O‘zbekiston | 09:55 / 29.10.2021
1987
2 daqiqa o‘qiladi

Buxoroda 2,7 mlrd so‘mlik freon bojxonachilar tomonidan to‘xtatib qolindi 

“Olot” chegara bojxona postida mamlakatga 2,7 mlrd so‘mlik freon mahsuloti noqonuniy olib kirilayotgani aniqlandi. Bu haqda Kun.uz'ga Bojxona qo‘mitasi axborot xizmati xabar berdi.

Foto: Bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

Ma'lum qilinishicha, Buxoro viloyati bojxona boshqarmasining tezkor tuzilmalari tomonidan “Olot” chegara bojxona postida qo‘shni davlat orqali xorijdan kirib kelgan yuk mashinasi bojxona nazoratidan o‘tkazilgan. Hujjatlarda mazkur yuk mashinasiga qiymati 21 ming AQSh dollarini tashkil qiluvchi qariyb 21,7 tonna og‘irlikdagi tarkibida ozonni buzuvchi moddalar bo‘lgan 3 turdagi 1290 dona freon gaz ballonlari ortilgani ko‘rsatilgan. 

Biroq tovarlarni ko‘zdan kechirish jarayonida mazkur freonlarning qadoqlaridagi 22 raqami qo‘lbola tarzda yopishqoq yorliqlar ko‘magida 134 raqamiga o‘zgartirilgani fosh bo‘lgan. Ya'ni “Xlordiftormetan R22” moddasini hujjatlarda go‘yoki “Tetraftoretan 134a” tarzida ko‘rsatish orqali yuk egalari ushbu tovarlarni Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan beriladigan ruxsatnomalarsiz olib kirmoqchi bo‘lishgan.

Hozirda qiymati 2,7 mlrd so‘mlik 1290 dona freon gaz ballonlari vaqtinchalik saqlovga olingan. Holat yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Oldinroq «Buxoro aeroporti» chegara bojxona postida Tojikiston fuqarosining sumkasidan 300 donaga yaqin tramadol dorisi topilgandi.

Mavzuga oid