O‘zbekiston | 09:20 / 16.01.2022
9673
9 daqiqa o‘qiladi

Zamonaviylashayotgan mahalla: u aholiga yaqinlashyaptimi yoki uzoqlashmoqda? - Uchinchi maqola

Azaldan mahalla milliy qadriyatlar, an’ana va urf-odatlar shakllangan va yuzaga kelgan maskan hisoblangan. Bu maskanda ahillik va hamjihatlik, keksalarga hurmat-u yoshlarga izzat, muhtojlarga muruvvat ko‘rsatish kabi ko‘plab ibratli milliy va diniy qadriyatlar hukmron bo‘lgan.

An’analar maskani

Yoshi kattalar yaxshi biladi: mahallaning har bir shaxsga, u kim va qanday lavozimda bo‘lishiga qaramasdan, ta’sir kuchi katta edi. Mahalla bilan, unda shakllangan urf-odatlar bilan hisoblashmaslik mumkin emasdi. Boshqacha aytganda, mahalla urf-odatlar orqali odamlarni boshqarib, ma’lum doirada harakat qilishiga zamin tayyorlardi.

Bu, bir tomondan, aholi, ayniqsa yoshlarning xulq-atvori doimo mahalladoshlar nazoratida bo‘lishini ta’minlashi, o‘zaro munosabatda odob doirasidan chiqilmasligi, har bir ishda yelkadosh bo‘lishligi bilan ulkan ijobiy ahamiyatga ega edi.

Foto: Travelsk.ru

Nima bo‘lganda ham, asrlar davomida rivojlanib kelgan mahalla aholi totuvligini ta’minlashda, an’ana va udumlarni avloddan avlodga yetkazishda muhim o‘rin tutgan. Shu munosabat bilan ayrim hikmatlarga quloq tutaylik:

  • «Mahalla maslahatiga quloq solgan o‘zini idora qiladi, solmaganni esa – birov»;
  • «Yaxshi mahallada begonalardan yig‘ilgan qarindoshlar yashaydi, yomonida esa – qarindoshlardan yig‘ilgan begonalar»;
  • «Mahallaning maslahatin olganning oshidan tosh chiqmaydi, olmaganning avlodidan bosh chiqmaydi».

Nima o‘zgardi?

Mustaqillik yillarida davlat tomonidan mahallaga bo‘lgan e’tibor ancha kuchaydi. Mahallalar o‘zini o‘zi boshqarish organiga aylandi, «xalq vijdoni», «demokratiya darsxonasi» deya e’tirof etilib, ularning faoliyatini tashkil etishga qaratilgan qonunlar, farmonu qarorlar qabul qilindi.

Bularning hammasi mahallalar funksiyasini, bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar mohiyatini o‘zgartirdi.

«Obod va xavfsiz mahalla» tamoyilini joriy etish, oilalar va mahallalardagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish borasida amaliy ishlar qilina boshlandi. Endilikda mahalla hududini obodonlashtirish, ko‘chat o‘tkazish, ko‘kalamzorlashtirish, tozalik va ozodalik tadbirlariga katta e’tibor qaratiladigan bo‘ldi. Joylarda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligi va osoyishtalikni ta’minlash talabi o‘rtaga tashlandi.

Foto: Sputnik.ru

Shuningdek, mahalla zimmasiga aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikdan chiqarish va tadbirkorlikka jalb etish kabi o‘ta muhim ijtimoiy-iqtisodiy vazifalar yuklatildi. Bularning hammasi mahalla fuqarolar yig‘inlari ishining ko‘lami va hajmini ko‘paytirdi hamda xarakterini ancha o‘zgartirdi. 

Aslida, mahalla tizimi ezgu maqsadlarni ko‘zlab yangilana boshlandi, mahalla xodimlari ularning vazifasiga kirmaydigan ishlardan ozod etildi. Masalan, mahalla xodimlari yillar davomida kommunal to‘lovlarni terishda mas’ul, soliq inspektoriga yordamchi, paxta yig‘im-terimi mavsumida brigadirga bo‘ysunuvchi bo‘lib hamda ko‘plab tadbirlarda «fon» sifatida qatnashgan holda bevosita o‘z vazifalaridan uzoqlashgan edi. Endi bunga barham berildi.

Ammo keyingi ikki yilda, yuqorida uqtirilganidek, mahalla fuqarolar yig‘inlari zimmasidagi vazifalar ko‘paydi va barcha ishlar talab darajasida, yuqori samaradorlik bilan bajarildi, deb bo‘lmaydi.

Nega?

Buning qator obektiv va sub’yektiv sabablari mavjud.

Samaradorlik nega past?

Har doim ham yuqoridan yuboriladigan topshiriqlar asosli, har bir mahallaning imkoniyat va xususiyatini hisobga olib jo‘natilgan va belgilangan muddatda bajarilishi mumkin deb aytolmayman. Ayrim topshiriqlarning maqsadini, jamiyatga, aholining aniq qatlamiga qanchalik yordami tegishini anglash mumkin emas. Har qanday topshiriqni zudlik bilan bajarib, suratli hisobot taqdim etish talabi kaminaga avvallari paxta yig‘im-terim davridagi «g‘alaba raportlari»ni eslatadi.

Mana, aniq misollar.

«Temir daftar» shakllana boshlangan davrda bizga mahallada yashovchi fuqarolarning 12–15 foizini ushbu daftarga kiritish vazifasi topshirilgan edi. Yig‘ilishlarda buning sababi shunday tushuntirilgan edi: «Yuqori minbarlarda mamlakatimiz aholisining ana shunchasini qashshoqlar tashkil etishi aytilmoqda, shu sababli «Temir daftarda» ham bu raqam o‘z aksini topishi kerak».

Dastlab ana shu topshiriq asosida mahallamizda tashkil etilgan «Temir daftar»ga 30 nafarga yaqin fuqaroni kiritdik. Ya’ni belgilangan «norma»ni bajarishga harakat qildik. Ro‘yxatga qarasak, undagi odamlarning hammasini ham qashshoq deb bo‘lmaydi. Ayrimlarining turmushi talab darajasida bo‘lmasa ham, ikki qo‘li butun, harakat qilsa pul topib, o‘zi va oilasi yaxshiroq yashashi uchun imkoni bor edi. Ko‘p o‘ylab, «norma»ni bajarmaganligimiz uchun gap eshitsak ham, ro‘yxatimiz haqiqatga yaqin bo‘lsin deb, 20 kishini qoldirdik.

Foto: Nurobod.uz

Ozmi-ko‘pmi, daftardagilarga yordam ko‘rsatildi. Ayniqsa, pandemiyaning eng og‘ir karantin davrida moddiy va pul yordami qator oilalar uchun suv va havodek zarur edi. Ammo ko‘p o‘tmay «Temir daftarda»gilarni undan chiqarish harakati boshlandi. To‘g‘ri, bir umr barchani daftarda ushlab turish mumkin emas. Lekin o‘ta muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan yoki nogironligi sabab to‘shakka mixlanib qolganlarni ro‘yxatdan chiqarish, «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari» bo‘yicha ham 100 foizlik natija ko‘rsatilishidan o‘sha «g‘alaba raportlari»ning hidi kelmayaptimi?

Yana bir misol.

Yil boshida mahallalarga «Yo‘l xaritasi» tayyorlash topshiriladi va 30 sahifadan ortiqroq bo‘lgan namuna yuboriladi. Hujjatda yil davomida bajarilishi lozim bo‘lgan ishlar to‘plangandek, go‘yo. Ammo unda belgilangan vazifalarni amalga oshirish mumkinmi, degan savol hech kimni qiziqtirmaydi va eng asosiysi — o‘sha vazifalar bajarildimi yoki yo‘qmi, bu yog‘i bilan hech kim qiziqmaydi.

Mahalla raislari yangidan saylansa-chi?

Mahalla fuqarolar yig‘inlari zimmasiga yuklatilgan yangi va zalvorli vazifalarni bajarish uchun mahalla xodimlarining malakasi, tajribasi va saviyasi shunga mos bo‘lishi lozim.

Mana, MFY raislarini olaylik.

Ular tizim isloh qilinganidan oldin 2019 yilning may oyida saylangan edilar. Saylovdan oldin besh nafargacha nomzod ko‘rsatish so‘ralgan edi. Tuman (shahar) hokimliklarida tuzilgan komissiya, ko‘p hollarda hokimning o‘zi, ulardan ikki-uch nafari tasdiqlab, nomzodini saylovga kiritgan edi.

Ana shunday «tanlov»dan ko‘p hollarda o‘z fikrini ochiq ayta olishdan hayiqadigan, yig‘ilishlarda jim o‘tiradigan, amaldorlar aytganlarini muhokama qilib o‘tirmasdan so‘zsiz bajaradiganlar o‘tgan edi. Shunday ekan, natija qanday bo‘lishi kerak? Tashabbus qayerdan chiqadi?

Ayrim mahalla fuqarolarining o‘z raislari ustidan shikoyatlarini eshitib, nega unga ovoz berganlarini so‘raganimda, ulardan «nima qilish kerak edi, biz o‘tkazmoqchi bo‘lgan nomzodni hokim tasdiqlamadi, qolgan ikkitadan biroz durustrog‘iga ovoz berdik-da», deb javob olaman.

Shularni hisobga olib, shu yilning may-iyun oylarida mahalla fuqarolar yig‘inlari raislarining saylovini o‘tkazishni taklif etaman. Uch yil ishladik. Raislarni besh yilga saylash tartibi yangi saylovlardan keyin joriy etilsa maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Foto: Nurobod.uz

Nomzodlar xalq dardi bilan yashaydigan, mahalladoshlariga chin dildan ko‘maklashishga tayyor, mahallaning qariyu yoshi hurmat qiladigan, mahalla og‘irini yengil qilishga qodir, qo‘lidan aniq bir ish keladigan insonlar bo‘lsin. Yana shuni inobatga olish lozimki, endilikda kompyuterda ishlashni bilmaydigan, internet bilan do‘stlashmagan, onlayn muloqotdan uzoq bo‘lganlarning rahbar, jumladan MFY raisi bo‘lib ishlashi ancha og‘ir.

Maqolaning avvalida mahalla azaldan an’analar maskani bo‘lganligi uqtirilgan edi. Keyingi davrda uning funksiya va vazifalari sezilarli darajada o‘zgardi. Bu ko‘p asrlik tarixga ega bo‘lgan tizimga qanday ta’sir etganligini qisqacha ko‘rib chiqdik.

An’analar, urf-odatlar, qadriyatlarni saqlab qolish muhimligi hamda mahallalar nomlari «zamonaga mos» bo‘lishiga intilish doim ham o‘zini oqlamasligi haqida alohida maqolada fikr yuritiladi. Demak...

(Davomi bor)

Toshpo‘lat Rahmatullayev,

Samarqand shahar «Bog‘imaydon» MFY raisi, jurnalist

Mavzuga oid