O‘zbekiston | 19:19 / 31.10.2021
22077
6 daqiqa o‘qiladi

Toshlarda aks etgan o‘zga sayyoraliklar - Sarmishsoyning sirli suratlari

Navoiy viloyatidagi Sarmishsoy darasida 7-9 ming yillar oldin yashagan odamlarning toshlarga bitgan tasvirlari bor. Suratlarda o‘zga sayyoraliklar tasvirlangani haqidagi taxminlarni olimlar ham inkor etishmayapti.

Navbahor tumanidagi Sarmishsoy darasi o‘zining petrogliflari bilan mashhur. Uzunligi 2,5 km.ga cho‘zilgan darada minglab petrogliflarni ko‘rish mumkin.

Mutaxassislarga ko‘ra, qoyalardagi suratlar 7-9 ming yillik tarixga ega.

Foto: Kun.uz 

Suratlarda turli marosimlar, ov tasvirlari, kiyik, arxar, tuyalar, yovvoyi buqalar, otlar va hatto o‘zga sayyoraliklar aks etgan.

Foto: Kun.uz 
Foto: Kun.uz 
Foto: Kun.uz 

Qoyalardagi suratlar qachonlardir bu yerda insonlar istiqomat qilib, chorvachilik, dehqonchilik bilan mashg‘ul bo‘lganidan darak beradi. Ochiq osmon ostidagi san'at galereyasi deya e'tirof etiladigan darada 10 mingdan ortiq surat borligi tasdiqlangan.

Har bir surat o‘z ma'nosiga ega va tomoshabinga olis tarixdan ma'lumotlar beradi.

Ramazon Egamov, Sarmishsoy davlat muzey qo‘riqxonasi rahbari. Foto: Kun.uz 

“Sarmishsoy darasi juda uzoq davrni o‘z ichiga olgani uchun ham sir-sinoatlarga to‘la. Masalan, ushbu qoyatoshda yugurib borayotgan 5 ta obraz berilgan. Ushbu obrazlar qaddi-qomati bir tomondan odamga yaqinroq, ikkinchi tomondan insondan farqli tomonlari ham bor.

O‘zbekiston olimlaridan tashqari, dunyo olimlari ham bu yerga tashrif buyurgan va mana shu suratlarni ko‘rganda, bu o‘zga sayyoraliklarning obrazi, degan to‘xtamga kelishgan. Dunyoning boshqa hududida o‘zga sayyoraliklar tasvirlangan bu kabi suratlarni ko‘rmadik, balki tasvirlarda shamanlar ifodalangan bo‘lsa kerak, deya fikr bildirgan olimlarimiz ham bor.

Nima bo‘lganda ham sir-sinoatga to‘la Sarmishsoy ilmiy o‘rganilishi kerak. 10 ming yil – juda katta davr. Agar boshqa sayyorada ham tirik mavjudot bo‘lib, Yer bilan aloqa qilingan bo‘lsa, ularni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rgan insonlar mana shu suratlarni chizgan bo‘lishlari mumkin. Bu bahslarga kelajakda ilm-fan albatta yechim topadi», – deydi Sarmishsoy davlat muzey qo‘riqxonasi rahbari Ramazon Egamov.

Foto: Kun.uz 

Sarmishsoy suratlari 1966 yildan boshlab olimlar tomonidan o‘rganila boshlangan. Miloddan avvalgi 4-1 ming yillikka va milodiy I-VII asrlarga mansub bo‘lgan rasmlar qoyalarga bronza, temir va tosh yordamida sxematik, kontur, soya va naqshdor uslublarda tushirilgan.

Foto: Kun.uz 
Foto: Kun.uz 

Ramazon Egamovga ko‘ra, 2004 yilda Sarmishsoyda Xalqaro konferensiya o‘tkazilgan va unda 15 ta xorijiy davlatdan 50 nafardan ortiq qoyatosh suratlari bo‘yicha mutaxassislar ishtirok etgan. Ular 10 kun mobaynida darada ekspeditsiyalar uyushtirishgan, tadqiqotlar o‘tkazishgan. Ana shu o‘rganish jarayonida ko‘plab ilmiy ma'lumotlar yuzaga kelgan. Shu tariqa, Sarmishsoyga sayyohlik ham kirib kelgan.

Ayni vaqtda bu yerga har yili minglab xorijlik sayyohlar tashrif buyuradi. Daraga qaysi kuni bormang, qoyatosh suratlarini tomosha qilib yurgan sayyohni uchratish mumkin.

Foto: Kun.uz 

“Biz ayni damda O‘zbekiston bo‘ylab kichik sayohatni amalga oshirmoqdamiz. Bu bizning Sarmishsoyga ilk tashrifimiz. Men petrogliflar haqida internetda ko‘plab ma'lumotlar o‘qiganman. Ularni ko‘rishga ishtiyoqimiz baland. Petrogliflarning bunday yaxshi holatda saqlanib qolganidan, ochig‘i, hayratdamiz. Odamlar ularni asrab-avaylashga bunchalik e'tibor qaratishi, shubhasiz, diqqatga sazovordir”, – deya ta'kidladi Kun.uz'ga intervyu bergan angliyalik Keyn Gomen.

Keyn Gomen Foto: Kun.uz 

Sarmishsoy darasida Amir chorbog‘i deya atalgan hudud ham bor. Bu yerga Buxoro amirlari bahor faslida kelib, shikor (ov) qilgan, ko‘ngil yozgan. G‘ozg‘onlik ustalar tomonidan soy ichida tabiiy toshlardan silliqlanib tayyorlangan shohona hovuzlarni hozir ham ko‘rish mumkin.

Ramazon Egamov Amir chorbog‘i haqida shunday deydi:

Xushmanzara, obod joy bo‘lgani va soyi suvga to‘lib oqqani uchun Sarmishsoy hamisha odamlarni o‘ziga jalb qilib kelgan. Hatto Buxoro amirlari tomonidan shu joyda chorbog‘ qilingan. Sarmishsoyning janubiy tomonida taxminan 5-6 gektar sersuv, bo‘z tuproqli yer bog‘-charbog‘ qilishga qulay bo‘lgan. Bu Abdullaxon II davridan, XVI asrdan boshlab amalga oshirilgan. Sayid Abdulahadxon davrida ham bu bog‘dan foydalanilgani haqida ma'lumotlar bor. Qoyatosh suratlaridan ma'lumki, dara kiyik, arxarlar ko‘pligi tufayli ov qilish uchun juda qulay hudud bo‘lgan. Ba'zi manbalarda ushbu joyda Mirzo Ulug‘bek ham ov qilgani haqidagi ma'lumotlar uchraydi.

Bir so‘z bilan aytganda, Sarmishsoy suratlari o‘tmishdan so‘zlovchi toshkitobga o‘xshaydi. Hali yozuv, qalam yoki qog‘oz bo‘lmagan davrda yashagan insonlar o‘zlari chizgan suratlar orqali kelajakka ma'lumot qoldirishgan.

Bu kitobning o‘qilmagan sahifalari hali ko‘p. Shubhasiz, ularda qanchadan-qancha sir-sinoatlar yashirinib yotibdi.

Foto: Kun.uz 
Foto: Kun.uz 
Foto: Kun.uz 
Foto: Kun.uz 
Foto: Kun.uz 

Ruslan Saburov,
Kun.uz muxbiri.

Montaj ustasi – Jahongir Aliboyev.

Mavzuga oid