O‘zbekiston | 19:00 / 01.10.2021
10232
2 daqiqa o‘qiladi

Farg‘ona filologiya maktabi yanada rivojlanadi

Farg‘ona davlat universitetining filologiya fakultetida 1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuniga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Fakultetning yangi o‘quv binosi foydalanishga topshirilishi bayram arafasiga to‘g‘ri keldi.

Mazkur fakultetning yangi o‘quv binosini viloyat hokimi Xayrullo Bozorov va universitet rektori Bahodirjon Shermuhammadov ochib berdi. Tadbirda viloyat hokimligi mutasaddilari, oliy o‘quv yurtlari olimlari, faxriy ustozlar, keng jamoatchilik vakillari, professor-o‘qituvchilar, talaba-yoshlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Farg‘ona shahridagi sobiq kompyuter texnologiyalari kolleji binosi kapital ta'mirlanib, filologiya fakulteti ixtiyoriga berildi. Hozirda 2 mingdan ziyod talabalar tahsil olayotgan fakultetning ilmiy salohiyati 74 foizdan ortiqdir.

Farg‘ona davlat universitetining Rossiya Federatsiyasi Qozon federal universiteti bilan hamkorligi natijasida mazkur fakultet “Filologiya va tillarni o‘qitish: rus tili” yo‘nalishi bo‘yicha qo‘shma ta'lim dasturini yo‘lga qo‘yishga erishdi.

Tadbir ishtirokchilari fakultetning yangi qiyofasi, u yerda yaratilgan sharoitlar, innovatsion ta'lim xonalari, o‘quv va sport zallari, kutubxonalar faoliyati bilan tanishishdi.

Tadbir davomida Farg‘ona davlat universitetida samarali mehnat qilayotgan bir guruh professor-o‘qituvchilarga Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Farg‘ona davlat univesiteti matbuot xizmati Ⓣ

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish