2021 yil 10 oktyabrdan 31 dekabrgacha bo‘lgan davrda go‘sht (mol, qo‘y, tovuq), tirik hayvonlar (qoramol va parranda) va ularni so‘yishdan olinadigan mahsulotlar, kartoshka hamda muzlatilgan baliq savdosi va importi QQSdan ozod qilindi.

Qonundan maqsad – ichki bozorda ushbu mahsulotlar narxini barqarorlashtirish. Xo‘sh, bu maqsadga erishilishini kutish mumkinmi?

Bu mahsulotlar narxi oshishi statistikasi qanday?

Davlat statistika qo‘mitasi ma'lumotlariga ko‘ra, yillik nisbatda mol go‘shti 13,8 foizga (o‘tgan yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 22,3 foiz bo‘lgan), qo‘y go‘shti 12,3 foizga (o‘tgan yili 26,8 foiz), baliq mahsulotlari esa 10,9 foizga qimmatlashgan.

O‘tgan 2020 yilda kartoshka narxi 42 foizga oshgandi.

Yuqoridagi qonun aynan mavsumiy omillar sabab narxlari oshish ehtimoli yuqori bo‘lgan ushbu asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlari barqarorligini ta'minlash maqsadi bilan izohlanmoqda.

QQS imtiyozi ijobiy samara beradimi?

Endi vaziyatga boshqa tomondan qarab ko‘ramiz.

Birinchidan, mahalliy ishlab chiqaruvchi yuqorida ko‘rsatilgan mahsulotlar bo‘yicha import tovar bilan kuchli raqobatga kirisha olmaydi. Sabab – narx va xomashyo muammosi. Chetdan ushbu mahsulotlarni import qiluvchilarga imtiyoz berilgan holda, mamlakat ichkarisida xuddi shu mehnat faoliyati bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlarga imtiyozlar berilgani yo‘q.

Masalan, chorva yetishtiruvchi mahalliy fermer asosiy ozuqa mahsulotlarini (omixta yem, sheluxa va h.k.) avvalgi narxlarda xarid qilishni davom ettirishi, yil davomida sodir bo‘lgan qurg‘oqchilik natijasida yem-xashakning kamayishi ta'sirida, uning go‘sht yetishtirishga nisbatan rag‘bati kamayadi.