Jahon | 11:20 / 11.11.2024
3448
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh Yamandagi husiychilarning qurol omborlariga zarba berdi

AQSh-Britaniya samolyotlari Sanoning bir qancha hududlariga zarbalar berdi. AFP agentligi Pentagonga tayanib xabar berganidek, Yamandagi husiychilarning qurol-yarog‘ omborlariga hujum uyushtirilgan.

Foto: SCANPIX/dpa/Osamah Yahya

Qo‘shma Shtatlar 9 noyabr kuni kechqurun Yamandagi guruh - husiychilarning qurol-yarog‘ omborlariga qarshi bir necha havo hujumini amalga oshirdi. Bu haqda 10 noyabr, yakshanba kuni Pentagonga tayanib, AFP xabar berdi.

Unga ko‘ra, omborlarda Qizil dengiz va Adan ko‘rfazining xalqaro suvlarida kemalarni yo‘q qilish uchun foydalanilgan qurollar saqlangan.

Husiychilarning Al Masirah televizion tarmog‘i AQSh va Britaniya havo hujumlari Sanodagi Es Sabin hududiga amalga oshirilgani haqida xabar berdi. OAV xabarlariga ko‘ra, Yaman poytaxtidagi Nahdayn va Al-Hafa hududlari ham hujumga uchragan.

Husiychilar Qizil dengizdagi zarbalarda Isroil bilan aloqador kemalar nishonga olinganini da’vo qildi. Guruh Eron bilan yaqin aloqada bo‘lib, Livandagi «Hizbulloh» harakati bilan hamkorlik qiladi.

WSJ: RF Rossiya sun’iy yo‘ldoshlari ma’lumotlarini Yaman husiychilariga uzatgan

The Wall Street Journal (WSJ) 24 oktyabr kuni xabar berishicha, Rossiya Yamandagi husiychilarga Qizil dengizdagi savdo kemalariga uchuvchisiz uchoqlar va raketa hujumlari uchun RF sun’iy yo‘ldoshlaridan olingan ma’lumotlarni taqdim etgan.

Nashr suhbatdoshlaridan birining so‘zlariga ko‘ra, Rossiya sun’iy yo‘ldoshi ma’lumotlari Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi xodimlari orqali yuborilgan. Rossiya tomonidan taqdim etilgan nishon belgilanishi husiychilarga «zarbalar ko‘lamini kengaytirishga» imkon berdi, dedi u.

Nashr ta’kidlaganidek, Rossiyaning husiychilarga bergan bu yordami Rossiya rahbariyati AQSh nazoratidagi G‘arbning iqtisodiy va siyosiy tartibini buzish uchun qanchalik uzoqqa borishga tayyorligini ko‘rsatdi.

Husiychilarning Qizil dengizdagi hujumlari

WSJ bilan suhbatlashgan manbalarga ko‘ra, Rossiya, shuningdek, Qo‘shma Shtatlar uchun muammo yaratish uchun Yaqin Sharqdan Osiyogacha beqarorlik yuzaga keltirishga harakat qilmoqda.

Husiychilar Isroil G‘azo sektorida Hamas harakati bilan urush boshlaganidan so‘ng Qizil dengizdagi tijorat kemalariga raketalar va uchuvchisiz uchoqlar bilan hujum qila boshladi. WSJ hisob-kitoblariga ko‘ra, 2023 yilning noyabridan 2024 yilning oktyabrigacha guruh 100 dan ortiq kemaga hujum qilib, ikkitasini cho‘ktirib, bittasini qo‘lga olgan. Hujumlar global savdoda katta buzilishlarga olib keldi, chunki yuk tashish kompaniyalari va tashuvchilar muqobil yo‘llarni izlashga majbur bo‘ldi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid