Jahon | 22:56 / 08.10.2021
19523
2 daqiqa o‘qiladi

Ramzon Qodirovning 23 yashar qizi Checheniston madaniyat vaziri etib tayinlandi

Foto: Vk.com / Ramzan Kadyrov

Checheniston rahbari Ramzon Qodirovning to‘ng‘ich qizi, 23 yoshli Ayshat Qodirova respublika madaniyat vaziri lavozimini egalladi. Bu haqda Checheniston parlamenti spikeri Magomed Daudov Instagram’da ma'lum qildi. Bungacha Ayshat madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.

“Ayshat o‘z ishiga mas'uliyatli yondoshishi tufayli respublika kutubxonalari, madaniyat uylari va teatrlari rivojiga va Checheniston madaniyat vazirligi faoliyatining barcha yo‘nalishlarida yuqori ko‘rsatkichlarga erishilishiga ulkan hissa qo‘shdi. Ishonchim komil, u ushbu mas'uliyatli lavozimda katta natijalarga erishadi va o‘z oldiga qo‘yilgan vazifalarni muvaffaqiyatli uddalaydi”, deb yozgan Daudov.

Ma'lumotlarga ko‘ra, Ayshat Qodirova 1998 yilda tug‘ilgan. U Checheniston davlat universitetini tamomlagan, 2016 yildan Firdaws modalar uyi direktori hisoblanadi. Ayshat 2020 yil sentyabrdan madaniyat vaziri o‘rinbosari sifatida faoliyat yurita boshlagan.

Ta'kidlanishicha, Qodirovning yana bir qizi – Xadichat 2020 yil dekabrda Grozniy shahrining maktabgacha ta'lim departamenti boshlig‘i etib tayinlangan.

Mavzuga oid