O‘zbekiston | 22:00 / 17.01.2022
22258
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonlik ziyoratchilar uchun umra to‘lovi oshirilganiga izoh berildi

Pandemiya talablari, Saudiya Arabistonida 15 foizlik QQSning joriy qilinishi hamda narx-navo ko‘tarilganligi sababli o‘zbekistonlik umra ziyoratchilari uchun to‘lov miqdori oshirilgan.

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston Musulmonlari idorasi 2020 yil fevral oyiga qadar qilingan umra to‘lovi miqdoriga qo‘shilgan qiymat borasida izoh berdi. Ma’lum qilinishicha, pandemiyaga qadar to‘langan umra to‘lovlariga yana qo‘shimcha to‘lov quyidagi sabablar tufayli qo‘shilgan:

  • koronavirus pandemiyasi tufayli mehmonxonalardagi 4 kishilik xonaga 2 nafar ziyoratchi, 50 o‘rindiqli avtobusga 25 kishi joylashtirish kabi talablar o‘rnatilgan;
  • oziq-ovqat mahsulotlari maxsus qadoqlangan holda tarqatilishi hamda tibbiy xizmat ko‘rsatishda qo‘shimcha shifokorlar va maxsus dori-darmonlar bilan ta’minlash;
  • ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishda ikki yil avvalgi holatga nisbatan narx-navo ko‘tarilishi hamda Saudiya Arabistonida 15 foiz qo‘shimcha qiymat solig‘i ham joriy etilishi tufayli narxlar qimmatlagan.

«Ikkinchi, tabarruk zaminda ziyoratchi har bir daqiqasini g‘animat bilib, faqat toatu ibodatga sarflashi uchun Makka va Madina shaharlarida Ikki Haramga yaqin bo‘lgan mehmonxonalar buyurtma qilindi. Masjidi Nabaviyga yaqin bo‘lgan 5 yulduzli «Pulman zam-zam» va Baytulloh atrofidagi «Jabal Umar» hududida joylashgan 5 yulduzli mehmonxona olindi. Qiyos uchun, oldingi yillarda ziyoratchilarimiz Makka shahrida Haram masjididan chamasi 1, 2 km. bo‘lgan mehmonxonada istiqomat qilishgan», — deyiladi idora bayonotida.

Shuningdek, Musulmonlar idorasi umra safarini tashkil qilish bo‘yicha bir necha shirkat imkoniyatlarini o‘rgangani, ijtimoiy tarmoqlarda muqobil taklif bilan chiqayotgan ba’zi shirkatlar esa umra xizmatini ko‘rsatish uchun yangilangan ruxsatnomaga ega emasligini ma’lum qilgan.

Bayonotda aytilishicha, Haj yoki umra mavsumi to‘lovlari uchun alohida hisob raqam ochilib, sarf-xarajatlar amalga oshiriladi.

«Mablag‘lar bankdagi maxsus hisob raqamda saqlanadi. Mablag‘lardan muborak safarga tegishli yo‘nalishlardan boshqa maqsadda foydalanishga imkoniyat mavjud emas. 2020 yil fevral oyiga qadar umra uchun to‘lov amalga oshirgan, pandemiya sabab borish istagidan qaytgan fuqarolarning murojaatiga asosan to‘lovlari qaytarib berildi. Qolgan fuqarolarning mablag‘lari o‘z ixtiyorlariga ko‘ra, umra hisob raqamida saqlanmoqda», — deyiladi Musulmonlar idorasi bayonotida.

Avvalroq, O‘zbekiston Musulmonlar idorasi 2022 yil 22 yanvar kuni Umra mavsumi ochilishini ma’lum qilgandi.

Birinchi reys bilan pandemiyadan oldin, ya’ni 2020 yil fevral oyi oxiriga qadar umra ziyorati uchun to‘lovlarni amalga oshirib, safarga bora olmagan fuqarolar yuborilishi, lekin ular oxirgi amalga oshirgan to‘lovlaridan tashqari qo‘shimcha ravishda 4 770 000 so‘m mablag‘ to‘lashi ma’lum qilingan edi.

Mavzuga oid