O‘zbekiston | 20:03 / 25.12.2021
30862
2 daqiqa o‘qiladi

Talabalar uchun qishki ta’til boshlangani e’lon qilindi

OTM, kollej, litsey va texnikumlarda qishki ta’til boshlanishi 28 dekabrdan 25 dekabrga surildi. Vazirlik izohiga ko‘ra, bu – temiryo‘l va aviachiptalarga 50 foizlik chegirmalar 25 dekabrdan boshlab amal qilishi bilan bog‘liq.

Foto: Kun.uz

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim tizimida qishki ta’tilning boshlanish sanasi o‘zgardi.

Vazirlik axborotiga ko‘ra, talabalarning doimiy yashash joylariga borish va qaytishi uchun ichki temiryo‘l va aviaqatnovlarga chiptalarni maxsus 50 foizli chegirma bilan xarid qilish imtiyozi 25 dekabrdan e’tiboran qo‘llanishi belgilangan.

Shu munosabat bilan, vazirning 25 dekabrdagi 537-sonli buyrug‘iga asosan, oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalari talaba va o‘quvchilari uchun qishki ta’til muddatining boshlanishi ham 25 dekabrga ko‘chirilgan.

Eslatib o‘tamiz, uch kun oldin vazirlik ta’til muddati 28 dekabrdan boshlanib, 10 yanvargacha davom etishini ma’lum qilgandi.

Vazirlikning yangi e’lonida ta’tilning tugash muddati haqida ma’lumot berilmagan. Respublika oliy ta’lim kengashi a’zosi Xushnudbek Xudoyberdiyevning aniqlik kiritishicha, ta’til ertaroq boshlangani bilan uning tugash sanasi o‘zgarmagan.

“Dars jarayonlari 2022 yilning 11 yanvaridan boshlanadi. Demak, boshqacha aytganda, qishki ta’til muddati uzaytirib berildi”, – deya yozdi Xushnudbek Xudoyberdiyev.

Avvalroq OTMlarda kontrakt to‘lash muddati 31 dekabrgacha uzaytirilgandi.

Mavzuga oid