Jahon | 21:25 / 17.11.2021
25059
10 daqiqa o‘qiladi

Armaniston va Ozarboyjon chegarasidagi vaziyat yana keskinlashdi. Janglar Moskva aralashuvidan keyin to‘xtagan

Seshanba kuni Ozarboyjon va Armaniston chegarasidagi vaziyat keskin tus oldi. Armaniston mudofaa vazirligi Bokuni chegarani buzib o‘tishda aybladi, Bokudagilar esa ozarboyjonliklarning pozitsiyalariga hujum qilinganini aytdi. Yerevan suverenitetini himoya qilishni so‘rab, Moskvaga murojaat qilgan. Tomonlar Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu bilan telefon muloqotlaridan keyin harbiy harakatlarni to‘xtatgan.

Arxiv foto: AZERBAIJAN MINISTRY OF DEFENCE/GETTY IMAGES

8-15 noyabr kunlari chegarada qurolli to‘qnashuvlar bilan bog‘liq qator hodisalar bo‘lib o‘tgan. So‘nggi kunlarda esa to‘qnashuvlar ko‘lami kengaygan.

Voqealar rivoji
16 noyabr kuni tongda Ozarboyjon mudofaa vazirligi arman harbiylari chegaraning Kelbajar va Lochin uchastkalaridagi tepaliklarni egallash uchun amaliyot boshlagani haqida xabar berdi. Ozarboyjonning pozitsiyalari yirik kalibrli artilleriya qurollari va granatomyotlardan intensiv tarzda o‘qqa tutilib, ikki nafar ozarboyjonlik harbiy xizmatchi yaralangani ma'lum qilingan.

O‘z navbatida, Armaniston mudofaa vazirligi arman harbiylari chegaradan o‘tib kelgan ozar harbiylarining harakatlanishini to‘xtatish uchun chora ko‘rgani haqida bayonot bergan. Shundan so‘ng, ularning talqiniga ko‘ra, Ozarboyjon qurolli kuchlari mahalliy vaqt bilan soat 11:00dan boshlab chegaraning sharqiy qismidagi arman pozitsiyalarini o‘qqa tutishga kirishgan.

Soat 15:00da Ozarboyjon mudofaa vazirligi dushman tomonning tankka qarshi qurilmasi va minomyoti yo‘q qilinganini ma'lum qildi. «Chegaradagi vaziyat keskinligicha qolmoqda, ayni vaqtda harbiy harakatlar davom etmoqda», deyiladi xabarda. Arman harbiylari yana bir bor o‘z pozitsiyalariga hujumlar haqida xabar bergan, ammo tafsilotlar keltirilmagan.

Keyinroq Yerevandagilar soat 16:00 holatiga ko‘ra sharqiy chegaradagi vaziyat keskinligicha qolayotgani haqida xabar qildi. «Armaniston tomonida qurbonlar va yaralanganlar bor, ma'lumotlar aniqlashtirilmoqda. Shuningdek, Armaniston tomoni ikkita jangovar pozitsiyasini yo‘qotgani ma'lum», deyiladi Armaniston mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabarida.

Internetda tarqalgan xabarlarda esa armanistonlik harbiy xizmatchilardan 12 nafari - shartnoma asosida xizmat qiluvchi yetti nafar va chaqiriq bo‘yicha xizmatda bo‘lgan besh nafar askar - Ozarboyjon bilan chegaradagi janglar vaqtida asirga olingani aytildi. Kechga borib Armaniston mudofaa vazirligi bir nafar harbiy xizmatchisi halok bo‘lganini tasdiqladi.

Yerevandagilar armanistonliklarning javob hujumi natijasida «raqib shaxsiy tarkibi va texnikalari jiddiy yo‘qotishlarga uchragani»ni ta'kidlagan.

Rossiyadan yordam so‘rab qilingan murojaat
Chegaradagi janglar vaqtida Yerevan Moskvaga murojaat qilib, Armaniston hududini ozarboyjonlik harbiylar hujumidan himoya qilishni so‘ragani ma'lum bo‘ldi. Bu haqda teleefir chog‘ida Armaniston xavfsizlik kengashi kotibi Armen Grigoryan aytib o‘tdi.

«Armaniston suveren hududiga qilingan hujum tufayli biz 1997 yildagi ikki tomonlama kelishuvga muvofiq RFga Armaniston suveren hududini himoya qilish uchun murojaat qildik. Hozirda rasmiy murojaat matni tayyorlanmoqda», deya undan iqtibos keltirgan TASS.

«Vedomosti» nashrining izoh berishicha, gap 1997 yil avgustida prezidentlar Boris Yelsin va Levon Ter-Petrosyan o‘rtasida imzlangan Rossiya-Armaniston o‘rtasidagi do‘stlik kelishuvi haqida ketmoqda. Ushbu hujjatning uchinchi moddasiga ko‘ra, tomonlar uchinchi tomon agressiyasi ro‘y bergan holatda bir-biriga harbiy yordam ko‘rsatishi va unga bor imkoniyatlarini ishga solgan holda qarshi turishi ko‘zda tutilgan. 

Armaniston TIV seshanba kuni Ozarboyjon qurolli kuchlari Armaniston respublikasi chegarasining sharqiy yo‘nalishida hujum qilgani va mamlakat suveren hududiga bostirib kirgani haqida ma'lum qildi. Yerevandagilarning fikricha, Ozarboyjon 9 noyabr kuni Rossiya ishtirokida tuzilgan va Qorabog‘da 44 kun davom etgan urush to‘xtatilishiga olib kelgan uch tomonlama kelishuvni buzgan.

Qayd etilishicha, Ozarboyjon tomoni o‘tgan yilgi o‘sha kelishuvga amal qilinishi tufayli o‘z nazoratiga olingan hududdan turib zarbalar bergan. O‘z navbatida, Ozarboyjon TIV chegaradagi vaziyatning keskinlashuvini «vaziyatni qasddan og‘irlashtirish maqsadida»gi «Armanistonning navbatdagi harbiy-siyosiy provokatsiyasi» deb atadi.

Ozarboyjon mudofaa vazirligi xorijiy attashelarni va xalqaro tashkilotlar vakillarini Armaniston bilan chegaradagi vaziyat xususida xabardor qilgan. «Armaniston tomonidan qilingan provokatsiya harakatlari to‘g‘risida batafsil ma'lumotlar taqdim etildi», deyiladi vazirlik xabarida.

Bu vaqtda Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan vatandoshlarni «Muqaddas vatanni himoya qilishga» tayyor turishga chaqirdi.

Xalqaro reaksiya
Yevrokengash raisi Sharl Mishel chegaradagi harbiy harakatlar haqidagi xabarlardan keyin Ozarboyjon va Armanistonni o‘t ochishni to‘xtatishga va «zudlik bilan deeskalatsiya» holatiga qaytishga chaqirdi.

Mishel telefon orqali Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev bilan muloqot qilgan. Aliyev Ozarboyjon tomoni «Armanistonning harakatlariga nisbatan adekvat javob qaytargani»ni bildirgan.

Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan ham Mishel bilan gaplashgan va Ozarboyjon hukumati «2020 yil 9 noyabrdagi va 2021 yil 11 yanvaridagi uch tomonlama bayonotlar doirasida tuzilgan kelishuvlarga amal qilmaslik uchun qasddan vaziyatni keskinlashtirayotgani»ni aytgan.

«Xalqaro hamjamiyat Ozarboyjonning Armaniston suveren hududiga bostirib kirishiga befarq qaramasligi kerak», degan Pashinyan.

Shoygu bilan muloqotlar
Keyin vaziyatga Moskva aralashgan.

Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu seshanba kuni telefon orqali Armaniston va Ozarboyjondagi hamkasblari Suren Papikyan va Zokir Gasanov bilan gaplashgan. Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabarida aytilishicha, Shoygu Yerevan va Bokuni  «eskalatsiya keltirib chiqaruvchi harakatlarni to‘xtatishga chaqirgan».

Rossiya mudofaa vazirligi Shoygu bilan o‘tkazilgan muloqotlardan keyin Ozarboyjon va Armaniston Kilisali tog‘laridagi harbiy harakatlarni to‘xtatganini ma'lum qilgan.

Armaniston mudofaa vazirligi Rossiya tomoni vositachiligida erishilgan kelishuvga muvofiq soat 18:30dan harbiy harakatlar to‘xtatilganini ma'lum qildi.

Shuningdek, Rossiya prezidenti Vladimir Putin bosh vazir Pashinyan bilan Armaniston-Ozarboyjon chegarasidagi vaziyatni muhokama qilgan.

Noyabr oyidagi keskinlashuv
Bu 2020 yilning noyabr oyida 44 kunlik urush tugaganidan beri Armaniston va Ozarboyjon chegarasida sodir bo‘lgan eng jiddiy to‘qnashuvga aylandi.

So‘nggi yarim yilda bu uchastkada kichik miqyosli qurolli hodisalar ro‘y berib turdi. 2020 yilda Qorabog‘da bo‘lib o‘tgan urushdan oldin armanlar nazoratida bo‘lgan Kelbajar tumani Armanistonning Syunik oblasti bilan chegaradosh hisoblanadi. Ikkinchi Tog‘li Qorabog‘ urushida Ozarboyjon g‘alaba qozongach, aynan shu tumandan chegara o‘tkazildi.

Ozarboyjon ikki davlat o‘rtasidagi yangi chegara delimitatsiya va demarkatsiya qilinmaguncha, uning qayerdan o‘tganini aniq aytish mumkin emasligini ta'kidlab keladi va o‘z qo‘shinlarini mintaqadan olib chiqishga shoshilmaydi.

«Interfaks» agentligi Armaniston nashrlari xabarlariga asoslanib yozishicha, so‘nggi kundagi harbiy harakatlar ikki yo‘nalish bo‘ylab olib borilgan - Jyermuk (Armanistonning Vaoydzor oblasti) hamda Sisian va Angexakot (Syunik oblasti), Ozarboyjon qurolli kuchlari Yerevandan Gorisga olib boruvchi avtoyo‘lni to‘sib qo‘yishga harakat qilgan.

Agar bu yo‘l yopilsa, Ozarboyjon va Eron bilan chegaradosh bo‘lgan Syunik oblasti Armanistonning qolgan qismidan uzilib qolgan bo‘lardi.

Noyabr oyida Qorabog‘ va Syunik oblastining chegara hududlarida vaziyat keskinlasha boshladi. Tomonlar kichik qurolli to‘qnashuvlar, jumladan qurbonlar haqida xabarlar berishdi.

Shu yilning mayida ham Ozarboyjon va Armaniston chegarasida notinchlik yuzaga kelgan, o‘shanda ozarboyjonlik harbiylar Armanistondagi Qora ko‘l hududiga (arman tilida Sev Lich) kirib kelishi mintaqada yana jiddiy eskalatsiyaga olib kelishiga bir baxya qolgandi. Yerevan voqeani «Armaniston suveren hududiga tajovuz» deb atagan hamda Moskva va KXShTga yordam so‘rab murojaat qilgandi.

28 iyulda ham chegaradagi ziddiyat yangidan avj olgan. Yerevan ozarboyjonlik harbiylar to‘laqonli jangovar harakatlar boshlagani haqida, Boku esa Armaniston tomonidan o‘q uzilgani haqida xabar bergan. Armaniston tomoni xabariga ko‘ra, otishmada uch kishi halok bo‘lgan, to‘rt kishi yaralangan. Boku ikki yarador haqida ma'lum qilgan.

Yevroosiyo tahlil klubi rahbari, xalqaro masalalar bo‘yicha Rossiya kengashi eksperti Nikita Mendkovichning fikricha, Armaniston va Ozarboyjon chegarasidagi navbatdagi keskinlik katta ziddiyatga olib kelishi ehtimoli yuqori emas. «Chunki Rossiya u yoki bu yo‘l bilan buning oldini oladi, qolaversa, hozirgi mavsumda ob-havo sharoiti tutashuv chizig‘ida uzoq muddatli pozitsion harakatlar olib borish uchun qulay emas», deydi u RIA Novosti muxbiriga.

Mavzuga oid