonchasida saqlanmoqda. Biroq jabrlanuvchining hodisaga bevosita guvoh bo‘lgan qarindoshlari bolani urib yuborgan mashinaning rangi to‘q kulrang bo‘lganini aytmoqda.

Jabrlanuvchining onasi Surayyo Xurramovaning so‘zlariga ko‘ra, hujjatlarda farzandini Zuhriddin ismli shaxs urib ketgani qayd etilgan bo‘lsa-da, ro‘y berayotgan voqealarga asoslanib u mashina rulida boshqa shaxs bo‘lganini taxmin qilmoqda. Uning ta'kidlashicha, haqiqiy aybdor boshqa va uning IIB tizimida ishlayotgan akasi ishni bosdi-bosdi qilishga urinmoqda.

“Haydovchi shu kungacha bir marta ham qorasini ko‘rsatgani yo‘q. Eng qizig‘i, uning o‘rniga oila a'zolari emas, balki o‘zini haydovchining o‘rtog‘i deb tanishtirgan Xolboy ismli shaxs va uning onasi shifoxonaga qatnab yuribdi. Aynan ular bir-ikki marta shifokorlar yozib bergan ayrim dorilarni olib berishdi, ammo muolaja uchun ketayotgan asosiy xarajatlarni o‘zimiz qoplayapmiz.

Surishtirib bilsak, Xolboyning akasi Jasur Xudoyberdiyev tuman IIB Jinoyat-qidiruv bo‘limida ishlarkan. Aynan u ukasini asrab qolish uchun ishlarni bosdi-bosdi qilishga urinyapti, degan gumonimiz bor. Chunki chekka bir tumanda bitta tizimda ishlaydigan odamning gapi yerda qolmasligini yaxshi bilamiz.

Balki adashayotgandirmiz, ammo so‘nggi voqealardan so‘ng bu gumonimiz yanada kuchaydi. Birinchi kundan “Barcha yordamni ko‘rsatamiz, Samarqanddagi malakali neyroxirurglarga olib borib ko‘rsatamiz, shifoxonaning barcha xarajatlarini ko‘taramiz” deb aytayotgan odamlar kecha birdan muomalasini o‘zgartirib: “Qayerga borsang bor, qo‘lingdan nima kelsa qil, baribir hech narsa qilolmaysan”, deb aytishdi. Kimgadir ishonishyaptiki, shu gaplarni aytishyapti. Aslida ularga zarracha xusumatimiz yo‘q edi, farzandim sog‘ qolganiga shukrimni qilib o‘tirgandim. Ular esa andishaning otini qo‘rqoq qo‘yishyapti.

Hodisa haqida YTH sodir etilgan 22 sentabr kunining o‘zida tuman IIB boshlig‘i Shavkat Musurmonov nomiga ariza bilan murojaat qilganmiz, oradan 10 kun o‘tayotganiga qaramay arizamizdan so‘ng nimalar qilinganidan bexabarmiz.

Hodisa natijasida bolam ikki kun hushsiz yotdi. Jarohatlari og‘ir bo‘lgani uchun shifokorlar o‘rnidan qo‘zg‘atishga ruxsat berishgani yo‘q. Yo‘qsa allaqachon uni Termiz yoki Toshkent shaharlariga olib borib chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazgan bo‘lardik”, – deydi Surayyo Xurramova.

Sho‘rchi tumani IIB boshlig‘i Shavkat Musurmonov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda ushbu jarayonda barcha hujjatlar qonunda belgilangan tartibda rasmiylashtirilganini ta'kidladi. U IIB tizimida ishlayotgan shaxs voqealar rivojiga ta'sir o‘tkazish ehtimolini inkor qildi.

“Hodisani sodir etgan shaxs ma'lum, familiyasi Ergashev. Fuqaroning nomida ikkita mashina borligi aniqlandi. YTHga uchragan paytda u davlat raqami 75 G 887 KA bo‘lgan avtomashinada bo‘lgan. Ayni paytda ushbu transport vositasi jarima maydonchasiga joylashtirilgan. Hozir ekspertiza xulosasini kutyapmiz. Ushbu xulosa asosida yo ish tergov organiga oshiriladi, yo bo‘lmasa ma'muriy tartibda sudga chiqariladi.

Rulda boshqa odam bo‘lgani haqidagi gumonlarga kelsak, hech qachon bir shaxs mashinada odam urib ketgan paytda boshqasi kelib o‘sha paytda rulda men o‘tirgandim, deb aytmasa kerak. YTH tumandagi YPX maskanimiz yaqinida ro‘y bergan. U yerda kameralarimiz mavjud. Holat bo‘yicha barcha dalillar to‘plangan.

Amaldagi qonun hujjatlariga ko‘ra, haydovchi odam urib yuborganda jabrlanuvchining shifoxona xarajatlarini ko‘tarishga yoki moddiy jihatdan yordam qilishga majbur emas. Yordam bersa, aybini yengillashtiruvchi holat sifatida inobatga olinadi. Bermasa, buning uchun majburlab bo‘lmaydi. Yordam bersa-bermasa, qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi. Yo jinoiy, yo bo‘lmasa ma'muriy javobgarlikka tortiladi.

Jinoyat-qidiruv bo‘limida kim ishlashidan qat'i nazar, u qonunda belgilangan tartibni o‘zgartira olmaydi. Qolaversa, IIB YHXB xodimi qanchalik yaqin tanishi bo‘lmasin, bunday vaziyatda kim iltimos qilishidan qat'i nazar, unga qanday yordam qilishi mumkin? Jabrlanuvchilar hujjatlarni rasmiylashtirishda soxtakorlik qilingani, manfaatlar to‘qnashuvi mavjudligi bo‘yicha tuman prokuraturasiga ham murojaat qilishgan. Prokuratura organi bu jarayonda qonunbuzilishga yo‘l qo‘yilgan yoki qo‘yilmaganini surishtirishdi. Xulosani ular berishadi”, – deydi Shavkat Musurmonov.

Jabrlanuvchilar huquqni muhofaza qiluvchi idoralar qo‘llaridagi YTH boshqa mashinada sodir etilgani haqida xolis shaxslarning ko‘rsatmalariga e'tibor qaratilishi va adolat qaror topishidan umidvor. Vaziyat tuman IIB darajasida qolsa, ishlar bosdi-bosdi bo‘lib ketishidan xavotirlanishyapti.

Darhaqiqat, Kun.uz'ga taqdim etilgan hujjatlarga ko‘ra, bolaning ahvoli eng kamida o‘rtacha og‘ir bo‘lishi ehtimoldan xoli emas. Haydovchining hodisa joyidan qochib ketgani esa uning harakatlarida shaxsni xavf ostida qoldirishda ifodalangan yana bir jinoyat alomatlari mavjudligiga ishora qilmoqda.

Jinoyat kodeksining 117-moddasiga ko‘ra, hayoti yoki sog‘lig‘i xavf ostida qolgan va o‘zini o‘zi himoya qilish imkoniyatidan mahrum holatdagi shaxsga yordam ko‘rsatmaslik, basharti, aybdor bunday ahvoldagi shaxsga yordam berishi shart va bunday imkoniyatga ega bo‘lsa yoxud aybdorning o‘zi jabrlanuvchini xavfli ahvolga solib qo‘ygan va bu hol badanga o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir shikast yetkazilishiga olib kelsa, 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanishi mumkin.

Kun.uz voqealar rivojini kuzatib boradi.

Mavzuga oid