Jahon | 23:51 / 19.12.2021
12478
2 daqiqa o‘qiladi

Bayden o‘z ma’muriyatiga Rossiyaning Ukrainaga “bostirib kirishi”ning oldini olishni buyurdi - CNN

Foto: Global Look Press

AQSh prezidenti Jo Bayden o‘z ma’muriyatiga Rossiyaning Ukrainaga ehtimoliy bostirib kirishining oldini olish uchun “4 haftalik” muhlat berdi. Bu haqda yuqori mansabdor shaxslarga tayanib CNN telekanali xabar berdi.

Manbaning ta’kidlashicha, Vashington Rossiyaning ehtimoliy harbiy harakatlariga qarshi ishlab chiqayotgan sanksiyalar “tezkor va bosib turuvchi” bo‘lib, Rossiya iqtisodiyoti va moliya tizimiga sezilarli putur yetkazishi mumkin.

Biroq CNN’ning ba’zi manbalari Oq uy ma’muriyati baribir xatolarga yo‘l qo‘ymoqda, Moskva esa AQShning tahdidlarini jiddiy qabul qilmayapti, deb hisoblamoqda. Oq uyning ushbu harakatlari tanqidchilari orasida AQShning Yevropadagi armiyasining sobiq qo‘mondoni general Ben Xojyes bor bo‘lib, u Baydenning Vashington Ukrainaga o‘z kuchlarini yuborishni rejalashtirmayotgani haqidagi bayonotini tanqid ostiga olgan.

“Men hozir AQSh uchun harbiy harakatlar vaqti emasligiga qo‘shilaman. Biroq buni ochiqcha aytishning nima keragi bor? Bu bayonot yon bosishdek ko‘rindi, shundan keyin Kreml o‘z talablarini yanada ko‘paytirdi”, deb aytgan general.

Oxirgi haftalar davomida Ukraina va g‘arb ommaviy axborot vositalarida Rossiya Ukrainaga bostirib kirishga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqidagi xabarlar urchidi. Xususan, Bloomberg axborot agentligi manbalarga tayanib, AQSh razvedkasi Rossiya 2022 yil boshida Ukrainaga bostirib kirishi mumkin va buni uch yo‘nalishdan – Qrim, qit’a va Belarus orqali amalga oshiradi, deb hisoblayotganini ma’lum qilgan.

Mavzuga oid