Toshkent hokimiga aloqador “Eco House-Group” yirik loyihalarni tendersiz olgani ma’lum bo‘ldi
Tibbiyot sohasiga aloqador qurilishlar bo‘yicha kamida uchta davlat buyurtmasi “Eco House-Group”ga tendersiz berilgan. Ularning qiymati kamida 403 mlrd so‘m. Biroq, “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, 6,8 mlrd so‘mdan oshiq loyihalarni tendersiz berish mumkin emas.

Sog‘liqni saqlash vazirligining “Tibbiyot qurilish injiniring” davlat unitar korxonasi buyurtmasiga binoan Toshkent shahrida 140 o‘rinli Perinatal markaz va 160 o‘rinli Ona va bola markazi qurilishining ikkinchi bosqichi bajarilmoqda.
Telegram'dagi davletovuz kanalining e’tibor qaratishicha, 2021 yil uchun tasdiqlangan manzilli dasturga ko‘ra, bu ikkita obektning bahosi 189,5 mlrd so‘mni tashkil qiladi. Obektlar tendersiz, hukumat hujjati bilan taqdim qilingan.
Ma’lumot uchun, “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunning 59-moddasiga ko‘ra, tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) qiymati bir shartnoma bo‘yicha BHM (bazaviy hisoblash miqdori)ning 25 ming baravari – 6 mlrd 750 mln so‘mdan ortiq miqdorni tashkil etganda, davlat xaridi tender o‘tkazish yo‘li bilan amalga oshirilishi shart.
Buyurtmani “Eco House-Group” MChJ amalga oshirishi ko‘zda tutilgan. 2018 yilda ochilgan mazkur kompaniya tez-tez nomini o‘zgartirib turadi. Bundan oldin Whitecity Construction, Renaissance Company kabi nomlarda ham faoliyat yuritib ko‘rgan. Kompaniya ancha mashhur. Xususan, Sardoba suv omboridagi fojiadan keyin Oqoltin tumanining Shodlik mahallasidagi 20 ta uyni qurish aynan Whitecity Construction'ga topshirilgan.
Bundan oldin esa Chilonzor tumani Oqtepa mavzesidagi uylar, Sergeli tumanidagi monolit uylar, Talabalar shaharchasida o‘qituvchilar uchun mo‘ljallangan binolar ham ushbu kompaniya tomonidan qurilgan.
Kompaniya, shuningdek, Zangiota tumanida Tashkent Pharma Park innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasterini barpo etishda ham bosh pudratchi sifatida tendersiz jalb qilingan va bir vaqtning o‘zida loyihalash hamda qurish ishlariga ruxsat berilgan. Bu loyihani amalga oshirish uchun Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan 50 mln dollar ajratish ko‘zda tutilgandi. Kompaniya allaqachon 213,5 mlrd so‘mlik pudrat shartnomasini tuzib, ish olib bormoqda.
Yana xuddi shu kompaniya 2020 yilda Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Geologiya fanlari universiteti bino va inshootlarini rekonstruksiya qilish bo‘yicha 357,6 mlrd so‘mlik pudrat shartnomasini ham qo‘lga kiritgan. Bu obektni ham tendersiz, hukumat hujjati bilan olgan.
Yuridik shaxslar reyestriga ko‘ra, “Eco House-Group” MChJning 82,4 foiz ulushi Asatov Nodirjon Xudoyberdi o‘g‘liga, 17,6 foizi esa Mirvoxitov Mirsaid Mirfatux o‘g‘liga tegishli. 2020 yilning o‘rtalarigacha kompaniyaning 40 foiz ulushi Isroilov Ismoilga tegishli bo‘lgan. Keyinchalik u o‘z ulushini yuqoridagi shaxslarga o‘tkazgan.
Akfa Engineering Management kompaniyasining sobiq direktori hisoblanadigan Ismoil Isroilov ulushi 66,9 foizni tashkil etadigan Discover Invest (Power Construction Planet) kompaniyasi manfaatlar to‘qnashuviga olib keladigan bir qancha tender savdolarida ishtirok etgani bilan ham mashhur. Toshkent shahar hokimligi tomonidan e’lon qilingan, Yakkasaroy tumanidagi 45-uyni rekonstruksiya qilib, atrofini obodonlashtirishni ko‘zda tutuvchi 35,5 mlrd so‘mlik tenderda g‘alaba qozongani bunga kichik bir misol.
Isroilov, shuningdek, “Teleradiokompaniya Zo‘r” (31,2 foiz) va Kolorpak (25 foiz) singari kompaniyalarda ham ulushga ega.
Avvalroq Kun.uz Toshkent shahridagi davlat budjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan bir qancha loyihalar Discover Invest'ga tendersiz berib yuborilgani haqida xabar bergandi.
Ma’lumot uchun, Whitecity Construction brendi Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev to‘liq egalik qiladigan “J-United Group” MChJga tegishli.
Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil 13 avgustdagi PF-5780-sonli farmoniga ko‘ra, xo‘jalik boshqaruvi va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga:
- tadbirkorlik sub’yektlarini davlat xaridlari jarayoniga keng jalb etish orqali barcha davlat buyurtmachilari tomonidan davlat xaridlarining shaffofligi va raqobatbardoshligini ta’minlash bo‘yicha samarali choralarni ko‘rish;
- Vazirlar Mahkamasining “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq bo‘lmagan topshiriqlari, shu jumladan, qonunda ko‘zda tutilmagan, yagona yetkazib beruvchidan to‘g‘ridan to‘g‘ri xarid qilish imkonini ko‘zda tutuvchi bayonnomalar shaklidagi topshiriqlarni kiritish amaliyotini qat’iyan taqiqlash vazifalari yuklatilgandi.
Shuningdek, bu farmon bilan xo‘jalik boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan davlat xaridlarini amalga oshirishda istisno tarzida to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar tuzish huquqini berishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash va Vazirlar Mahkamasiga kiritish ham taqiqlangan.
Qonunga ko‘ra, davlat xaridlarining xolisligi xarid ishtirokchilariga teng imkoniyatlarni ta’minlashga asoslanadi.
Tavsiya etamiz
Muddat qo‘yuvchi Tramp: buning oxiri bormi?
Jahon | 22:09 / 24.04.2025
Toshkentda avtomobilni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun onlayn ariza berish mumkin bo‘ldi
O‘zbekiston | 20:34 / 24.04.2025
Stomatologiya poliklinikalari xususiylashtiriladi
O‘zbekiston | 10:56 / 24.04.2025
Bojxonadagi cheklovlar: fuqaro bojni to‘lay olmasa, nima bo‘ladi?
O‘zbekiston | 22:43 / 23.04.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Kamayadigan bojsiz limit, sotiladigan zavodlar va Lavrovning nolishi - hafta dayjesti
O‘zbekiston | 23:15
-
2024 yilning eng ochiq va eng yopiq davlat tashkilotlari ma’lum qilindi
O‘zbekiston | 21:57
-
Dafn marosimi va urush
Jahon | 21:30
-
Klasiko intrigalari. «Barsa»da ham bo‘sh nuqtalar bor, «Real» esa hakamlarga jiddiy bosim uyushtirdi
Sport | 19:27
Mavzuga oid

10:05 / 13.12.2024
«Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida»gi qonunning jamiyat va davlat uchun ahamiyati

17:42 / 04.12.2024
«Paxtakor» budjeti 100 milliarddan oshadi». Ortiqxo‘jayev qoniqarsiz natija, yangi murabbiy, Cheran va rejalar haqida

12:00 / 04.12.2024
«Paxtakor» portugaliyalik yangi bosh murabbiyini tanishtirdi

16:21 / 12.11.2024