21:39 / 01.11.2021
38406

Shavkat Mirziyoyev o‘qituvchilar va shifokorlar oyligini bosqichma-bosqich oshirish kerakligini aytdi

Prezident 2022 yilgi davlat budjeti muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. Keyingi yil respublika bo‘yicha 40ta yangi maktab qurish, kamida 80 ming talabaning ijara to‘loviga yordam berish ko‘zda tutilgan. O‘qituvchi va shifokorlarning oyliklarini bosqichma-bosqich oshirish, koronavirusga qarshi emlanganlar sonini 17 million nafarga yetkazish bo‘yicha topshiriq berildi. Onkogematologiya, endokrinologiya, buyrak va jigar ko‘chirish kabi dasturlarga 1 trillion so‘m ajratilishi mo‘ljallanmoqda.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida 2022 yil uchun soliq tushumlari hamda budjet parametrlari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi.

Rasmiy relizga ko‘ra, kelgusi yilga mo‘ljallangan davlat budjeti loyihasida ta'lim va tibbiyot tizimiga 58 trillion so‘m ajratilishi mo‘ljallangan. Davlat rahbari bu mablag‘ga qo‘shimcha tarzda yana 12 trillion so‘m ajratish taklifini bildirdi. Bu mablag‘lar 55 ta yangi dasturni amalga oshirishga yo‘naltiriladi. Jumladan, chekka joylarda 1 600 ta bolalar bog‘chasi tashkil etish, Milliy ta'lim dasturi doirasida 40 ta yangi maktab qurish va 235 tasini ta'mirlash, darsliklarni yangilash va kompyuter sinflari ochish kabilar reja qilingan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Ta'kidlanishicha, bakalavriatda davlat grantlari, magistratura va doktoranturaga qabullar sonini oshirish, davlat-xususiy sheriklik asosida yotoqxonalar qurishga subsidiya berish hamda 80 mingdan ortiq talabaning ijara xarajatlari bir qismini qoplash ko‘zda tutilgan.

Tibbiyotning birlamchi bo‘g‘inini rivojlantirish hamda hududlarda yuqori texnologik tibbiy xizmatlarni joriy etishga kelgusi yilda jami 8 trillion so‘m ajratilishi mo‘ljallanmoqda. Shundan 1 trillion so‘mi onkogematologiya, endokrinologiya, buyrak va jigar ko‘chirish kabi dasturlarga yo‘naltiriladi.

Koronavirusga qarshi emlanganlar sonini 17 million nafarga yetkazish, ehtiyojmand aholiga ixtisoslashgan tibbiy xizmatlar uchun ham zarur mablag‘ ajratiladi.

Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov
Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident muallim va shifokorlarning oylik ish haqini bosqichma-bosqich oshirish zarurligini ta'kidlab, buning uchun qo‘shimcha mablag‘ yo‘naltirishni taklif qildi.

Qayd etilishicha, davlat budjeti loyihasida uy-joylar va ijtimoiy obektlar qurish, mahallalarni obod qilish uchun 26 trillion so‘m ajratilishi rejalashtirilgan.

“Bu sohalarga shu kungacha bunday katta mablag‘ berilmagan. Endi buni tartibli, samarali tarzda joy-joyiga yetkazish kerak. Shuning uchun har bir dastur bo‘yicha ajratiladigan mablag‘larni maqsadli ko‘rsatkichlar bilan bog‘lagan holda, elektron nazorat tizimini joriy etish lozim”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Budjet tizimida moliyaviy nazoratni kuchaytirish masalasiga alohida to‘xtalib o‘tildi. Buning uchun temir intizom bilan, davlat xaridlari tizimida oshkoralikni kuchaytirish zarurligi qayd etildi, deyiladi xabarda.

Ma'lum qilinishicha, Moliya vazirligiga kelgusi yil 1 yanvardan tenderlarni inson omilisiz o‘tkazish tizimini joriy qilish vazifasi qo‘yilgan.

O‘zbekiston hukumatining iqtisodiy kompleksi rahbari, bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov
Foto: Prezident matbuot xizmati

Shuningdek, barcha budjet tashkilotlari buxgalteriyasini to‘liq raqamlashtirish, davlat xaridlari bo‘yicha hisob-kitoblarni elektron hisob-faktura orqali amalga oshirish yuzasidan topshiriqlar bo‘lgan.

Top