Jahon | 19:52 / 09.12.2021
7529
3 daqiqa o‘qiladi

Xitoy transmilliy korporatsiyalardan Litva bilan aloqalarni uzishni talab qildi

Ayrim kompaniyalar Litvadagi yetkazib beruvchilar bilan shartnomalarni bekor qilgan.

Foto: AP

Xitoy transmilliy korporatsiyalardan Litva bilan aloqalarni uzishni talab qildi hamda aks holda kompaniyalar o‘z mahsulotlarini Xitoyda sota olmasligi bilan tahdid qilmoqda, deb yozadi Reuters Litva tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mantas Adomenasga tayanib.

Agentlikning yozishicha, Litvaning Xitoy bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri savdo hajmi sezilarli emas, ammo bu yerda Xitoyga mahsulotlarini sotadigan transmilliy korporatsiyalar uchun tovar ishlab chiqaruvchilar joylashgan.

«Xitoy transmilliy korpotsiyalarga agar ular Litvada ishlab chiqarilgan butlovchi qismlar va materiallardan foydalanadigan bo‘lsa, o‘z mahsulotlarini Xitoy bozorida sota olmasligi bildirilgan xabarlar jo‘natmoqda», — dedi Adomenas.

 Uning qo‘shimcha qilishicha, ayrim kompaniyalar Litvadagi yetkazib beruvchilar bilan shartnomalarni bekor qilgan.

Xitoyning transmilliy kompaniyalarga bosim o‘tkazayotganini Litva sanoatchilar konfederatsiyasi ham tasdiqladi. Tashkilot vakili Vidmantas Yanulyavichyus shu haftada ana shunday bosim qayd etilganini ma'lum qildi.

Litva o‘zini qo‘llab-quvvatlashini so‘rab Yevrokomissiyaga murojaat qildi, deb yozadi Reuters. Mamlakat tashqi ishlar vaziri Gabrielyus Landsbergis Xitoyga qarshi turish uchun Yevroittifoq darajasidagi javob zarurligi aytilgan maktub jo‘natgan.

O‘z navbatida, Yevrokomissiya YeI alyansning har qanday a'zosiga nisbatan siyosiy bosim va majburiy choralarga qarshi turishga tayyorligini bildirgan.

Xitoy Litva bilan diplomatik aloqalarni ishonchli vakil darajasiga tushirgan. Bunga Vilnyusda Tayvan vakolatxonasi ochilishi sabab bo‘ldi.

Xitoy buni “ikki mamlakat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatish to‘g‘risidagi kommyunike tamoyillarining qo‘pol buzilishi” deb hisobladi va Litvadan o‘z elchisini chaqirtirib oldi.

Pekin shuningdek, Litvaga temir yo‘l tashuvlarini to‘xtatib qo‘ydi, Litva korxonalari uchun kredit limitini kamaytirdi.

Tayvanning Yevropa va AQShda ham boshqa vakolatxonalari bor, ammo ular orol nomi bilan emas, Taybey shahri vakolatxonasi deb nomlanadi.

Mavzuga oid