Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tojikiston–Qirg‘iziston chegarasida mojaro yuz berdi
Qirg‘iziston fuqarolari tojikistonlik chegarachilarga toshlar bilan hujum qilgani aytilmoqda.
Foto: TASS
Tojikiston davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasi Qirg‘iziston bilan chegarada joylashgan Somoniyon qishlog‘ida yuz bergan mojaro bo‘yicha ma’lumot berdi.
Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, Isfara chegara otryadi chegarachilari Somoniyon qishlog‘ida Qirg‘iziston fuqarolari noqonuniy qurilish qilayotganini aniqlagan.
Tojikiston chegara qo‘shinlari chegara zastavasi boshlig‘i bu holatni bartaraf etish maqsadida qirg‘izistonlik hamkasbi bilan uchrashuv tashkil qilgan.
«Ammo muzokaralar davomida tajovuzkor kayfiyatdagi Qirg‘iziston fuqarolari uchrashuvni to‘xtatib qo‘ydi va toshlar bilan tojikistonlik chegarachilarga hujum qildi», — deyiladi qo‘mita bayonotida.
Ta’kidlanishicha, «chegara zastavasi boshlig‘i havoga ikki marta ogohlantiruvchi o‘q uzib, tajovuzkor olomonni to‘xtatgan».
O‘z navbatida, AKIpress portali Qirg‘iziston chegara xizmatiga tayanib, qirg‘iz fuqarolari Botken oblasti hududida qurilish ishlari olib borganini ma’lum qildi.
«Qurilish joyiga Tojikiston chegarachilari kelib, qurilishni to‘xtatishni talab qilganida dahanaki jang janjalga aylanib ketgan. Voqea jarayonida Tojikiston harbiy xizmatchilaridan biri Makarov to‘pponchasidan havoga to‘rt marta o‘q uzgan», — deyiladi Qirg‘iziston chegara xizmati bayonotida.
Xabar qilinishicha, ushbu voqeadan so‘ng Qirg‘iziston va Tojikiston chegara xizmatlari vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tgan.
Eslatib o‘tamiz, shu yilning aprelida tojik-qirg‘iz chegarasida yuz bergan qurolli to‘qnashuvlar davomida har ikki tomondan 55 kishi halok bo‘lgan, 300ga yaqin kishi tan jarohati olgandi.
Mavzuga oid
16:56 / 07.03.2026
Qirg‘izistonda uch yoshgacha bo‘lgan har bir bola davlatdan nafaqa oladi
09:10 / 27.02.2026
Tojikistonda Amir Temur hayotiga bag‘ishlangan noyob qadimiy qo‘lyozma saqlanmoqda
21:53 / 26.02.2026
Yevropa Ittifoqi Qirg‘izistondan Rossiyaga reeksport ustidan nazoratni kuchaytirishni talab qildi
17:44 / 23.02.2026