Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiya O‘zbekistonda migratsiyadan oldingi tayyorgarlik markazi ochadi
2022 yildan 2025 yilgacha Rossiya uchta migratsiyadan oldingi tayyorgarlik markazini jihozlash va ishga tushirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Rossiya iqtisodiy rivojlanish vaziri o‘rinbosari Dmitriy Volvach ma'lum qildi.
Ushbu markazlar ishchi kuchining asosiy donor davlatlari – O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘izistonda ochilishi rejalashtirilgan. Bunda, fuqarolar migratsiya xizmatlarining to‘liq kompleksidan foydalanishi hamda «Rossiyaga mamlakatda yashash va ishlash uchun to‘liq hujjatlar to‘plami bilan kelishi» mumkin bo‘ladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hukumatning «Rossiya – o‘qish va ishlash uchun jozibador mamlakat» strategik tashabbusi doirasida Rossiya mehnat bozoriga kirishni soddalashtirish choralari ko‘riladi, bu esa 2030 yilga kelib qonuniy ishlayotgan xorijliklar sonini 3,5 million kishigacha oshiradi.
Choralardan biri Rossiya va Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqining boshqa mamlakatlarida xorijliklarni ishga joylashtirish uchun raqamli makonni shakllantirishni nazarda tutadi. Buning uchun «YeOIIda ishlash» maxsus ilovasi ishga tushirildi.
Rossiya «iqtidorli yoshlar, yuqori sifatli mehnat resurslari va iqtisodiyotga investitsiyalarni jalb qilish markazi» sifatida ko‘riladi. Asosiy sa'y-harakatlar o‘z hayoti va karerasini Rossiya bilan bog‘lashni rejalashtirgan yoshlarni mamlakatga jalb qilishga qaratilgan bo‘ladi, deb tushuntirdi iqtisodiy rivojlanish vaziri o‘rinbosari.
Shuningdek, Volvach 2024 yilgacha chet eldagi rus tili o‘qituvchilari sonini to‘rt baravar ko‘paytirish (150 dan 618 tagacha) rejalashtirilganini ma'lum qildi. Uning aytishicha, bu o‘qituvchilar rus ta'limining o‘ziga xos «elchilari»ga aylanadi.
Natijada, 2030 yilga borib Rossiyada tahsil olayotgan chet ellik talabalar sonini har yili 1,5 barobarga (300 mingdan 450 mingga) oshirish kutilmoqda. Ularning eng iqtidorlilariga (ko‘pi bilan 5 foizi) grant ajratiladi va yashash uchun ruxsatnoma olish imkoniyati beriladi.
Mavzuga oid
09:35
MAKS aviakosmik ko‘rgazmasi yana bir yilga qoldirildi
16:23 / 11.06.2026
Armaniston hukumati geosiyosiy kursini o‘zgartirish uchun xalqdan mandat oldi - siyosatshunoslar
14:20 / 11.06.2026
Rossiyadan ketgan fuqarolarning mol-mulki xatlanishi mumkin
18:53 / 10.06.2026