Go‘sht importiga imtiyoz: salbiy oqibatlar
Go‘sht importiga QQS va boj imtiyozlari yana 4 oyga uzaytirilmoqda. Kun.uz suhbatlashgan mutaxassislar bu chora narxlarni tushirmayotgani, aksincha ichki ishlab chiqaruvchilarga katta zarba bo‘layotganini aytmoqda.
Qaysi imtiyoz haqida gap ketyapti?
2021 yilning 10 oktyabridan 31 dekabrigacha tirik hayvonlar (qoramol va parranda) va ularni so‘yishdan olinadigan mahsulotlar, kartoshka va muzlatilgan baliqni realizatsiya qilish bo‘yicha aylanma, shuningdek, ularni mamlakatga olib kirish qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilingan edi.
2021 yil oxirida bu imtiyozlar muddati yana 4 oyga uzaytirilishi borasida signal yangragach, 2022 yilning 11 yanvarida imtiyozlar muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasida 2-o‘qishda qabul qilindi.
Kun.uz imtiyozlarning birinchi davrida bu chora mahalliy ishlab chiqaruvchilarga zarba bo‘lishi va imtiyozli davr tugaganidan keyin narxlar ko‘tarilishiga olib kelishi borasidagi mulohazalarni yoritgan edi.
QQS imtiyozi uzaytirilishi biznesda yana xavotirlar uyg‘ota boshladi. Endi faqat mahalliy ishlab chiqaruvchilar emas, go‘sht import qiluvchilar ham imtiyozdan foyda yo‘qligini ta’kidlamoqda.
“Narx tushadi, qachonki ichki ishlab chiqaruvchilar uchun ham QQS olib tashlansa”
O‘zbekiston import qilayotgan go‘shtning 82 foizi Belarusdan olib kelinmoqda. Bu mamlakatdan go‘sht olib keladigan tadbirkorlardan birining Kun.uz'ga aytishicha, QQS imtiyozidan faqat O‘zbekistonga go‘sht eksport qiladigan mamlakat foydalanib qoladi.
“Imtiyozlar ichki bozorni arzonlashtirmaydi hech qachon. Imtiyoz qo‘llandi deyishi bilan darrov (O‘zbekistonga) go‘sht eksport qiluvchi davlatlar narxni ko‘taradi. O‘tgan safar (oktyabr-dekabrdagi imtiyozli davrda) xuddi shu holat kuzatildi. Umumiy holatda narx 2-3 so‘m arzonlashgandek bo‘ldi, biroq yana joyiga kelib oldi. Shaxsan men uchun bu imtiyoz kerak emas edi, chunki bu narsadan chet el kombinatlari foydalanib qoladi.
Agar ichki bozordagi ishlab chiqaruvchilar uchun ham QQS olib tashlansa, unda haqiqatan ham narx tushadi. Chunki mendan mahsulot sotib oluvchi ichki bozordagi debitorlar go‘sht olmay qo‘ydi. Qozog‘istondan kirib kelayotgan go‘shtni olishga harakat qilishmoqda. Sababi Belarus go‘shti sifatli bo‘lgani bilan, Belarus va O‘zbekiston o‘rtasida masofa uzoqligi sabab go‘shtning yaroqlilik muddati kamayadi; saqlash muddati 16 kun bo‘lsa, kirib kelishining o‘ziga 10 kun vaqt ketadi. Uni sotishga bizda 5-6 kun vaqt qoladi. Toza havoga olib chiqib qo‘ysak, 1-1,5 kunda go‘sht qorayib qoladi.
QQS imtiyozi olib tashlanmaganda QQS to‘lovchilar QQS bilan zachyotga olishga qiziqib mahsulot olardi”, – deydi tadbirkor.
“Imtiyozlar zararga ishlamoqda”
Soliq maslahatchisi Murod Muhammadjonov ham go‘sht importiga QQS bekor qilinishi narxlarni tushirmagani, aksincha zarar bo‘layotganini aytadi.
Ekspert QQSni ulash koeffitsiyenti haqida bong urilayotgan bir paytda QQS imtiyozini berish zanjirni uzayotganini ta’kidladi. Mutaxassis imtiyoz foyda bermasligi borasida batafsil hisob-kitoblarni e’lon qildi:
“Go‘sht, yog‘, kartoshka mahsulotlari imtiyoz belgilangan tovarlar jumlasiga kiradi. Bu mahsulotlarga imtiyoz berishdan maqsad balki yaxshilik, narxlarni arzonlashtirishdir, lekin amalda bu o‘zini oqladimi, degan masalani ko‘rib chiqsak. Bizning tahlilimizga ko‘ra, QQS bo‘yicha imtiyoz berilishi haqiqatan narxlar oshishiga sabab bo‘ldi.
Go‘sht aholining eng asosiy iste’mol mahsuloti bo‘lgani uchun go‘sht misolida tahlil qilamiz. Boshqa mahsulotlar bo‘yicha ham shu hisoblashni qo‘llash mumkin.
Chorva mollarini yetishtirib, uni go‘sht qilib sotuvchilar yoki to‘g‘ridan to‘g‘ri go‘sht olib kelib sotuvchilar, imtiyoz qo‘llanishidan oldin go‘sht olib kelib qo‘yganlar bor. Ular olib kelgan mahsulot misol uchun 10 million so‘mlik qoramol 15 foiz QQS bilan (1,5 million so‘m) 11,5 mln so‘m bo‘lib turgan bo‘lsa, 500 ming so‘m foyda qilaman degan tadbirkorning mahsuloti 12 mln so‘mga aylanadi. 12 mln so‘mlik qoramolni aholiga go‘sht sifatida tarqatadi va aholi (kilogramiga qanchadan to‘g‘ri kelsa ham) 12 mln so‘mga to‘g‘ri keladigan go‘shtni iste’mol qilib kelayotgandi.
QQS bo‘yicha imtiyoz berildi, nima o‘zgardi? Avval 10 mln so‘m tannarx, 1,5 mln so‘m QQS bilan zachyotda turgan edi, endi o‘sha zachyot summasi tannarxga qo‘shilib ketdi. Ya’ni o‘sha korxona uchun olib kirgandagi 10 mln so‘mlik qoramol 10 mln so‘mligicha qoldi, zachyotda turgan QQS summasi uning tannarxiga qo‘shilib, tannarxning o‘zi 11 mln so‘mga aylandi. Agar o‘sha odam 500 ming foyda qilaman deydigan bo‘lsa, baribir 12 mln so‘mga sotishi kerak bo‘ladi. Aholi yana 12 mln so‘mlik qoramol so‘yilishidan olinadigan go‘shtni o‘sha pulga to‘g‘ri keladigan qiymatda sotib olaveradi.
Ya’ni imtiyoz qo‘llanishi natijasida imtiyoz qo‘llangunga qadar O‘zbekistonda tadbirkorlik qilib turganlar uchun ham, aholi uchun ham hech narsa o‘zgarmadi”, deydi Murod Muhammadjonov.
“Imtiyozlar iste’molchi uchun ham hech narsani o‘zgartirmaydi”
Soliq maslahatchisi imtiyoz qo‘llangandan keyin O‘zbekistonga olib kirish holatlari haqida ham so‘z yuritdi.
“Imtiyoz qo‘llangandan keyin O‘zbekistonga qoramol yoki go‘sht olib kiradiganlar ham 10 mln so‘mga qoramol olib kirdi, hech qanday QQS to‘lamadi, 500 ming so‘m foyda qilaman deydigan bo‘lsa, mahsulot narxi 10,5 mln so‘m aylanadi va uni sotishga tushadi. Bozorda har qanday holatda mahsulot narxini unga bo‘lgan talab va taklif shakllantiradi. 10 mln so‘mlik qoramol olib kirib, 10,5 mln so‘mga sotyapti. Ikkinchi tomonda 12 mln so‘mga sotilmoqda. Shahar aholisida, deylik, 20 tonna go‘shtga ehtiyoj bor, uning 10 tonnasi 12 mln so‘mdan, yana 10 tonnasi 10,5 mln so‘mdan sotilyapti. Tabiiyki, 20 tonna ehtiyojning hammasi 10,5 million so‘mlik (arzon) mahsulotga qarab yuguradi. Talab yuqori bo‘lgan joyda narx qimmatlaydi, endi 10,5 mln so‘mdan olib kelgan odam uni 10,5 mlnga sotmaydi. Talabning yuqoriligiga qarab narx 11-12 mln va undan yuqoriga qarab chiqib ketadi.
Aholiga yetkazib berilgan go‘sht ham imtiyoz qo‘llanilgan paytda 45-50 ming so‘mga tushib ketgan paytlari bo‘ldi, asta-sekin talab yuqoriligining hisobiga bir tomon 12 mln , ikkinchi tomon 10,5 mln so‘mdan sotganda, 12 mlnlik tomonni hech kim sotib olmadi va barcha talab bir tomonga surilib ketganining hisobiga narx yana joyiga kelib oldi. Imtiyoz qo‘llanishi natijasida aholi uchun hech qanday o‘zgarish bo‘lmadi, statistikada imtiyoz bor xolos”.
“Statistikada tadbirkor ixtiyorida shuncha foyda qoldi deyiladi, holbuki tadbirkor hech narsa yutmaydi”
Murod Muhammadjonovning qayd etishicha, berilgan imtiyoz ichki ishlab chiqaruvchilarga taalluqli emasligi sabab bozor muvozanati narxni yana avvalgi holatiga qaytarib qo‘yyapti.
“Ishlab chiqaruvchilar orqali aholiga go‘sht mahsulotlarini yetkazib berishda nima o‘zgardi, hech narsa. Masalan, kolbasa ishlab chiqaruvchi 12 mln so‘mga qoramolni sotib oldi, uning ichida 1 mln 560 ming so‘m QQS zachyotga olinadi. Endi 12 mlnlik qiymatga o‘z foydasini qo‘shdi, va 12,5 mln so‘mga sotaman dedi. Uning ichida QQS taqriban 1 mln 600 ming so‘m chiqadi.
Ya’ni 11 mlnga aylangan qoramolni 12 mlnga chorvador sotdi, 12 mlnlik qoramolni olgan ishlab chiqaruvchi 12,5 mln so‘mga sotib, 400 ming so‘m foyda qildi.
Xuddi shu narsa imtiyoz qo‘llangandan keyin qanaqa tus oladi? Mahsulot tannarxi 10 mln, QQS 1,5 mln so‘m edi, QQS ham mahsulot tannarxining ichiga kirib ketib endi mahsulot tannarxi 11,5 mln so‘mga aylandi. Unga 500 ming so‘m foydasini qo‘yib yana o‘sha chorvador 12 mln so‘mga sotdi.12 mlnga sotib olgan ishlab chiqaruvchi kolbasa ishlab chiqaraman deb, 500 ming so‘mlik qiymatini qo‘ydi. Jami qiymat 12,5 mln so‘mga to‘g‘ri keldi. Chunki kolbasa ishlab chiqaruvchisi QQS to‘lovchisi va u endi zachyotga oladigan hech narsasi bo‘lmagani uchun 12,5 mln so‘mning ustiga 1 mln 600 ming QQSni qo‘shadi-da, mahsulot 14 mln 100 mingga aylanadi. Qoramolning kolbasaga aylangan qiymati imtiyoz qo‘llanishidan oldin 12,5 mln edi, imtiyoz qo‘llanganidan keyin 14 mln 100 ming so‘mga aylandi. Tabiiyki, savol tug‘iladi, imtiyoz qo‘llanishidan maqsad nima edi-yu, natija nima bo‘ldi?
Imtiyoz qo‘llab yengillashtirmoqchi edik, natijada aholi uchun hech narsa o‘zgarmadi, lekin go‘sht mahsulotlari narxi 13 foizga oshdi.
Imtiyoz bilan olib kirilgan holatda ham kolbasa ishlab chiqaruvchilarda 20 tonna go‘shtga ehtiyoj bor, 10 tonna imtiyoz bor, 10 tonna imtiyozsiz. Hamma talab yana imtiyozliga qaratilgandan keyin talab ortadi va narx yana tenglashib qoladi”.
Achinarlisi statistikada tadbirkor ixtiyorida shuncha foyda qoldi deyiladi, holbuki tadbirkor hech narsa yutmaydi.
QQS to‘lovchi korxonalarning QQS to‘lash siklini ulash maqsadida imtiyozdan chiqarib yuborish siyosati ketmoqda, sport sohasi, NNTlar QQS to‘lovchisiga aylantirib yuborishmoqda, maqsad siklni ulash. Go‘sht va QQSdan ozod qilingan boshqa mahsulotlarning ulanmasligi baribir narx-navoning oshishiga olib keladi. Oldin siklni ulash uchun maqsadni aniq qo‘yish kerak. Ulaymizmi yoki yo‘q. Ulaydigan bo‘lsak, hammasini ulaylik. Ertaga statistikalarda achinarli tomoni, shu imtiyoz oqibatida tadbirkor ixtiyorda 1,5 mln so‘m mablag‘ qoldi degan narsa chiqadi. Vaholanki, tadbirkor hech narsa iqtisod qilmagan va bu mahsulot aholi uchun 13 foizga oshib ketgan bo‘ladi”.
“QQS imtiyozi subsidiyalarni ham bekor qildi”
Mutaxassisga ko‘ra, go‘sht importining QQSdan ozod etilishi sohani qo‘llab-quvvatlash uchun ko‘zda tutilgan subsidiyalar effektini pasaytiryapti.
“Chorvachilikka davlat tomonidan subsidiya berilar edi, bir kg go‘sht uchun 2000 so‘m kabi, sut uchun alohida. Subsidiya bo‘yicha chiqqan qarorda QQS to‘lovchilar uchun deb berilgan. Ayni holatda QQSdan ozod qilingani bilan bu korxonalar QQS to‘lovchisi sifatida iqtisodiyotda ishtirok etib turibdi, lekin QQS to‘lamading deb subsidiya berilmayapti. Bu esa QQS tannarxga kirib ketishi hisobiga go‘shtning o‘zining narxi o‘zgarmasligi va go‘sht mahsulotlarining narxi 13 foizga oshib ketishiga olib kelayotgan bo‘lsa, har bir kg ichida davlat tomonidan berilmayotgan subsidiya ham bor”, – deydi soliq maslahatchisi Murod Muhammadjonov.
“Bu – botqoqlik. Yo QQSni go‘sht yetishtirish uchun yem mahsulotlaridan ham oling, yoki QQSni joyiga qo‘ying”
Ijtimoiy tarmoqlarda buxorolik tovuq yetishtiruvchi tadbirkorning QQS imtiyozi natijasida zarar ko‘rgani haqidagi murojaati tarqaldi. U go‘shtga imtiyoz berilib, go‘sht yetishtirish uchun yem mahsulotlariga QQS saqlanib qolayotganiga e’tiroz bildirgan.
“Qaror qabul qiluvchilar, sizlar maktabda o‘qituvchi emassizlar, yoki maktab direktori emassiz. Qarorni chiqarishdan oldin o‘ylamaysizlarmi, butun respublika uchun qaror chiqaryapsizlar, 300-400 maktab o‘quvchisi uchun emas. Go‘shtga qo‘yilgan QQSni olib tashlayapsizlar-u, tovuq go‘shti tayyor bo‘lishidan oldin ishlatiladigan mahsulotlar – soya, shirot, molokolsi, bug‘doyga butun QQSni olib tashlamayapsizlar.
4-5 kun oldin narx yana 200 so‘mga qimmatlashdi, eng yomoni – yem ishlab chiqaruvchi zavodlar “hozirgi sharoitda yemni yana 400 so‘mga qimmat qilishimiz kerak, lekin qanaqa qilib qimmat qilamiz, tadbirkor minusga kirib ketyapti”, demoqda. Yoki bu mahsulotlarga ham QQSni olib tashlanglar, yoki (QQSni joyiga) qaytarib qo‘yinglar. 6 mingta tovuq zavodidan 4 ming dollar zarar bilan chiqdim, mendan ko‘proq boqadiganlar bor – 500 mingtacha, ular qancha zarar qilyapti.
Botqoqlikdan chiqish uchun bir taklif bermoqchiman: yem, bug‘doy, shirot va go‘sht yetishtirish uchun yana nimalar bo‘lsa, go‘shtdan QQSni olib tashladingizmi, bulardan ham QQSni olib tashlang”, deydi tadbirkor.
“Mahalliy ishlab chiqaruvchi uchun “o‘lim”ning boshlanishi”
Jizzax Organic qishloq xo‘jaligi klasteri Kuzatuv kengashi a’zosi Sergey SHCHurov bu boradagi fikrlarini Gazeta.uz bilan o‘rtoqlashgan.
“Chorva mollarini ko‘paytirishda xarajatlarning 80 foizi yem-xashakka to‘g‘ri keladi. Agar yem-xashak va boshqa xarajatlar QQSga tortilsa, lekin sotish bo‘lmasa, bu xarajatlarni kamida 10 foizga oshiradi, chunki barcha QQS ishlab chiqarish tannarxiga kiritilgan.
Import bojlari va QQSning vaqtincha nolga tushirilishi o‘z nomini qadoqda yozib qo‘ygan mahalliy ishlab chiqaruvchi uchun xavfli.
Go‘sht mahsulotlarini yetkazib beruvchilarning uch toifasi mavjud: fermerlar, import qiluvchilar, mahalliy sanoat ishlab chiqarish.
Chakana savdoda go‘sht narxi sezilarli darajada pasaymaganiga qaraganda, “xorijiy ishlab chiqaruvchi – importyor – riteyler” zanjirida marja o‘sishi kuzatilmoqda.
Vaziyatga eksportyor nuqtayi nazaridan qarasangiz, uning pozitsiyasi yanada foydali bo‘ldi. U o‘z davlatidan qo‘shilgan QQSni qaytarib oladi, bundan tashqari, endi uning go‘shti narxi O‘zbekiston QQSning 15 foiziga oshirilmaydi. Ya’ni mahsulot bozorga mahalliy ishlab chiqaruvchidan ko‘ra qulayroq shartlarda kiradi.
Fermerlar uchun hech narsa o‘zgarmadi. Qonun joriy etilishidan oldin bozorda go‘sht sotib olayotganda chekda “15 foiz QQS bilan” qatorini ko‘rgan bo‘lishingiz dargumon. Ko‘proq aytaman – sizga chek berilgan bo‘lishi dargumon.
Mahalliy sanoat ishlab chiqaruvchilari uchun go‘shtni sotish bo‘yicha aylanmaning QQSdan ozod qilinishi “o‘lim”ning boshlanishi hisoblanadi.
Birinchidan, qadoqqa o‘z nomingizni qo‘yganingizda, siz qadoqlashning o‘zi va mahsulot sifatini kafolatlaydigan jarayonlar: yetishtirish, veterinariya xizmati, sanitariya, so‘yish, muzlatkichda saqlash, jo‘natish va hokazo uchun qo‘shimcha xarajatlarga duch kelasiz.
Endi go‘sht ishlab chiqaruvchisini hech kim tanimaydigan, ishlab chiqaruvchining o‘zi esa o‘z mahsulotini bir martalik va nomsiz xaridorga, hatto boshqa davlatdan ham sotadigan zanjirni tasavvur qiling. Bu yerda sifat muhim emas, narx pastroq, lekin bu chegirma iste’molchining sog‘lig‘iga bevosita ta’sir qiladigan chegirmadir.
Oddiy mantiqiy misol: xorijdan keltirilgan go‘sht bizning bozorda qancha sotilayotgani va ishlab chiqarilgan mamlakatda qancha turadi, solishtiring. Aksariyat hollarda u yerda qimmatroq bo‘ladi. Savol tug‘iladi: nega mahsulot o‘z bozoridagi talabga ega emas, balki O‘zbekistonga eksport qilinmoqda? Ko‘pincha bu sifat masalasidir.
Ikkinchidan, chorva mollarini ko‘paytirishda xarajatlarning 80 foizi yem-xashakka to‘g‘ri keladi. Agar yem-xashak va boshqa xarajatlar QQSga tortilsa, lekin sotish bo‘lmasa, bu xarajatlarni kamida 10 foizga oshiradi, chunki barcha QQS ishlab chiqarish tannarxiga kiritilgan.
Uchinchidan, jarayonlar sarmoya talab qiladi. Sifat bilan birgalikda tilga olinishni xohlaydigan ishlab chiqaruvchini tasavvur qiling. Buning uchun u hayvonlarni saqlash, so‘yish va qadoqlash sexlarini qurish, qayta ishlash va tashish uchun uskunalar sotib olishi kerak. Aytaylik, minimal narxlarda xarajat 1 mln AQSh dollarini tashkil etadi. Yuqoridan siz budjetga 150 ming dollar QQS to‘laysiz (biz bojxona to‘lovlarini o‘tkazib yuboramiz) va bu soliq hech qanday tarzda qaytarilmaydi, chunki go‘sht QQSsiz sotiladi.
Ishlab chiqaruvchi mol go‘shtini o‘rtacha 1 kg uchun 60 000 so‘mdan sotadi (narxga kamida +30 foiz qo‘shadigan chakana narxlar bilan adashtirmaslik kerak). Ya’ni ishlab chiqaruvchi 25 tonna go‘sht sotishi kerak. Ko‘rsatilgan investitsiyalar bilan bu – minimal yillik foyda.
QQS stavkasini nolga tenglashtirish import qilinadigan mahsulotlarni ancha raqobatbardosh qiladi, bu esa mahalliy qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari hamda oziq-ovqat sanoati korxonalarining sotish hajmi va moliyaviy ko‘rsatkichlariga ta’sir qiladi. Misol uchun, kolbasa do‘konlari va boshqa korxonalar uchun mahalliy yetkazib beruvchidan go‘sht sotib olish uchun kamroq rag‘bat bor, chunki u tannarxga kiritilgan QQSni o‘z ichiga oladi. Agar korxona import qilinadigan go‘shtga o‘ta olmasa yoki sifati bo‘yicha u mos kelmasa, uning yakuniy mahsuloti import qilinadigan go‘shtga nisbatan qimmatlashadi va raqobatbardoshligi pasayadi.
Ta’kidlash joizki, mahalliy korxonalar ishlab chiqarishni rivojlantirishga sarmoya kiritib, davlatning mavjud bojxona-tarif siyosatini hisobga olgan holda strategik rejalarga ega edi. Asosiy ko‘rsatkichlardagi sezilarli o‘zgarishlar (daromad, EBITDA, sof foyda, rentabellik, ROYe va boshqalar) esa bir necha oydan keyin payqalishiga qaramay, hozirdanoq ushbu biznesga qiziqishning pasayishi, ko‘plab mahalliy ishlab chiqaruvchilarning bankrot bo‘lishiga olib kelishini oldindan aytish qiyin emas.
Bu chora bozor muhitini jiddiy o‘zgartiradi va bu o‘zgarish O‘zbekiston bozorida xavfsiz go‘sht foydasiga bo‘lmaydi”, – deydi Jizzax Organic qishloq xo‘jaligi klasteri Kuzatuv kengashi a’zosi Sergey SHCHurov.
“Mahalliy ishlab chiqaruvchilarni kamsitadi”
Iqtisodchi Yuliy Yusupov QQS imtiyozining birinchi davridayoq bu qaror oqibatlari ijobiy bo‘lishini shubha ostiga olgandi. U bir qancha e’tirozlarni bildirgan.
“1. Hukumatimiz nihoyat (30 yillik sakrashdan so‘ng) narxlarni oshirmaslik buyrug‘ini berishni to‘xtatganidan (ya’ni ularni ma’muriy usullar bilan tartibga solishga urinayotganidan), lekin narxlarni tartibga solish uchun soliq vositalariga o‘tishga urinayotganidan xursandman. Bu oldinga qadam.
2. Nima uchun soliq imtiyozlarini bunday qisqa muddatga (uch oydan kam) joriy etilayotgani juda aniq emas. Bu narxlarni tushirishga yordam berishdan ko‘ra korxonalar va soliq organlarini chalkashtirib yuboradi.
3. “Import va tovar aylanmasi”dan ozod qilish deganda nima nazarda tutilayotgani umuman tushunarli emas va qonun loyihasining asl matnini topa olmadim.
Faqat import qilinadigan mahsulotlar QQSdan ozod qilingani. Ammo bu mutlaqo noto‘g‘ri, chunki u mahalliy ishlab chiqaruvchilarni kamsitadi va iste’molchilarga ham ko‘p yordam bermaydi. Shunga qaramay, bozorda asosan mahalliy go‘sht sotiladi.
Agar biz aylanma, shu jumladan, mahalliy go‘sht haqida gapiradigan bo‘lsak, unda quyidagi savol tug‘iladi: mahalliy go‘sht uchun QQS qaytariladimi (yoki ilgari to‘langan QQSni hisobga olish imkoniyati). Agar "yo‘q" bo‘lsa, savdo oldindan to‘langan (ishlab chiqaruvchilar tomonidan) QQSni tannarxiga qo‘shishga majbur bo‘ladi. Natijada, bu chora mahalliy go‘sht narxiga katta ta’sir ko‘rsatmaydi. Va shunga ko‘ra, mahalliy ishlab chiqaruvchilar import oldida yana kamsitiladi va iste’molchilar katta imtiyozlarga ega bo‘lmaydi”, – deya yozgandi iqtisodchi Yuliy Yusupov.
Madina Ochilova tayyorladi.
Mavzuga oid
12:10
O‘zbekistonda foydalaniladigan suv resurslari 90 foizi qishloq xo‘jaligiga to‘g‘ri kelyapti
11:37
O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida importni 50 foizga qisqartirish rejalashtirilmoqda
21:20 / 19.11.2024
Qishloq xo‘jaligi kooperativlari haqidagi uzoq kutilgan qonun imzolandi. Sohada nima o‘zgaradi?
15:02 / 19.11.2024