Jahon | 12:37 / 27.07.2024
3694
4 daqiqa o‘qiladi

AQSh husiychilarning uchuvchisiz uchoqlari va dengiz dronlari yo‘q qilinganini bildirdi

AQSh harbiylari Yamandagi husiychi isyonchilarga tegishli oltita havo va uchta dengiz dronini yo‘q qilganini bildirdi. Yamandagilar, o‘z navbatida, Qo‘shma Shtatlar va Britaniyani husiychilar nazoratidagi Hudeyda shahriga hujum qilishda aybladi.

Foto: Osamah Yahya/ZUMA Press Wire via picture alliance

AQSh harbiylari Yamanning o‘zi nazorat qilgan qismida yamanlik isyonchi husiychilarning oltita uchuvchisiz uchish apparati va uchta boshqaruvchisiz qayig‘i yo‘q qilinganini bildirdi. Bu haqdagi xabar 27 iyul, shanba kuni AQSh Markaziy qo‘mondonligining (CENTCOM) X ijtimoiy tarmog‘idagi (sobiq Twitter) akkauntida paydo bo‘ldi.

«Ushbu qurollar (husiychilarning havo va dengiz dronlari) mintaqadagi AQSh, koalitsiya kuchlari va tijoriy kemalarga to‘g‘ridan to‘g‘ri tahdid solishi aniqlangan. Bu harakatlar navigatsiya erkinligini himoya qilish va xalqaro suvlar xavfsizligini oshirishga mo‘ljallangan», deya qayd etilgan CENTCOM xabarida.

Husiychilar Hudeydaga zarba haqida ma’lum qildi 

Ayni paytda, Yamanning «Al-Masirah» husiychilar telekanali AQSh va Britaniyani Yaman g‘arbida isyonchilar nazoratidagi Hudeyda port shahri aeroportiga hujum qilganlikda aybladi. Telekanal ehtimoliy hujum tafsilotlarini oshkor qilmadi. Vashington va London bu ma’lumotga izoh bermadi. 

20 iyul kuni Isroil harbiy-havo kuchlari tomonidan Hudeydaga havo zarbalari berilgan. Mamlakat rasmiylari buni «so‘nggi oylarda Isroilga qarshi amalga oshirilgan yuzlab hujumlarga» javob deb atadi. Isroil ma’lumotlariga ko‘ra, zarbalar port hududidagi husiychilarning harbiy obektlariga qaratilgan. Husiychilar tuzumi vakillarining da’vo qilishicha, neft omborlari va elektr stansiyasi TsAHAL hujumlari natijasida zarar ko‘rgan, bir necha tinch aholi halok bo‘lgan va yaralangan. 

Bir kun avval, 19 iyul kuni Tel-Aviv markazidagi AQSh elchixonasi yaqinida dron qulagan edi. Bir kishi halok bo‘ldi, sakkiz kishi yaralandi. Hujum uchun javobgarlikni Yaman husiychilari o‘z zimmasiga oldi. Ular havo hujumidan mudofaa tizimlarini chetlab o‘tishga qodir bo‘lgan yangi drondan foydalanganliklarini aytishdi.

Husiychilar fuqarolik kemalariga hujum qilmoqda 

Isroil va HAMAS o‘rtasidagi urush fonida Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlangan yamanlik husiychilar 2023 yil oktyabr oyi boshidan buyon Qizil dengizdagi tijorat va harbiy kemalarga, jumladan dengiz va quruqlikdagi uchuvchisiz uchoqlar yordamida hujum qilmoqda. 

Shunday qilib, 16 iyul kuni AQSh Qizil dengizda ikkita savdo kemasiga hujum qilinganini tasdiqladi. Ulardan biri Bentley I tankeri Rossiyadan Xitoyga o‘simlik moyini olib ketayotgan edi. Avvalroq Britaniya harbiy-dengiz kuchlari Hudeyda yaqinida ikkita kema hujumga uchragani va ulardan birining ekipaji kemaga zarar yetkazilgani haqida ma’lum qilganini xabar bergan edi. 

Mart oyida husiychilarning Aden ko‘rfazida True Confidence kemasiga raketa hujumi natijasida uch dengizchi halok bo‘ldi, fevral oyida hujumga uchragan Rubymar yuk kemasi cho‘kib ketdi. O‘tgan yanvar oyida yamanlik isyonchilar Galaxy Leader rolkerini egallab olgan edi. 

Husiychilarning hujumlari xalqaro yuk tashishda muammolarga sabab bo‘lmoqda va mintaqada keskinlikni oshirmoqda. Qo‘shma Shtatlar va uning ittifoqchilari mintaqadagi harbiy ishtirokini oshirib, husiychilar nishonlariga hujum qildi. 

Mavzuga oid