Jamiyat | 22:21 / 10.11.2021
27148
6 daqiqa o‘qiladi

Sobiq inspektor Quva tuman IIB boshlig‘ining o‘rinbosari ustidan arz qildi

Sobiq profilaktika inspektori Farg‘ona viloyati Quva tuman IIB boshlig‘i o‘rinbosari ustidan ochiq shikoyat qildi. Murojaatda boshliq o‘rinbosari o‘z molxonasi qurilishida inspektorlarni ishlatgani, ulardan 55 ming so‘mdan pul yig‘ib olgani, haydovchilarni jarimaga tortish bo‘yicha “plan” belgilagani aytiladi. Sobiq xodim, shuningdek, mansabdorning “noqonuniy harakatlari” jazosiz qolayotgani haqida gapiradi.

Quva tumani “Baynalmilal” MFY profilaktika inspektori lavozimida ishlagan Nozimjon Nishonov Facebook orqali ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov va IIV Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi boshlig‘i Muxtor Mirzayevga videomurojaat bilan chiqdi.

“Quva tumani ichki ishlar bo‘limi xodimlari rahbariyatning muntazam tazyig‘iga uchrab kelmoqda. Tuman IIB boshlig‘i o‘rinbosari mayor Ahmadjonov degan vallomat 100 ta mol sig‘adigan molxona quryapti. Buning jabrini kim tortyapti? Profilaktika inspektorlari. Shag‘al oborib bergan, ustasiga qaragan, xizmatini qilgan.

“O‘rta fond” bor. 55 ming so‘mdan. Profilaktika inspektori uyiga olib borsinmi yoki mayor Ahmadjonovga yig‘ib bersinmi? Hayronman. Bularni rahbarlar o‘zaro kelishgan holda muntazam ravishda... Misol uchun, agar tumanda birorta jinoyat sodir bo‘lsa, o‘sha hudud bo‘yicha profilaktika inspektori Quva tumani IIB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Farhodjon Ismoilovdan doimiy ravishda gap eshitadi. Jinoyatlarni yashirish holati ham uchrab turibdi”, – deyiladi videomurojaatda.

Nozimjon Nishonov tuman IIB boshlig‘ining tarbiyaviy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari podpolkovnik Farhodjon Ismoilov qaysidir mansabdor profilaktika inspektorlarini shaxsiy tarkib oldida tahqirlovchi so‘zlar bilan kamsitib haqorat qilsa, bunga ko‘z yumib kelayotganini, xodimlarning yonini olmasligi, himoya qilmasligini ta'kidlamoqda.

“Mayor Ahmadjonov har kuni biz profilaktika inspektorlarini tuman markaziga chiqarib, ularga [jarima maydonchasiga] bittadan mashina olib kirasan, beshtadan ma'muriy bayonnoma tuzasan deb yuklama belgilab qo‘ygan. Ushbu majburiy rejani bajara olmagan profilaktika inspektorlari faqat va faqat gap eshitadi, kechqurun “razvod”ga 22:00 da yoki 00:00 da alohida keladi.

Rahbarlar o‘zaro kelishgan holda xodimlarga nisbatan tadbirlar uyushtirishadi. Pul berib kirgizish masalalari bo‘yicha. Vaholanki, bu tadbirlar qonunga zid ravishda bo‘lmoqda. Ushbu tadbir davomida boshqa hech bir davlat organi – DXX, prokuratura, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti qatnashmaydi. Yoki kimyoviy ishlov berilgan pullardan foydalanilmaydi. Tadbirning ertasiga O‘z xavfsizlik xizmati keladi va holatni tasdiqlaydi. Profilaktika inspektorlari ezilib ketyapti. Dardini kimga aytishni bilmaydi”, – deydi Nozimjon Nishonov.

Video davomida yuqoridagi ichki ishlar mulozimining qandaydir yig‘ilishda aytgan so‘zlari yozib olingan audioyozuvni ham eshitish mumkin. Audioda mayor Ahmadjonov ekani aytilayotgan shaxs profilaktika inspektorlari bir kunda bitta ham mashinani jarima maydonchasiga olib kira olmasligi, hatto bitta “budka”niyam joyidan qo‘zg‘atolmasligini aytgan. Shuningdek, audioda ovoz egasi shaxsiy tarkib oldida qaysidir voqeani eslab, so‘kingani ham eshitilgan.

Sobiq profilaktika inspektorining aytishicha, Ahmadjonovning qonunga zid xatti-harakatlari jazosiz qolib kelmoqda. Jumladan, u karantin davrida tadbirkorni haqoratlagani, tuman hokimi o‘rinbosarini kaltaklab tan jarohati yetkazgani, biroq Quva tuman IIB boshlig‘i o‘zining o‘rinbosariga nisbatan hech qanday chora ko‘rmagani aytiladi.

Ichki ishlar vazirining matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov internetda tarqalgan videomurojaat bo‘yicha izoh berarkan, Nozimjon Nishonovning Quva tumani IIB rahbariyatining noqonuniy harakatlari bo‘yicha tarqatayotgan vajlari o‘rnatilgan tartibda tekshirilib, holatga huquqiy baho berilishini bildirdi.

Ichki ishlar tizimida xodimlarga majburiy reja belgilangani oldin ham muhokamalarga sabab bo‘lgandi. 2020 yilning iyulida ijtimoiy tarmoqlarda Olmazor tumani ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi (avvalgi tuman IIB)da bo‘lib o‘tgan majlisdan yozib olingani taxmin qilingan ovozli xabar tarqalgan, unda tuman IIO FMB HPB maxsus topshiriqlar bo‘yicha inspektori podpolkovnik Farrux Xolov tumanda belgilangan reja to‘lmayotgani, fuqarolarga nisbatan juda kam ma'muriy bayonnoma tuzilayotgani, natijada Toshkent shahar IIBB boshlig‘i o‘rinbosari Mahkam Vafoyev boshchiligida o‘tgan katta majlisda e'tiroz eshitganini ta'kidlab, barcha ichki ishlar organlari xodimlarini qattiq koyigan va har bir profilaktika inspektori turli moddalar bo‘yicha kuniga 5tadan ma'muriy bayonnoma tuzishi haqida topshiriq bergandi.

Xolov O‘zA muxbiri bilan suhbatda ushbu ovoz o‘ziniki ekanini tan olgan, biroq tuman ichki ishlar bo‘limida xodimlar uchun ma'muriy bayonnoma tuzish bo‘yicha kunlik reja borligini rad etgandi.

Toshkent shahar IIBB holatga munosabat bildirib, podpolkovnik Xolovga nisbatan xizmat tekshiruvi belgilanganini aytgan bo‘lsa-da, biroq tekshiruv natijalari haqida jamoatchilikka axborot taqdim etmagan.

Olmazor tumanida belgilangan reja to‘lmayotgani, fuqarolarga nisbatan juda kam ma'muriy bayonnoma tuzilayotgani uchun Farrux Xolovni koyigan Toshkent shahar IIBB boshlig‘i o‘rinbosari Mahkam Vafoyev 2021 yilning fevralida Olmazor tumani IIO FMB boshlig‘i etib tayinlangandi.

Mavzuga oid