11:52 / 12.12.2021
23729

Omikron: yangi variant haqida navbatdagi xavotirlar va taxminlar

Koronavirusning yangi varianti paydo bo‘lishi ekspertlarning Covid-19 pandemiyasi tez orada tugashi borasidagi ehtiyotkorona optimizmi va umidiga yakun yasadi. JSST mutatsiyaga uchragan virusni rasmiy ravishda xavotir tug‘diruvchi (VOC) deb atadi va unga omikron kodini berdi.

Foto: Getty Images

Turli mamlakatlardan yangi variant to‘g‘risida kelib tushayotgan ma'lumotlar hozircha to‘liq emas va ko‘pincha bir-biriga zid. Ekspertlar mutatsiyaga uchragan virus testlar yordamida aniqlanishi oson emasligi, hatto immunitet himoyasini chetlab o‘tishni o‘rganganidan xavotirlarini bildirishmoqda. Shunday ekan, emlanish infeksiya yengil kechishi kafolati bo‘la olmasligi aytilmoqda.

Haqiqatan ham shundaymi? Koronavirus haqida nimalar aniq, yana qaysi jihatlar taxmin darajasida qolyapti? BBC ana shu savollarga javob beradi.

Omikron qachon va qanday qilib aniqlandi, qayerdan paydo bo‘ldi?

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti koronavirusning yangi varianti haqida 24 noyabr kuni Janubiy Afrika hukumatidan bildi. O‘shanda bu yerda ikki haftadan ortiq vaqt davomida Covid-19 bilan kasallanish ko‘rsatkichi ortib borayotgandi.

Ko‘p mamlakatlar yangi shtamm aniqlangach, Janubiy Afrikadan kirishni taqiqladi. JAR hukumatlari buning uchun asosli sabab yo‘qligini aytmoqda

O‘sha kunning o‘zidayoq JSST B.1.1.529 varianti (Omikron o‘z nomiga ega bo‘lgunicha ana shu nom bilan atalgandi) ustidan kuzatuvlarni kuchaytirdi. Ikki kun o‘tgach, 26 noyabr kuni u rasman xavotir uyg‘otuvchi sifatida tasniflandi.

JSST ta'rifiga ko‘ra, tashkilot ekspertlarida omikron mana shu shartlaridan kamida bittasiga javob beradi, deb hisoblash uchun asoslar mavjud:

  • u yuqumliroq (ya'ni odamdan odamga osonroq yuqadi);
  • u chaqirgan kasallik og‘irroq shaklda kechadi;
  • u tashxislashning mavjud choralari samaradorligini pasaytiradi va immun himoyaga yomonroq reaksiya qiladi.

Virus genomining rasshifrovka qilinishi yangi variant chaqirgan ilk kasallanish holatlari JARda 9 noyabrdayoq qayd etilgan deya belgilashga yordam berdi. Ya'ni mamlakatda yangi, infeksiyaning to‘rtinchi to‘lqini boshlangan vaqtda.

Yangi variant haqida nimalar aniq?

Qisqa javob – keng miqyosli tadqiqotlar bilan mustahkamlangan, yetarli darajada ishonch bilan aytish mumkin bo‘lgan deyarli hech narsa.

Faqat shunisi aniqki, omikron avvalgi variantlardan keskin farq qiladi: uning genomida olimlar 50ta mutatsiyani hisoblashdi. Ularning har biri ishlab chiqariluvchi oqsillar to‘plamiga, natijada esa, virus xususiyatiga ta'sir qilishi mumkin.

«Dastlabki ma'lumotlar takror yuqtirish xavfi bu variantda boshqalariga qaraganda yuqoriligini ko‘rsatmoqda [VOC]. Bu variant infeksiyaning avvalgi avj olishlariga qaraganda tezroq tarqalishi aniqlandi. Shundan kelib chiqib, u tarqalish uchun ko‘proq istiqbolga ega bo‘lishi mumkin», deya ogohlantirdi JSST.

Omikronning JARda tez tarqalishiga ishonch hosil qilish uchun mamlakatda kasallanish o‘sishi jadvaliga nazar solishning o‘zi kifoya. Unda infeksiyaning to‘rtinchi to‘lqini delta varianti yuzaga keltirgan to‘lqinga qaraganda ko‘proq o‘sayotganini aniq ko‘rish mumkin.

Kasallanishning joriy to‘lqini jadvalda qora chiziqda, avvalgi (uchinchi) to‘lqin esa ko‘k chiziqda aks ettirilgan

Umuman olganda, mutaxassislarning qayd etishicha, bu omikron o‘zini boshqa mamlakatlarda ham xuddi shunday namoyish etishini anglatmaydi. O‘tgan yil dekabr oyida JARda koronavirusning ikkinchi to‘lqini sababiga aylangan beta varianti (jadvalda qizil rangda) aniqlangandi.

Keyinchalik o‘tkazilgan tadqiqotlar betani yuqtirganlar og‘irroq kasal bo‘lishi va o‘lim holatlari ko‘proq bo‘lishini tasdiqlasa-da, virusning bu varianti yetakchiga aylanmadi va tez orada uni delta siqib chiqardi.

Nima uchun mazkur mutatsiyalar xavotir uyg‘otadi va ular virus xususiyatiga qanday ta'sir ko‘rsatishi mumkin? 

Omikron qo‘lqop, niqob va ijtimoiy masofani kundalik hayotga yana qaytardi / Getty Images

Omikronda aniqlangan 50ta mutatsiyaning uchdan ikki qismi quyoshli tojni yodga soluvchi virus tikanlarida joylashgan bo‘lib, u spayk oqsil tarkibini (o‘z-o‘zidan, geometrik shaklini ham) belgilaydi.

Bundan 3 xulosa chiqarish mumkin.

Birinchidan, aynan tikanlar hujayraga kirib borishda yordam bergani uchun oqsil shaklining har qanday o‘zgarishi virus evolyutsiya qilgani va buni ancha samarali qilishga «o‘rgangani»ni anglatadi – ya'ni uning yuqumliligi ortgan.

Ikkinchidan, aynan shu tikanlarga qarab kasallik qo‘zg‘atuvchisi aniqlanadi. Ko‘plab PZR testlar aynan spayk oqsilni izlash uchun dasturlangan. Demak, uning shakli o‘zgarishi tashxis sifatiga ta'sir ko‘rsatishi mumkin.

Uchinchidan, antitanalarning asosiy vazifasi kasallikni boshdan kechirganlarda ham, emlanganlarda ham aynan shu tikanlarni neytrallashtirishdan iborat. Demak, oqsildagi har qanday o‘zgarish immunitet sustlashishi va vaksina ta'siri kuchsizlanishiga olib kelishi mumkin.

U kasallik og‘irroq kechishiga olib kelishi mumkinmi?

Nazariy jihatdan bo‘lishi mumkin. Biroq bu borada yetarlicha dalillar mavjud emas. Shunday ekan, bu borada xulosa qilishga hali erta.

Bundan tashqari, omikron yengilroq kechuvchi infeksiyani chaqiradi degan fikr ham bor. Nima bo‘lganda ham janubiy afrikalik shifokorlarning dastlabki ma'lumot va dalillariga ko‘ra, bemorlarning ko‘pchiligi omikronni deltaga qaraganda yengil o‘tkazyapti.

Umuman olganda, yana bir bor takrorlash zarur: mazkur ma'lumotlar dastlabki va ishonchli emas. Xususan, JARda mutatsiyaga uchragan virus aniqlangan bemorlarning ko‘pchiligi o‘rta yoshlilar, ular esa Covid-19’ni keksalarga qaraganda ancha yengil o‘tkazadi.

Omikron yangi global to‘lqinni yuzaga keltirishi mumkinmi?

Omikron tufayli ko‘plab mamlakatlar koronavirusga qarshi choralarni kuchaytirdi. Masalan, mamlakatga keluvchilar uchun PZR testlar qayta joriy etildi

Mazkur savolga javob berish uchun biz nimani nazarda tutayotganimizni aniqlab olish kerak: masalan, nimaning yangi to‘lqinini?

Agar gap yangi infeksiya holatlari va musbat testlar ulushi haqida bo‘lsa, agar omikron yuqumliroq ekani to‘g‘risidagi ma'lumot tasdiqlansa, yangi to‘lqin ehtimoli mavjud.

Masalan, virusning yangi varianti aniqlangan Janubiy Afrikada kasallikni yuqtirganlar soni har uch-to‘rt kunda ikki marta ortmoqda.

Bundan tashqari, dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, omikron immun himoyaga qisman moslashgani va ko‘p ehtimol bilan kasallikni boshdan kechirganlarni qayta zararlamoqda. Bu esa kasallanishning yangi to‘lqini hisobiga yana bir dalil.

Agar shifoxonalarga yotqizishning yangi to‘lqini haqida gapirilsa (kasallikning og‘ir kechishi, bemorlarga shifokorlarning professional yordami zarur bo‘lgan holatlar), uning ehtimoli kamroq – ayniqsa, emlangan aholi ulushi yuqori bo‘lgan mamlakatlarda.

Aholisining juda kam qismi vaksina olgan mamlakatlarda shifoxonalarga yotqizishning yangi to‘lqini ehtimoli mavjud. Katta yoshlilarning bor-yo‘g‘i 24 foizi emlangan JARda ham infeksiyaning barcha yosh guruhlarida og‘ir o‘tish holatlari ko‘paygani haqida gapirilmoqda. Kasalxonaga ko‘pincha 60 va undan katta yoshdagilarning murojaat etishi kutiladi. Biroq besh yoshgacha bo‘lgan bolalar ham kasalxonaga ko‘p yotqiziladi.

Janubiy Afrika kasalxonasidan bemorlarga kislorod kamroq kerak bo‘layotgani haqidagi xabarlar bor. Umuman olganda, kasalxona xodimlari bu borada aniq bir fikr aytishga hali erta ekanini aytishmoqda.

Biz qachon aniq ma'lumotlarga ega bo‘lamiz?

Dastlabki ma'lumotlar omikron boshqa variantlarga qaraganda yuqumliroq ekanini tasdiqlamoqda. Biroq olimlar hali yakuniy xulosaga kelish uchun erta ekanini aytishmoqda

Omikron virusning yuqumliroq varianti ekani borasidagi ishonchliroq javobni bir necha hafta ichida, turli mamlakat olimlari mahalliy statistika raqamlarini tahlil qilishganidan keyin olish mumkin bo‘ladi.

Vaksinalar samarasi pasayishi va immunitet susayishiga keladigan bo‘lsak, aniq javob uzoq kuttirmaydi. Virus immun himoyani qanchalik chetlab o‘tishini tushunish uchun bir necha oy davomidagi kuzatuvlar kerak bo‘ladi.

Bu mutatsiya qayerdan paydo bo‘ldi?

Irsiy kodning o‘zgarishiga mutatsiya deyiladi. Bu istalgan tirik organizmda sodir bo‘ladigan tabiiy jarayon.

Bunday o‘zgarishlar tashqi omillar ta'siri (masalan, quyosh radiatsiyasi) natijasida yuz berishi mumkin.

Germaniyada boshqa ko‘plab mamlakatlardagi kabi vaksina olganlik yoki kasallikni yaqinda boshdan kechirganlik to‘g‘risida sertifikat so‘ralyapti

Sars-Cov-2 genomi deyarli 30 ming azot asoslardan iborat bo‘lgani uchun, har bir yangi nusxani ishlab chiqarishda zanjirga noto‘g‘ri qatorni joylash orqali xato qilish uchun 30 mingta imkoniyat mavjud.

Infeksiya qancha uzoq davom etsa, virusning ko‘payish uchun shuncha ko‘p vaqti bo‘ladi. Demak, shuncha ko‘p mutatsiya sodir bo‘lishi mumkin.

Omikronning 50ta mutatsiyasi virus muayyan bir organizmda nisbatan uzoq ko‘paygani va u yerda uzoq evolyutsion yo‘lni bosib o‘tishga ulgurganini anglatadi.

Shu o‘rinda JARda koronavirus bilan parallel ravishda OIV epidemiyasi ham avj olayotganini e'tiborga olish lozim. Bu mamlakatda deyarli har beshinchi kishi immun tanqisligi virusi bilan kasallangan. OIV bilan kasallanganlarning umumiy soni – 7,5 million kishi.

Beta ham, omikron ham JARda nisbatan tez aniqlandi. Bunga esa mamlakatda yaxshi jihozlangan laboratoriyalar o‘z hissasini qo‘shdi.

Buning oldini olish mumkinmidi?

Dunyoda emlanish bir xilda kechmayapti / AFP

Ha, agar global emlanish kampaniyasi bir xil kechganida.

Ayrim boy mamlakatlarda aholining bir qismi Covid-19 vaksinasining uchinchi dozasini olgan bir vaqtda Afrika mamlakatlari va boshqa rivojlanayotgan mamlakatlarda katta yoshdagilarning juda kam qismi emlangan, xolos.

JARda vaksinaning ikki dozasini har to‘rtinchi fuqaro, Zambiyada – har yigirma beshinchi odam, Kongo demokratik respublikasida esa har minginchi odam olgan.

Testlar va vaksinalar ishlamay qolishi ehtimoli qanchalik yuqori?

Pfizer kompaniyasi omikron shtammiga moslashtirilgan vaksina ishlab chiqishni boshladi / AFP

Bu borada vaziyat xavotirlanish va vahima ko‘tarish darajasida yuqori emas. Ayniqsa vaksinalarni noldan ishlab chiqishdan ko‘ra PZR testlarni yangi variantga moslashtirish osonroq.

Masalan, omikrondagi mutatsiyalardan birini olimlar alfada ko‘rishgan va virus genomining aynan shu qismini izlashga yo‘naltirilgan testlarni ishlab chiqishgan. Demak, mazkur testlar yangi variantni ham mukammal darajada aniqlashi kerak.

Vaksina ishlab chiqaruvchilar virus mutatsiyalarini diqqat bilan kuzatib borishadi va o‘z preparatlarining barcha asosiy variantlarga qarshi samarasini tekshiradi. Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, mavjud vaksinalar infeksiyaning og‘ir kechishi va o‘lim holatlaridan a'lo darajada himoya qiladi.

Qayta yuqtirish holatidan himoyalanish bilan bog‘liq vaziyat yomonroq. U qadar ishonchli bo‘lmagan (ya'ni hali ilmiy hamjamiyat tomonidan tasdiqlanmagan) ma'lumot mavjud. Unga ko‘ra, asl Uhan virusiga qarshi ishlab chiqilgan antitanachalar omikronni 40 marta yomonroq neytrallashtiradi.

O‘zimiz va yaqinlarni virusdan himoyalash uchun nima qilish kerak?

Covid-19ga qarshi eng yaxshi himoyani emlanish beradi. Hatto virusni umuman yuqtirmaslik imkonini bermasa ham, infeksiya keltirib chiqaradigan boshqa muammolardan himoya qiladi.

Agar vaksinaning ikkinchi dozasini yarim yil avval olgan bo‘lsangiz, uchinchi dozani olish mantiqan to‘g‘ri bo‘ladi. Ekspertlar buster inʼeksiyasi immun himoyani sezilarli darajada oshirishiga ishonch bildirishmoqda. Biroq aniq raqamlarni taqdim etishga hali erta.

Shu bilan birga, Pfizer kompaniyasi o‘z vaksinasining uchinchi dozasi Covid-19’ni qayta yuqtirish ehtimolini yuqori darajada kamaytirishini e'lon qildi. Chunki u omikronga qarshi ishlaydigan maxsus antitanachalar konsentratsiyasini 25 martaga oshiradi.

Himoyalanishning boshqa usullari ham mavjud. Ekspertlar omikron ham koronavirusning avvalgi variantlari kabi bir xil usullarda tarqalishini eslatmoqda. Demak, avvalgi ehtiyotkorlik choralariga amal qilish kerak: ijtimoiy masofa haqida unutmaslik, odamlar ko‘p yig‘ilgan joylarda niqob taqish, qo‘llarni tez-tez va yaxshilab yuvish.

Vaqtini asosan odamlar ko‘p bo‘lgan yopiq xonalarda o‘tkazadiganlar ayniqsa xavf ostida. Epidemiologlarning so‘zlariga ko‘ra, bunday sharoitlarda xonani shamollatish katta ahamiyat kasb etadi.

Ob-havo sovuq ekani hisobga olinsa, buni doimiy ravishda amalga oshirish shart emas. Biroq hatto har soatda deraza darchasi bir necha daqiqaga ochib qo‘yilsa ham virusni yuqtirish xavfini keskin kamaytirish mumkin.

Mavzuga oid
Top