Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev hamda Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan Rossiyaning Sochi shahrida uchrashuv o‘tkazdi. Rossiya tashabbusi bilan o‘tkazilgan o‘ziga xos sammitda Armaniston va Ozarboyjon chegara delimitatsiyasi borasida ikki tomonlama komissiya tuzishga kelishib oldi. Ular Qorabog‘dagi holat yana keskinlashganidan 10 kun o‘tib ko‘rishdi.
Rossiyadagi uchrashuv Armaniston va Ozarboyjon Qorabog‘dagi voqealardan keyin ilk marta ikki tomonlama muzokara o‘tkazgani bilan yodda qoldi. Bungacha tomonlar doim uch tomonlama muzokara o‘tkazgandi. Chegaradagi mojaroli holatlarni hal qilish bo‘yicha komissiya tuzish bo‘yicha Armaniston va Ozarboyjon o‘zaro kelishgan bo‘lsa-da, uchrashuvlar yakuniga ko‘ra imzolangan qo‘shma bayonotda Moskvaning roli katta bo‘lgani ta'kidlandi. Tabiiyki unda Putinning ham imzosini ko‘rish mumkin.

Qo‘shma bayonotda Armaniston va Ozarboyjon chegara delimitatsiyasi bo‘yicha Rossiya bilan maslahatlashgan holda ishlashi keltirilgan. Unda aytilishicha, Rossiyaning orada bo‘lishini tomonlarning o‘zi istagan. Rossiya esa qo‘shma bayonotga ko‘ra Qorabog‘dagi holatni normallashtirish «majburiyatini olgan».
Siyosiy tahlilchi Olesya Vartanyan o‘zining tvitterdagi sahifasida Boku va Yerevan chegara masalasidagi muammolarni hal qilish uchun kutilganidek Rossiya vositachiligida emas, aynan ikki tomonlama kelishuvga erishgani juda muhim ekanini ta'kidladi.
Aliyev va Pashinyan Qorabog‘da yana keskinlik yuzaga kelganidan 10 kun o‘tib uchrashishdi. 16 noyabr kuni chegarada yana otishmalar kuzatildi. Tomonlar doimgidek aybni bir-biriga ag‘dardi. To‘qnashuvlar Moskva aralashuvidan keyin to‘xtadi. Ayni damda rossiyalik harbiylar vaziyat keskinlashib ketishining oldini olish uchun Qorabog‘da bo‘lib turishibdi.
Sochidagi uchrashuvdan avval Boku Yerevanga ikki harbiy asirni qaytargan edi. Ulardan biri oxirgi to‘qnashuvlar vaqtida asir tushgan.
Sochidagi uchrashuvlarda qiziq holat kuzatildi. Putin avvaliga Aliyev bilan yakkama-yakka gaplashdi. Keyinroq ularning davrasiga Pashinyan qo‘shildi. Uchrashuv tugagach esa Putin Armaniston bosh vaziri bilan ham yakkama-yakka gaplashdi. Tomonlar qo‘shma bayonot imzolagach, mezbon Putin mehmonlar Aliyev va Pashinyanga bittadan zaytun novdasi sovg‘a qildi. Bu tinchlik ramzi sifatida qaraladi.
















