Ulkan Bab al-Yaman darvozasi orqasida Yaman poytaxti Sanoning qadimiy qismi joylashgan. U devorlar orqasidagi o‘zga olamga olib boruvchi portalga o‘xshaydi, deya yozadi ana shu binolarga sayohat qilgan BBC muxbiri Ulrike Lemmin-Vulfri.

Bir-biriga yopishgan baland, lekin ingichka uylar, tor ko‘chalar, kichik, biroq yashil mevali bog‘lar... Bozorda xuddi qadimgi vaqtlardagidek eshak sotiladi. Chilangar ko‘chada katta kalit yasayapti. U mana shu ulkan eshiklardan biri uchun bo‘lsa kerak.

Sotuvchi aravada kaktusga o‘xshash tikanli nok sotyapti. Novvoy yerdagi tandirda issiq non yopyapti. Ko‘rinishidan charchagan tuya aylana bo‘ylab yurib, tegirmon toshlarini harakatga keltirmoqda va kunjutni maydalayapti.

Biroq bu yerdagi eng hayratlanarli narsa – arxitektura.

Eski Sanodagi bu kabi uylar dunyoning hech bir yerida boshqa uchramaydi (Yamanning o‘zidan tashqari). Binolarning birinchi qavatida derazalar yo‘q. Katta eshiklar loy g‘ishtlardan terilgan bir xil devorlarga o‘zgachalik beradi. Tepaga qarasangiz, qiziq narsaning guvohi bo‘lishingiz mumkin. Binolar juda baland. Ayrim hollarda har bir qavatda bor-yo‘g‘i bir-ikkita xona bo‘ladi. Biroq uning yonida turganingizda bino xuddi osmonga yetgandek tuyiladi.

Uylar ham chiroyli, ham qulay. Birinchi qavatlar rastalar yoki ustaxonalar uchun mo‘ljallangan. Yuqori qavatdagi ayrim derazalarga yo rangli oyna, yo mashrabiy – naqshli yog‘och panjaralar o‘rnatilgan. Demak, u yerda ayollar yashaydi. Deraza romlari yoki qavatlarni bir-biridan ajratadigan gorizontal frizlar ohakdan mahorat bilan ishlangan. Sariq devorlar bilan uyg‘unlashib, pryanik uy effektini hosil qiladi. Yassi tomlarda ochiq ayvonlar joylashgan. Ob-havo issiq bo‘lganida uy egalari mana shu yerda uxlashadi. Ko‘chadan qaraganda uylar balandligini chamalash qiyin, biroq ulardan uzoqlashib, binolarning ayrimlari yetti qavatdan iborat ekanini sanab ko‘rish mumkin.

Osmono‘par bino besh asrlik bo‘lganida

Tomida qahvaxona joylashgan ana shunday ulkan binolardan biriga ko‘tarildim. Hamma tomonda xuddi shunday baland uylar bor edi. O‘zimni Nyu-York yoki Dubaydagidek his qildim.

Farqi shundaki, ushbu baland binolarning yoshi 300 dan 500 yilgacha va ular zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda temir betondan emas, quyoshda quritilgan loydan qurilgan.

Eski Sanodagi ayrim uylarning balandligi 30 metrgacha – Chikagodagi ilk osmono‘par binolar bilan bir xil.