“Viloyat rahbarlarining imzosigacha soxtalashtirilgan” - Zoyir Mirzayev yer ajratishdagi qing‘irliklar haqida
Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Zoyir Mirzayev deputatlar va xalqqa murojaatida yer ajratish masalalari, shuningdek, fermerlar tasarrufidagi yer maydonlari noqonuniy ravishda sotib yuborilganiga e’tibor qaratdi.
“Xatlov shuni ko‘rsatdiki, Toshkent viloyatida ayrim maydonlarda yer ko‘p, ayrim hududlarda esa yer yetishmaydi. 3428ta fermer xo‘jaligida yer maydonlari 3058 gektarga ko‘p. Ya’ni fermer xo‘jaligining yeri bor. 50 gektar yerim bor deb aytadi. Borib tepadan o‘lchanganda 55 gektar, 60 gektar chiqyapti. Ya’ni yer ortiqcha.
4523ta holatda esa fermerlarning yerlari 3914 gektarga kam chiqqan. Bu yer sotilgan. Bu yer boshqa odamga berib yuborilgan. Bu bo‘yicha eng ko‘p salbiy holat Pskent va Bekobod tumanlarida aniqlangan. Xususan, Pskent tumanida 260ta xo‘jalikda yer maydoni 1236 gektarga ko‘p chiqqan bo‘lsa, Bekobod tumanida 257ta fermerda 1239 gektar yer yetmayapti. Ya’ni fermer xo‘jaligining konturida turgan yer sotib yuborilgan, bugungi kunda bu yerning egasi boshqa, u yerga uy qurgan, noqonuniy bog‘ qilib olgan”, dedi Zoyir Mirzayev.
Hokim viloyatdagi yer maydonlari raqamlashtirilishi ortida yer ajratish bilan bog‘liq ko‘plab qing‘irliklar fosh bo‘lganini ma’lum qildi.
“Viloyatdagi 902 ta korxona hanuzgacha hokimliklar bilan yer ijara shartnomasi tuzilmasdan faoliyat olib borayotgani aniqlandi. Bundan korxonalar Yangiyo‘l tumanida 216, Qibrayda 375, Toshkent tumanida 109, Piskentda 62 tani tashkil etadi. [Fermerlarning hokimliklar bilan yerdan foydalanish bo‘yicha] ijara shartnomasi bo‘lmagandan keyin nima bo‘ladi? Qaror ham berilmaydi unga, nima ekish ham aytilmaydi. Statistikada ham ko‘rinmaydi.
Ya’ni fermer davlatning tasarrufidagi yerni o‘zining tomorqasiday ishlatyapti, qo‘pol qilib aytsak. Tomorqa boshqa, u sizga umrbod berilgan. Nima ekasiz, qancha daromad qilasiz, o‘zizniki. Lekin bu [ijara shartnomasi tuzilmasdan ishlatib kelinayotgan] yer maydonlari davlatniki. Bunga unday munosabatda bo‘lish kerak emas”, dedi Zoyir Mirzayev.
Viloyat rahbari yerdan foydalanishdagi boshboshdoqliklar oqibatida viloyatda 2021 yilda 1409 ta holatda 263 gektar yer maydoni o‘zboshimchalik bilan egallab olingani, noqonuniy qurilishlarga yo‘l qo‘yilganini ma’lum qildi. Uning aytishicha, 7214 ta holatda konturlar kesimida 8304 gektar maydon bo‘yicha tafovut bor. Ya’ni fermer xo‘jaliklari tasarrufidagi yerlar bilan hujjatlar raqamlar o‘rtasida bir-biriga mos emas.
“Men halol tadbirkorlarni hurmat qilaman. Prezidentimizning topshiriqlariga ko‘ra, ularni qo‘llab-quvvatlaymiz, yonida turib berishga tayyormiz. Mana, shahar-tuman hokimlari eshityapti, xatlovda shunaqangi narsalar chiqyaptiki, tadbirkorlik sub’yekti auksionda yer maydonini yutib olganidan keyin yerga oid hujjatlar soxta bo‘lib chiqyapti. Ochiq aytaman: viloyat rahbarlarining imzosigacha soxtalashtirilgan.
Bitta yo‘nalishga sotvolyapti. Boshqa narsa quryapti. Maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchasi tashkil qilaman, deb sotvolib uy qurib olgan. Hozirgi tizimda hamma narsa bazaga kiritiladi. Bir tomondan hokimning qarori bazaga kiritilyapti. Ikkinchi tomondan yerning haqiqiy holati bazaga kiritilyapti. Mana shu ikkalasini solishtirganda o‘rtadagi tafovut chiqib kelyapti. Hozir bizda yetti mingdan ziyod shunaqa obekt bor.
Men iltimos qilardim, qaysi tadbirkor hali obekti qurilmagan bo‘lsa, qo‘lidagi qarorini bizga olib kelib ko‘rsatsin. Solishtirib ko‘raylik-chi. Ikki-uchta tadbirkor bilan gaplashdim, qo‘lida qaror bor, viloyat hokimligida u qaror yo‘q. Tasavvur qilyapsizmi? Raqamini olib ko‘rsak, bu raqam bilan boshqa hujjat turibdi. Ularga bu qarorlarni kimdir “yasab” bergan. Agar vaqtida buni aniqlamasak, hurmatli tadbirkorlar, sizga jabr qilib qo‘yamiz”, dedi Zoyir Mirzayev.
Hokimning aytishicha, Toshkent viloyatidagi yer maydonlarining 70 foizi raqamlashtirilgani sohadagi muammolarni yuzaga chiqargan. Zoyir Mirzayev qo‘lida yer ajratish to‘g‘risida hokimlik qarori bor, biroq hali ish boshlamagan tadbirkorlardan qurilish boshlash yoki boshqa bir ko‘rinishda ish boshlashdan oldin qo‘lidagi hujjatning haqiqiyligini tekshirib olishga chaqirmoqda.
“Yer maydonlari elektron xaritada oynaday ko‘rinib turibdi. Tadbirkorlik sub’yektlarini tahlil qilsak, yer ajratish haqidagi qarorda unga ikki sotix yer berilgan, tepadan qaralsa, o‘rab olgan joyi 9 sotix chiqyapti. Qarorda 10 sotix yer berilganlar yarim gektar joyni, 5 sotix berilganlar undan ko‘p joyni o‘rab olishgan. Eng yomoni, biz qariyb 13 ming gektar yer maydonidan soliq olmas ekanmiz. Chunki bu yer hisobda yo‘q. Tepadan turib tekshirilganda chiqib kelyapti. Hammasining egasini topganimizdan so‘ng mana shunday holat kelib chiqyapti.
Yana bir karra ta’kidlayman. Kimda agar qaror bo‘lsa, kelsin, bizdagisi bilan solishtirib olaylik. Hujjatingiz qonuniy bo‘lsa, oq yo‘l, marhamat, quravering. Lekin ertaga dasturda bu yer noqonuniy bo‘lib chiqsa, keyin har xil gap-so‘z bo‘lishi kerak emas. Chunki bu yer – O‘zbekiston xalqining boyligi. Tillaga teng yerimiz. Qayer-qayer, Toshkent viloyatining yeri tillaga teng”, dedi Toshkent viloyati rahbari.
Mirzayev o‘z murojaatida aholini qiynayotgan asosiy muammolar – elektr, gaz va ichimlik suv ta’minotidagi kamchiliklarga ham to‘xtaldi.
Shuningdek, Mirzayev Toshkent viloyatidagi mahallalarning birida 88 gektar yer bo‘sh yotgani aniqlangani, endilikda bu yer fuqarolardan olib qo‘yilishini aytdi.
Mavzuga oid
19:57 / 22.11.2024
«Toshkent viloyati suv ta’minoti» AJ mutaxassisi 1,6 ming dollar bilan ushlandi
21:23 / 21.11.2024
Toshkent viloyatida hojatxona uchun qazilgan chuqurga tushib ketgan fuqaro qutqarildi
14:12 / 15.11.2024
Dilshod Sultonov shahar hokimligidan ham ketdi
08:14 / 14.11.2024