O‘zbekiston | 22:01 / 17.12.2021
34228
4 daqiqa o‘qiladi

IIV avtomobili jarima maydoniga joylashtirildi. Mashina Respublika «GAI» rahbariga tegishli ekani haqidagi xabar rad etildi

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyatining Qibray tumanida davlat raqami 01 202 VSG bo‘lgan avtomobil qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlangani aks etgan video tarqaldi. Bu Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasiga tegishli xizmat mashinasi bo‘lib chiqdi.

Foto: Videodan kadr

IIV Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi ijtimoiy tarmoqda tarqalgan, Tracker rusumli, 01 202 VSG davlat raqam belgili avtomobil biriktirilgan haydovchi xodimga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazilayotgani haqida ma’lum qildi.

«Ijtimoiy tarmoqda Trasker rusumli, davlat raqami 01 202 VSG bo‘lgan maxsus transport vositasining haydovchisi yo‘l harakati qoidalarini buzganligi holati aks etgan video tarqaldi.

Video Toshkent viloyati IIBB YHXB xodimlari tomonidan o‘rganildi va mazkur avtomobil haydovchisiga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtK 128/5 moddasi tartibida ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi.

Shu o‘rinda barcha haydovchilarni yo‘l harakati qoidalarga rioya qilishga chaqirib, qoidabuzarliklarga befarq bo‘lmagan jamoatchilik nazorati vakillariga minnatdorchilik bildiramiz», deyiladi Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘i matbuot kotibi ma’lumotida. 

Bungacha nima bo‘lgandi?

Telegramdagi AvtoblogUz kanali 14 dekabr kuni Qoidabuzar VSG sarlavhali postida yo‘lning qarama-qarshi tomonida harakatlanayotgan Tracker videosini joylashtirdi.

Keyinroq ushbu mashina Ichki ishlar vazirligining Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi boshlig‘i Olim Saidovga tegishli ekani, shuningdek, mazkur avtomobil nomida jarimalardan 148,4 mln so‘m qarzdorlik yig‘ilib qolgani haqida xabarlar tarqaldi.

Katta ehtimol bilan, bunday xabarlarga AvtoblogUz muallifining Olim Choriqulovichga murojaati sabab bo‘lgan.

Foto: AvtoblogUz

YHXBB mazkur xabarlar yuzasidan rasmiy munosabatida Tracker bosh boshqarma boshlig‘iga emas, Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi ikkinchi mintaqaviy hudud rahbari, polkovnik Ibrohim Hasanovga biriktirilganini ma’lum qilgan. Avtomobilni uning haydovchisi Odil Sangilov boshqargani ta’kidlangan.

Tracker jarima maydonida

YHXBB mazkur avtomobil bo‘yicha o‘z muddatida bartaraf qilinmagan qarzdorlik holati yuzasidan avtomobil vaqtincha saqlash uchun jarima maydoniga qo‘yilib, ushbu holat bo‘yicha Toshkent viloyati IIBB mas’ul xodimlari tomonidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilayotganini ma’lum qilgan.

«Joriy yilning 14 dekabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati IIBBga tegishli (davlat raqam belgisi 01 202 VSG bo‘lgan Tracker) xizmat avtomashinasi haydovchisi qoidabuzarlik sodir etgani aks etgan video tarqaldi va ushbu holatga qonuniy chora ko‘rilgani haqida ma’lum qilindi.

Hozirda mazkur holat bo‘yicha viloyat IIBB tomonidan xizmat tekshiruvi tayinlanib, avtotransport belgilangan tartibda jarima maydoniga qo‘yildi. O‘rganish ishlari olib borilmoqda», deyiladi rasmiy ma’lumotda.

Foto: IIV YHXBB
Foto: IIV YHXBB

«Jarima aslida kamroq»

Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘i matbuot kotibi Bobur Tulyaganov telegramdagi kanalida qo‘shimcha ma’lumot berib, Tracker’ning 148 mln so‘mdan ortiq qarzdorligi borligi haqidagi xabarni rad etdi.

«Ijtimoiy tarmoqlarda jamoatchilikning diqqat markazida turgan «01 202 VSG Tracker» avtomobilining 148 million so‘m jarimasi bor degan ma’lumot haqiqatdan yiroq, noto‘g‘ri.

Chindan ham bu mashinada bartaraf etilmagan qarzdorlik mavjud. Ammo ma’lumotda ko‘rsatilgan summa 3 barobar orttirib yozilgan. 

Holat yuzasidan tayinlangan xizmat tekshiruvi davomida mavjud qarzdorliklarning kelib chiqish sabablari to‘liq o‘rganib chiqiladi, degan u.

Mavzuga oid