To‘qqiz yoshdan jinoiy javobgarlik: yil boshidan beri Eronda kamida 15 ayol qatl etilgan
Huquq himoyachilari ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilda Eronda 15 nafar ayol o‘lim jazosiga hukm qilingan va qatl ijro etilgan. Ularning ko‘pchiligi o‘ziga nisbatan zo‘ravonlik qilgan erini o‘ldirishda ayblangan.
Eronda amalda bo‘lgan «qasos qonuni»ga ko‘ra, qotillikdan keyin qurbonning oilasi qotilni kechirmasa yoki undan tovon pulini qabul qilmasa, yana bir hayotni olish kerakligini anglatadi. Amaliyotda esa bu oiladagi zo‘ravonlik kabi yumshatuvchi holatlar sud tomonidan e’tiborga olinmasligini anglatadi.
Eronda o‘lim jazosi qo‘llanishini kuzatuvchi, Osloda joylashgan Iran Human Righs nodavlat tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, o‘z erini o‘ldirgani uchun 27 oktyabrda dorga osilgan Syuzan Rezaypurning turmush o‘rtog‘i uning tog‘avachchasi ham bo‘lgan.
Ayol olti yil qamoqda o‘tirdi va qurbonning yaqin qarindoshlari, jumladan, ayolning ona tomonidan tog‘asi uni kechirishga rozi bo‘lmagani uchun qatl etildi.
Sudda Syuzan Rezaypur qotillik sodir etilgan kuni eri qattiq mast holatida bo‘lgani, uni chidab bo‘lmas darajada kaltaklaganini aytgan.
«O‘zimni himoya qilmoqchi bo‘ldim»
«Qatl etilgan ayollar sonining o‘sishi jiddiy xavotir uyg‘otadi», deydi Iran Human Righs direktori Mahmud Amiriy Moghaddam.
Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, faqat shu yilning o‘zida kamida 15 nafar, 2010 yildan beri esa kamida 170 nafar ayol qatl etilgan.
Mahmud Amiriy Moghaddamning aytishicha, «kesas» xalqaro huquqqa mos kelmaydi, chunki sud qotil oilasi ko‘rsatmalarini hisobga olishi kerak bo‘lsa-da, jazo to‘g‘risidagi qaror qabul qilish huquqini qurbonning oilasiga beradi.
Eng shov-shuvli ishlardan biri 26 yoshli Rayhona Jabboriyning qatl etilishi bo‘lgan. Qiz o‘zini zo‘rlashga uringan sobiq razvedka xodimini o‘ldirishda ayblangan. U 2014 yil oktabr oyida dorga osilgan.
Rayhona Jabboriy ayblovga iqror bo‘lish uchun qiynoqqa solinganini aytgan. Jabrlanuvchining oilasi agar u o‘zini himoya qilish uchun harakat qilgani to‘g‘risidagi gaplaridan voz kechmasa, o‘lishi kerakligini ta’kidlagan.
«Eronda ayollarning qatl etilishi sabablarini tushunish uchun aynan partiarxat va diskriminatsiya muhim ahamiyatga ega. Axir ularning ko‘pchiligi o‘zlarini zo‘rlash va kaltaklashdan himoya qilishgan», deydi Parijdagi «Birgalikda o‘lim jazosiga qarshi» nodavlat tashkiloti vakili Juliya Burbon Fernandes.
«Eng zaiflar»
Faollarning so‘zlariga ko‘ra, qotillikda ayblangan ayollarning ko‘pchiligi Eron jamiyatining eng chetda qolgan qatlamlari orasida o‘sgan va yashagan.
«Ular ko‘pincha juda kambag‘al, o‘qimagan, o‘z oilalari esa ulardan voz kechishga tayyor», deydi Vashingtondagi Abdurahmon Borumand markazi ta’sischilaridan biri Royya Borumand.
Markaz ma’lumotlariga ko‘ra, qotillik uchun ayollarning qatl etilishi aksar hollarda oiladagi zo‘ravonlik, erta nikoh, ajralish vaqtidagi nizolar bilan bog‘liq. Ikkinchi sabab – narkotik moddalar bilan bog‘liq ayblovlar.
Huquq himoyachilari 2017 yilda narkotik moddalar bilan bog‘liq jinoyatlar uchun jazo yumshatilgach, qatllar soni kamayganini aytishmoqda. Biroq 2017 yilda statistika yana o‘sa boshladi: narkotik bilan bog‘liq ishlar bo‘yicha yuz nafarga yaqin, xususan, ayollar ham qatl etilgan.
Narkotik moddalar savdosida ayblanib, yaqinda qatl etilganlar orasida 41 yoshli Miriam Xakpur ham bor. Uni 2021 yilning 25 noyabr kuni dorga osishgan. Ayolning turmush o‘rtog‘i ham sudlangan, lekin qatl etilmagan, qamoq jazosi berilgan.
Huquq himoyachilarining fikricha, Eron sud tizimi ayollarni kamsitadi: masalan, jinoiy javobgarlikka tortish yoshi qizlar uchun 9 yosh, o‘g‘il bolalar uchun esa 15 yosh etib belgilangan. Ayollar ko‘rsatmalari erkaklarning so‘zlariga qaraganda kamroq huquqiy ahamiyatga ega.
«O‘lim jazosi - yo‘q»
Hozir qatl etilganlar soni bo‘yicha Eron faqat Xitoydan keyingi ikkinchi o‘rinda. «Birgalikda o‘lim jazosiga qarshi» tashkiloti vakili Juliya Burbon Fernandes xavotirli statistikaga qarshi shuni qayd etadiki, hozirda Eron jamiyatida o‘lim jazosi bekor qilinishiga qarshi faol harakat kuzatilyapti.
Bu eronlik rejissyorlar suratga olgan filmlarda ham o‘z aksini topmoqda: xususan, Fernandes Muhammad Rasulov muallifligidagi «Bu yerda yovuzlik yo‘q» filmini misol tariqasida keltiradi. Unda Erondagi to‘rtta o‘lim jazosi to‘g‘risida hikoya qilinadi. Film 70-Berlin kinofestivalida «Oltin ayiq»ni qo‘lga kiritdi.
Bundan tashqari, Eron ziyolilari vakillari ijtimoiy tarmoqlarda o‘lim jazosi to‘g‘risidagi qonunni nazarda tutgan holda, «Bajarmang» heshtegini yo‘lga qo‘ydi. Mazkur kampaniya nafaqat Eron ichkarisida, balki mamlakat tashqarisida ham keng tarqaldi.
«Statistikaga qaramay, jamiyat o‘lim jazosini qo‘llab-quvvatlamaydi, bu esa rasmiylar pozitsiyasiga keskin ziddir», - deya hisoblaydi Fernandes.
Mavzuga oid
14:15 / 06.11.2024
Eron: Agar Isroil sulhga rozi bo‘lsa, Tehronning javobi o‘zgarishi mumkin
19:40 / 05.11.2024
Eron ikkita sun’iy yo‘ldoshini orbitaga chiqardi
08:50 / 05.11.2024
WSJ: Eron armiya ishtirokida Isroilga «kuchli» hujum tayyorlamoqda
21:37 / 31.10.2024