O‘zbekiston | 07:56 / 25.10.2021
3207
2 daqiqa o‘qiladi

«Uzbekistan airways technics» erkin bojxona zonasi faoliyati tartibi belgilandi

Vazirlar Mahkamasi qarori bilan "Uzbekistan airways technics" MChJ erkin bojxona zonasi hududiga tovarlarni olib kirish, olib chiqish, havo kemalarini ta'mirlashda foydalanish, ularni tegishli rejimlarga rasmiylashtirish, shuningdek, ushbu tovarlar va xizmatlar uchun valuta operatsiyalarini amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Foto: Kun.uz

Prezidentning "Fuqaro aviatsiyasi korxonalarini transformatsiya qilish va qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq "Uzbekistan Airways Technics" MChJning 39 ga maydoni hududida erkin bojxona zonasi (EBZ) tashkil etilgan.

Qabul qilingan "Uzbekistan airways technics" MChJ EBZ hududiga tovarlarni olib kirish, olib chiqish tartibi to‘g‘risidagi nizom quyidagilarni nazarda tutadi:

  • EBZ hududida faoliyat yurituvchi tadbirkorlik sub'yektlarining huquq va majburiyatlari;
  • bojxona nazoratini ta'minlash talablari va shartlari;
  • erkin bojxona zonasi hududiga tovarlarni olib kirish va olib chiqish, tegishli bojxona rejimlariga rasmiylashtirish va havo kemalarini ta'mirlashda foydalanish tartibi;
  • EBZ hududiga olib kirilgan va olib chiqilgan tovarlar va xizmatlar uchun valuta operatsiyalarini amalga oshirish tartibi. 

Erkin bojxona zonasida:

  • xalqaro huquqiy va texnik me'yorlarga muvofiq barcha xorijiy havo kemalari va ularning alohida agregatlarini ta'mirlash uchun zarur bo‘lgan aviatexnika ehtiyot qismlari erkin almashtiriladi;
  • mahalliy aviakompaniyalarning havo kemalarini hamda ularning qism va agregatlarini ta'mirlashga zarur bo‘lgan aviatexnika ehtiyot qismlari erkin bojxona zonasi chegarasidan chiqmagan holda xarid qilinib, "erkin muomalaga chiqarish" bojxona rejimiga rasmiylashtirilgan holda foydalaniladi;
  • ushbu bojxona zonasiga chetdan keltiriladigan aviatexnika ehtiyot qismlari "erkin bojxona zonasi" bojxona rejimiga rasmiylashtirish orqali joylashtiriladi hamda istisno tariqasida, sertifikatlar va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar talab etilmaydi;
  • ta'mirlash maqsadida EBZga olib kiriladigan havo kemalarining (shu jumladan, ularning qism va agregatlari) kirib-chiqishida bojxona nazorati ularni tegishli bojxona rejimlariga rasmiylashtirmagan holda amalga oshiriladi.