Putinning bu bayonoti Rossiya tashqi ishlar vazirligi uch tomonlama (Rossiya, AQSh va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida) kelishuv loyihasini e’lon qilganidan keyin aytildi. Bu qadamlar ekspertlar hayratiga sabab bo‘ldi. Chunki atrofida muzokaralar ketayotgan mavzuda butun boshli bayonotlar berish diplomatiyaga ziddir.

Keyinroq Putin Rossiya mudofaa vazirligi an’anaviy yillik kollegiyasida NATO sharqqa qarab kengaymasligi bo‘yicha huquqiy kafolat talab qilishini yana bir bor ta’kidlar ekan, baribir g‘arbliklarga ishonib bo‘lmasligini aytdi. Shuningdek, u AQSh bilan kelishuv loyihasini ultimatum deb qabul qilmaslik kerakligini ta’kidladi.

Xo‘sh, Rossiyada NATO kengaymasligi bo‘yicha huquqiy kafolat deganda nimani tushunishadi? Ularning fikricha, sobiq SSSR tarkibiga kirgan hech bir mamlakat alyansga a’zo bo‘lmasligi, bu mamlakatlar hududida harbiy harakatlar olib borilmasligi kerak. Xususan, yuqorida aytilgan kelishuv loyihasida (u shunchaki loyiha, kuchga kirmagan va kuchga kirmasligi deyarli aniq) Ukraina bo‘yicha alohida band bor.

AQSh Davlat departamenti vakili va NATO bosh kotibi bu bo‘ladigan ish emasligi, Ukraina taqdirini mamlakatning o‘zi hal qilishi kerakligini ta’kidlashdi. AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Rossiya bilan muzokaralar bir necha kanallar orqali davom etayotgani, Putin va Bayden o‘rtasidagi navbatdagi uchrashuv hozircha rejalashtirilmaganini aytdi.

«Bu bajarilmasligi aniq bo‘lgan talab»

«Bu harbiy kuch ishlatilishi bilan tahdid qilingan ultimatum», deydi AQSh harbiy-dengiz tahlil markazi rus bo‘limi rahbari Maykl Kofman VVS bilan suhbatda. Uning fikricha, Putinning gaplari, Rossiya TIV bayonoti Ukrainaga qarshi harbiy operatsiya o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rilayotganidan dalolat.

Janob Kofmanning aytishicha, Rossiya bajarilmasligi aniq bo‘lgan talabni ilgari surmoqda. Uning fikricha, yopiq eshiklarda jiddiy muzokaralar ketayotgan bir vaqtda qo‘yilgan bunday talab rad etilishi aniq.

Tramp va Obama vaqtida AQShning Gruziyadagi elchisi bo‘lib ishlagan Ien Kelli ham shunday xavotirda ekanini aytdi: «Davlatlar qandaydir hujjatni chindan muhokama qilishni istasa, uni ochiq manbalarda e’lon qilmaydi. E’lon qilinganining o‘zi hujjatni muzokaraga chaqiruv emas, talabga aylantiradi», deydi sobiq elchi.