Zararli gazlarni yutishda samarali qurilma - «suyuq daraxt» ishlab chiqildi
Tabiiy resurslarni tejamay sarflash oqibatida global ekologik muammolar yuzaga kela boshladi, Iqlim o‘zgarishlarining asosiy sababi energiya ishlab chiqarish jarayonida atmosferaga katta miqdorda SO2 ajralishidadir.
Hypergiant Industries kompaniyasi injyener-tadqiqotchilari zararli gazlarni yutishda daraxtlardan 400 barobar samaraliroq bo‘lgan biologik reaktor prototipi – “suyuq daraxt”ni yaratdi. Reaktor nafaqat havoni tozalaydi, balki qo‘shimcha tarzda xavfsiz yoqilg‘i ishlab chiqaradi.
90x90x120 sm o‘lchamga ega, uncha katta bo‘lmagan bunday qurilma 300 kvadrat metr maydonda joylashgan daraxtlar o‘ziga yutadigan gazlar miqdori kabi samara ko‘rsatgan. SO2 va N2O’ni yutish borasida boshqa o‘simliklardan samaraliroq hisoblangan Chlorella vulgaris suvo‘tlari joylashgan rezervuar quyosh energiyasi yordamida o‘zini o‘zi ishlatishga zarur bo‘lgan quvvatni ishlab chiqaradi, bu atrof-muhit uchun bezarar.
Olimlar bu qurilmani Yeos deb nomladi. Bunday qurilmalarni shaharning istalgan joyiga o‘rnatish mumkin.
Serbiya poytaxti Belgrad shahri markazida uch oydan beri mana shunga o‘xshash qurilma – “suyuq daraxt” bor. Bu qurilma munitsipalitet binosi qarshisida o‘rnatilgan. Aytilishicha, bu rezervuar ham yuqoridagi reaktor kabi suv, suv o‘tlari va ularning yashashi uchun sharoit yaratadigan tizimdan iborat. Qurilmaning vazifasi - shahar havosini zararli gazlardan tozalash va havoga kislorod chiqarish. Qolaversa, uning dizayni puxta o‘ylangan.
Eos’dan farqli ravishda LIQUID3 nomli bu tizim ikkita katta daraxt yoki 200 kvadrat metr maysaning o‘rnini bosadi. Bu haqda Belgrad universiteti qoshidagi tadqiqotlar instituti vakili, loyiha mualliflaridan biri Ivan Spasoyevich aytib o‘tgan. Qurilma ishlash prinsipi daraxtniki bilan bir xil: daraxt ham, o‘tlar ham, suv o‘tlari ham zararli gazlarni fotosintez yo‘li orqali tozalaydi. Bunday rezervuarlar daraxt ekish va o‘stirishning imkoni bo‘lmagan joylarda o‘rnatiladi.
Suv o‘tlari kosmik fantastikada ekipaj a’zolari hayotiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash vositasi sifatida ko‘riladi. “Suyuq daraxt”ning shahar infratuzilmasi loyihasida qo‘llanayotganiga ko‘p bo‘lmadi. Eos va LIQUID3 – jahondagi ilk bioreaktorlar emas, ehtimol, oxirgisi ham emas, hali bundan-da samaraliroq reaktorlar ixtiro qilinishi haqiqatga yaqin.
Quvonarlisi, insoniyatning aksar qismi tabiatni yo‘q qilayotgan bir paytda ushbu sohada faoliyat yuritib, ekologik holatni yaxshilash ustida ishlayotganlar ham bor.