O‘zbekiston | 20:04 / 11.01.2022
17503
5 daqiqa o‘qiladi

Foto: Toshkentda daraxtlarga «suiqasd» uyushtirildi

Yunusobod tumanida niqob taqqan noma’lum shaxslar 4 tup daraxtni kesib tashlashdi. Uchastkani auksionda sotib olgan tadbirkor daraxtlarning ko‘chirilishiga rad javobini bergan ekologlar ustidan shikoyat qilgan.

Foto: Ekologiya qo‘mitasi

10 yanvarga o‘tar kechasi Toshkent shahrining Yunusobod tumani Amir Temur va Chinobod ko‘chalari chorrahasidagi bir necha sotix maydondagi archalarga yana hujum qilindi. O‘zbekiston Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, niqobdagi noma’lum shaxslar 4 tup eldor qarag‘ayini kesib qochgan.

2021 yil dekabrida ham Otchopar mahallasidagi 18 tup daraxtning 10 tupi noma’lum shaxslar tomonidan yarmigacha arralab ketilgandi. Ularning navbatdagi urinishi odamlar arra ovozini eshitib chiqqanidan keyin chala qolgan.

«Yunusobod tumanidagi Amir Temur va Chinobod ko‘chalari chorrahasi yonidagi bir necha sotixlik joyda 18 dona eldor qarag‘ayi yashnab turgandi. Shu yerni auksion orqali qo‘lga kiritgan fuqaro esa bu daraxtlarni boshqa joyga ko‘chirishga ruxsat berishni so‘rab murojaat qilgan. Toshkent shahar Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi bunga rad javobini bergandan keyin turfa o‘yinlar boshlandi.

Dastlab noma’lum kimsalar tomonidan tunda 10 ta daraxt yarmigacha arralab ketildi. Ekologlar esa ushbu daraxtlarni quritmasdan saqlab qolish maqsadida Botanika instituti mutaxassislarini jalb qilgan holda agrotexnik tadbirlarni olib borib, ularni asrab qolish choralarini ko‘rishdi. 

Lekin tabiatga vahshiylik qilishni kasb qilgan kimsalar oradan ma’lum vaqt o‘tgandan keyin qora niqobda yana kechasi shu atrofda paydo bo‘lishadi. 4 ta daraxtni kesib, voqea joyidan qochib qolishadi. Bu yerning egasi J.G. esa ekologlar ustidan huquqni muhofaza qilish organlariga shikoyat yo‘llagan. Nima emish, daraxt ko‘chirilishiga ruxsat berilmagani tufayli uning huquqlari buzilganmish. Sud esa ushbu arizani qanoatlantirishni rad etgan.

Hozirgi kunda mazkur holat bo‘yicha tuzilgan maxsus ishchi guruhi qayd etilgan manzilda batafsil o‘rganish ishlarini o‘tkazib, sodir bo‘lgan holatga qonuniy baho berish uchun to‘plangan hujjatlar Yunusobod tuman prokuraturasiga topshirildi. Tunda daraxtlarga atayin shikast yetkazayotganlarni topish maqsadida ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda rejali tadbirlar amalga oshirilmoqda.

O‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlarning kesilishiga joriy etilgan moratoriy muddatsiz davrga uzaytirilgan vaqtda yuz bergan bu holatni hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi. Qo‘mita rahbariyati huquqbuzarlarga nisbatan tez kunda qat’iy choralar ko‘rilishini izchil nazorat qiladi va bu haqda jamoatchilikka axborot berib boradi», deyiladi qo‘mita xabarida.

Dekabrda 10 tup daraxt kesilgach, ekologlar mutaxassislarni jalb qilgan holda zararlangan daraxtlarni saqlab qolish uchun agrotexnik tadbirlarni amalga oshirgan.

2021 yil aprelida Kun.uz saytida ushbu archazor atrofidagi nizo tafsilotlari yoritilgandi. Unda 30dan ortiq archa shu atrofdagi ko‘p qavatli uylarda yashovchi aholi tomonidan 2010 yilda ekilgani, 2020 yilda bu joyni tadbirkor auksion orqali qo‘lga kiritgani, so‘ng Toshkent shahar hokimining qarori bilan yer unga biriktirib berilgani haqida aytilgandi.

Nizoli hududni sotib olgan tadbirkor Jaloliddin Gaziboyev 115 kv metr bo‘lgan mazkur hududni (qariyb 2 sotixlik daraxtzorning asosiy qismi) 2020 yil yozida auksion orqali 976 million so‘mdan ziyod mablag‘ evaziga sotib olganini aytgan. 

Hujjatlarda yer ofis binosi va novvoyxona qurish uchun taqdim etilgani ko‘rsatilgan.

Uchastkaga tutash ko‘p qavatli uylar aholisi qurilishga qarshi chiqqan. Toshkent shahar Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi daraxtlarni ko‘chirib o‘tkazishni rad etgan.

10 yanvar kuni tunda hodisa joyiga Ekoqo‘mita raisi o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov boshchiligidagi qo‘mita vakillari tashrif buyurgan.

«Har bir nihol davlat muhofazasida ekanligi, tabiatga nisbatan vahshiylarcha munosabatda bo‘layotganlar qonun oldida javob berishi muqarrarligi ta’kidlandi. Poytaxtimizning har bir hududi tun-u kun ekologlarning qat’iy nazorati ostiga olingan bo‘lib, qonun ustuvorligi so‘zsiz ta’minlanishi borasida ishchi guruh tomonidan yana bir bor fikr yuritildi», deyiladi qo‘mita xabarida. 

Mavzuga oid