Jamiyat | 22:59 / 21.12.2021
73786
7 daqiqa o‘qiladi

“Shovotlandiya” kafesiga o‘t qo‘yganlar umrbod ozodlikdan mahrum etildi

Toshkentdagi kafega o‘t qo‘yilishida 5 kishi vafot etgandi.

Voqea tarixi

Foto: FVV matbuot xizmati

27 fevral soat 03:51 da Toshkent shahrining Chilonzor tumanida joylashgan “Shovotlandiya” kafesida yong‘in sodir bo‘layotgani haqida Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi yong‘in-qutqaruv xizmatiga xabar kelib tushgan. Voqea joyiga 4 ta yong‘in o‘chirish bo‘linmalari jalb etilib, soat 04:37 da yong‘in to‘liq o‘chirilgan.

Yong‘in oqibatida kafening tom qismi hamda ichki jihozlari, 150 kvadrat metr maydoni yonib jiddiy zararlangani, shuningdek, qurbonlar borligi aytilgandi. Keyinchalik kafeda yashab ishlagan 5 kishi yong‘inda halok bo‘lgani ma’lum qilindi.

Toshkent shahar prokuraturasi Kun.uz’ga halok bo‘lganlarning eng kichigi 20, eng kattasi 60 yoshda bo‘lganini bildirgandi. Marhumlarning uch nafari ayol, ikki nafari esa erkaklardir. Qayd etilishicha, yong‘inda 1999 yilda tug‘ilgan M.B. (ayol), 1998 yilda tug‘ilgan J.J. (erkak), 1998 yilda tug‘ilgan X.X. (erkak), 1996 yilda tug‘ilgan Sh.A. (ayol) va 1961 yilda tug‘ilgan B.A. (ayol) halok bo‘lgan.

Tezkor tergov harakatlari natijasida yong‘in qasddan sodir etilgani aniqlangan. Kafeni qasddan yoqib yuborgan shaxs bino devorlariga o‘zi bilan olib kelgan idishdagi suyuqlikni sepib, so‘ng yana bir idishdagi suyuqlikni bino ichkarisiga otgan va alanga chiqishini kuzatib, yong‘in sodir bo‘lganidan so‘ng voqea joyini yashirincha tark etgani aniqlangan.

28 fevral kuni Samarqand viloyati Toyloq tumanida yashovchi, muqaddam uch marta sudlangan shaxs ushbu jinoyatni sodir etishda gumonlanib ushlangan. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 173-moddasi 2-qismi «b, v» bandlari (mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani aytilgandi.

“Avtoritet”

Sud jarayonidan eksklyuziv reportaj tayyorlagan “Zamon” informatsion dasturi muxbiri sud hujjatlariga tayanib 36 yoshli sudlanuvchi ilgari tarkibida bir necha uyushgan jinoiy guruhlar mavjud bo‘lgan qurolli jinoiy uyushmani boshqargan va “avtoritet” degan nom chiqarganini ma’lum qildi. Ma’lum bo‘lishicha, u muqaddam sodir etgan jinoyatlari uchun jazo o‘tayotganda 26 yoshli sudlanuvchi bilan tanishib qolgan. 26 yoshli sudlanuvchi qamoqda uning ta’siriga tushib qolgan va uni “boss” deya tan olgan.

26 yoshli sudlanuvchi qamoqdan chiqqach, 36 yoshli sudlanuvchi uni o‘zi ishlab kelayotgan Zangiota tumani “Eshonguzar” qo‘rg‘onidagi choyxonaga ishga oladi. Yosh yigitni o‘ziga moliyaviy jihatdan tobe qilib qo‘ygach unga turli jinoiy topshiriqlarini bajartirib kelgan.

Sud majlisida kafening egasi telefon orqali 36 yoshli sudlanuvchidan yordam so‘rab, “Eddi” laqabli shaxs uning qarindoshidan pulini bo‘lib-bo‘lib berish sharti bilan 5 dona “Iphone 11 Pro” rusumli telefonni olib, muayyan miqdordagi pullarni to‘lagani va qolgan 4000 dollarni bermay yurganligini aytgan. U esa “Eddi” bilan bog‘lanib, unga pullarni berishini tayinlagan hamda yordam so‘ragan shaxsdan buning evaziga 1500 dollarli “Iphone” olib berishini aytgan.

Kafe egasi “avtoritet”ning taklifini rad etgach, sudlanuvchi uni o‘zining choyxonasiga chaqirib, haqoratlaydi. Bunga javoban o‘zini xo‘rlangan deb hisoblagan shaxs “Shovotlandiya” kafesidagi o‘zining ofisiga sudlanuvchini chaqiradi. Ikki o‘rtada o‘zaro mojaro yuzaga keladi va kafe egasi xonadan chiqib ketadi. Tashqarida uni kutib turgan tanishlari esa sudlanuvchi va uning 2 nafar sherigi xonadaligini bilib turib, eshik va oynalarga tosh otishgan.

36 yoshli sudlanuvchi va uning sheriklari voqea joyidan qochishga ulguradi. U 26 yoshli sudlanuvchiga bo‘lgan voqealarni aytib, qasd olish rejasini tuzishadi. Sheriklar “Shovotlandiya” egasi ofisda tunab qolgan vaqtda kafega o‘t qo‘yishga kelishib olishadi.

Umrbod qamoq

Foto: Videodan kadr

21 dekabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tuman sudi raisi Zafar Bobonov boshchiligida ko‘rib chiqilib, sud hukmi o‘qildi. Sud ma’lumotlariga ko‘ra, yong‘in oqibatida «Shovotlandiya» kafesining 644 mln 799 ming 538 so‘mlik binosi hamda undagi 420,4 mln so‘mlik oshxona jihozlari to‘liq yongan.

Sud-tibbiyot ekspertizasining xulosalariga ko‘ra, bino ichida uxlab yotgan 60 yoshli ayol, 23 yoshli ikki nafar yigit, 22 va 25 yoshli ikki nafar qiz is gazidan zaharlanish fonida tananing 100 foiz 3−4 darajali termik kuyishi oqibatida vafot etgan.

Sud hukmi bilan yong‘inga sababchi sifatida gumon qilingan 36 yoshli fuqaro Jinoyat kodeksi 97-moddasi 2-qismining “a, v, d, j, p” bandlari (qasddan odam o‘ldirish), 165-moddasining 1-qismi (tovlamachilik), 173-moddasi 2-qismining “b, v” bandlarida (mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topildi. Unga JKning 59-moddasi 4-qismi tartibida tayinlangan yengilroq jazolarni umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan qoplash orqali uzil-kesil umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Shuningdek, 26 yoshli sudlanuvchi Jinoyat kodeksi 97-moddasi 2-qismining “a, v, d, j, p” bandlari (Qasddan odam o‘ldirish), 173-moddasi 2-qismining “b, v” bandlarida (Mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topildi. Jinoyat kodeksi 59-moddasining 4-qismi tartibida tayinlangan yengilroq jazolarni umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan qoplash orqali uzil-kesil umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Shuningdek, unga JIB Yakkasaroy tuman sudining 2014 yil 11 iyuldagi hukmi bilan tayinlangan jazoning o‘talmagan muddati qo‘shilib, yengilroq jazoni umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan qoplash orqali uzil-kesil umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Sud hukmi e’lon qilingan kundan 20 kun o‘tib kuchga kiradi.

Mavzuga oid