O‘zbekiston | 22:43 / 20.11.2021
9577
3 daqiqa o‘qiladi

“Yangi avlod darsliklarini tayyorlash jarayonini yanada tezlashtirishimiz lozim” – Baxtiyor Saidov

Yangi vazir ta'limdagi innovatsiyalar eng chekka hududdagi o‘quvchiga yetib borishi lozimligini qayd etdi.

Foto: Xalq ta'limi vazirligi

Xalq ta'limi vaziri Baxtiyor Saidov o‘zining ilk ishchi tashrifini Respublika ta'lim markazi hamda Abdulla Avloniy nomidagi ilmiy-tadqiqot instituti faoliyati bilan tanishishdan boshladi.

Vazirlik matbuot xizmati xabar berishicha, Respublika ta'lim markaziga tashrif chog‘ida markaz direktori Shuhrat Sattorov umumiy o‘rta ta'lim maktablarida ta'lim mazmuni, darsliklarni tayyorlash jarayonlari haqida batafsil ma'lumot berdi. Xususan vazir yangi avlod darsliklari, ularni yaratgan mualliflar faoliyati va qolgan darsliklarning yaratilish muddatlari bilan tanishtirildi.

Foto: Xalq ta'limi vazirligi
Foto: Xalq ta'limi vazirligi

Baxtiyor Saidov yangi darsliklarni yuqori baholab, ularni yaratish jarayoni yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

Foto: Xalq ta'limi vazirligi

“Yangi avlod darsliklarini tayyorlash jarayonini yanada tezlashtirishimiz lozim, darsliklar yozilishini cho‘zmasligimiz lozim, sababi, darsliklarning kechikishi jamiyat rivojlanishining kechikishi degani”, — dedi u.

Xabarda aytilishicha, Saidov shuningdek, ta'lim mazmunini xalqaro darajaga ko‘tarish, yoshlarni ta'lim olishga qiziqtirish, dars berishning innovatsion usullaridan foydalanish, vizual kontentni rivojlantirish kerakligi borasida takliflar bildirdi.

Vazir innovatsiyalardan qishloqlarda foydalanish masalasini ko‘tarib, ularning chekka hududlarga yetib borishini ham ta'minlashga alohida e'tibor berish lozimligini qayd etdi.

Foto: Xalq ta'limi vazirligi

“O‘rganish jarayoni A.Avloniy nomidagi ilmiy-tadqiqot institutida davom etdi. Institut rektori Ayubxon Radjiyev tomonidan so‘nggi yillarda muassasa tomonidan amalga oshirilgan islohotlar, xususan, malaka oshirishdagi o‘zgarishlar, ilmiy-tadqiqot ishlaridagi ustuvor yo‘nalishlar, ta'limdagi muammolar yechimiga qaratilgan o‘ndan ortiq ilmiy-amaliy loyihalar to‘g‘risida ma'lumotlar berildi.

Vazir institut tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalarni yuqori baholab, dolzarbligi nuqtayi nazaridan oxirigacha samarali yakunlash lozimligini qayd etdi”, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, Baxtiyor Saidov 17 noyabr kuni xalq ta'limi vaziri etib tayinlangandi.

Mavzuga oid