O‘zbekiston | 09:00 / 02.10.2021
12475
4 daqiqa o‘qiladi

"Surxondaryo agroxizmat" paxta-to‘qimachilik klasteri yillik paxta tayyorlash rejasini bajardi

“Surxondaryo agroxizmat” paxta-to‘qimachilik klasteri (SAX CLUSTER) Sherobod tumanida joylashgan bo‘lib, bugungi kunda jamiyatga ushbu tumanda 7750 ga paxta yer maydonlari hamda 4171 ga g‘alla yer maydonlari ajratilgan.


"Surxondaryo agroxizmat" (“SAX cluster”) paxta-to‘qimachilik klasteri
“SAX cluster” qoshidagi "Sherobod Textile invest" to‘qimachilik fabrikasi

“Joriy mavsumda jamiyatimiz fermer xo‘jaliklarining paxta yetishtirish agrotexnik tadbirlarini to‘g‘ri va to‘liq amalga oshirishlari uchun barcha sharoit va imkoniyatlar yaratib berildi. Ta'kidlash joiz, ushbu mavsumda paxta dalalariga zararli preparatlar ishlatilmadi. Buning o‘rniga jamiyatimiz tomonidan zamonaviy tipda tashkil etilgan biolaboratoriyada yetishtirilgan biomahsulotlardan foydalanildi. Natijada bu holat, birinchidan, paxta xomashyosi hosildorligini oshirgan bo‘lsa, ikkinchidan, har xil hasharotlarni yo‘qotib, paxta tolasining sifatiga ijobiy ta'sir qildi. Hosildorlik o‘tgan yilga qaraganda 20-30 foiz yuqori bo‘ldi. Bir so‘z bilan aytganda, sohaga ilmiy nuqtayi nazar bilan yondashdik. Natijada ushbu toladan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarimiz ham jahon bozorida xaridorgir va raqobatbardosh bo‘lishiga erishilmoqda”, – deydi “Surxondaryo agroxizmat” paxta-to‘qimachilik klasteri bosh agronomi Abbos Tursunov.

Surxondaryo viloyati Sherobod tumanidagi paxta maydoni

“SAX cluster” qoshidagi zamonaviy biolaboratoriya

Bugungi kunda jamiyat tarkibida 10 dan ortiqroq korxona mavjud bo‘lib, ulardan 4 ta yirik sanoat korxonalari tomonidan 2021 yilda jami 30 mln dollardan ortiq eksportga mahsulot chiqarildi. Ushbu ko‘rsatkich 2020 yilda 11,75 mln dollarni tashkil etgandi. Hozircha jamiyat va unga tegishli korxonalar Xitoy, Rossiya, Turkiya va Afg‘onistonga o‘z mahsulotlarini eksport qilmoqda. Sanoat korxonalarining yillik ishlab chiqarish quvvati 30 ming tonna paxta xomashyosini tashkil etgan bo‘lsa, ip-yigiruv korxonalarning yillik quvvati 16,5 ming tonna ip-kalavani tashkil etmoqda. Hozirgi kunda ip-kalava mahsulotlarining jahon bozoridagi narxi 50 mln dollardan oshib ketdi. Bu ko‘rsatkich viloyat eksport salohiyatiga o‘zining salmoqli hissasini qo‘shadi, albatta.

Paxta tolasi sifatini aniqlovchi zamonaviy qurilma

Paxta tozalash zavodida ishlab chiqarilgan texnik chigit yog‘ zavodda qayta ishlanib, paxta iste'mol yog‘i, shrot va sheluxa mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Ishlab chiqarilgan paxta iste'mol yog‘i va shrot ichki bozor bilan birgalikda xorijga ham eksport qilinyapti.

Kelgusi ikki yil ichida investitsion loyihalar doirasida Termiz shahrida tayyor trikotaj va to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda ularni bo‘yash sexlarini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Hozirda Termiz shahrida 100 o‘rinli tikuv sexi faoliyat ko‘rsatyapti. Shuningdek, 2022 yilda Sherobod tumanida zamonaviy un ishlab chiqarish zavodi quriladi. 

“SAX cluster” qoshidagi "Sherobod Textile invest" to‘qimachilik fabrikasi

Bugungi kunda “Surxondaryo agroxizmat” paxta-to‘qimachilik klasteri tarkibidagi korxonalarda jami 2000 dan ortiq ishchi-xodim mehnat qilmoqda.

“SAX cluster” qoshidagi Sherobod paxtani qayta ishlash zavodi

Ta'kidlash lozim, jamiyatning bugungi muvaffaqiyatlarini, avvalo, yurtimizda olib borilayotgan iqtisodiy islohotlar, qolaversa, jamoaning tadbirkorlarga berilayotgan imkoniyatlardan to‘g‘ri va samarali foydalanayotgani bilan baholash mumkin.

Reklama huquqi asosida